UEFA: futbol zo‘ravonliklarda qatnashadiganlarning joyi emas

Image copyright EPA

Ovro‘po futbol assotsiatsiyasi rossiyalik va angliyalik futbol ishqibozlarining Marsel o‘yingohidagi harakatini ko‘rib chiqmoqchi. Shanba kuni Angliya-Rossiya o‘yinidan so‘ng ishqibozlar to‘qnashganlar.

UEFA Marseldagi hodisani qoralab, "Futbol bu kabi zo‘ravonliklarda ishtirok etuvchilarning joyi emas", deb aytgan.

Ovro‘po futbol tashkiloti sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarga rossiyalik ishqibozlar mas‘uliyatli ekanini aytib, Rossiyaga qarshi tartibbuzarlik bo‘yicha choralar ko‘rilishini ma‘lum qilgan.

Guvohlarga ko‘ra, 1-1 hisobi bilan tugagan Angliya-Rossiya o‘yinidan keyin rossiyalik futbol ishqibozlari angliyalik muxlislar o‘tirgan joyga qarab yopirilishgan va Angliya bayrog‘ini yirtmoqchi bo‘lganlar. Tribunada olov yoqilganini ham aytishadi ular. Ba‘zilariga ko‘ra, to‘qnashuvlar rossiyalik fanatlar o‘yin tugashiga oz qolganda mushak otganidan keyin boshlanib ketgan. Rossiyalik ishqibozlar to‘siqlarni sakrab o‘tib, raqib tomon muxlislarini ura boshlaganlar.

BBC muxbiri Den Roanning so‘zlariga qaraganda, angliyalik ishqibozlar to‘polonlar boshlangach, vahimada to‘siqlardan sakrab qochishga uringanlar.

Britaniya elchisi to‘qnashuvlardan so‘ng, bir qancha britaniyaliklar kasalxonaga yetkazilganini aytgan. Ba‘zilarining ahvoli og‘ir.

U shuningdek, vaziyatni Frantsiya hukumati bilan birga ko‘rib chiqayotganlarini qayd etgan.

Image copyright AP

Ikki o‘rtada boshlangan to‘polon o‘yingoh xizmatchilarining aralashuvi bilan pasaygan.

Futbol assotsiatsiyasi xavfsizlik xizmatining xodimi o‘nlab musobaqalarda qatnashib, hali bunaqasiga guvoh bo‘lmaganini aytadi.

Rossiya Sport vaziri Vitaliy Mutkoga ko‘ra, angliyalik va rossiyalik ishqibozlar o‘tirgan tribuna maxsus to‘siqlar bilan ajratilmagan. Janob Mutko hodisaga izoh berarkan, jarima to‘lashga to‘g‘ri kelishi mumkin, degan.

Image copyright EPA

"Mening tushunishimcha, UEFAdan bizga jarima bo‘lishi mumkin, o‘zimizni noto‘g‘ri tutdik. Hozir ko‘rib chiqyapmiz, voqeada ishtirok etganlar guruh bo‘lishganmi yoki shunchaki chipta bilan kirganlarmi?"

Ba‘zi britaniyalik jurnalistlar voqea joyidan suratlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylaganlar. Ularning ta‘kidlashicha, qora kiyimdagi bir guruh ruslar zo‘ravonliklarni boshlash uchun ataylab orqa tomondan kirib kelganlar.

Rossiya-Angliya o‘yinidan oldin ham ommaviy janjallar sodir bo‘lgan, kamida 30 kishi jarohat olgan, ikkitasining ahvoli og‘irligi xabar qilingan.

Frantsiya politsiyasi oxirgi ikki kunda futbol ishqibozlarini tinchitish uchun kamida uch marta ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llashiga to‘g‘ri kelgan.

Nitstsa shahrida ham tartibsizliklar yuz bergan, u yerda Shimoliy Irlandiya va Polsha ishqibozlari politsiya bilan to‘qnashgan. Olti kishi jarohatlangan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • ◾TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • ◾Instagram - BBC UZBEK
  • ◾Twitter - BBC UZBEK
  • ◾Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • ◾Facebook - BBC UZBEK
  • ◾Google+ - BBC UZBEK
  • ◾YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • ◾Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring