"Qozoq hujumchilari Suriyadan jihodga da‘vat qilingan"

Image copyright

Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri so‘zlariga ko‘ra, Oqto‘be shahrida qurolli hujumlarni sodir etgan shaxslar bir kvartiraga yig‘ilib jihodga chaqiriq haqidagi diniy va‘zni tinglaganlar, va‘zdan keyin ko‘chaga chiqib qo‘llariga qurol olganlar.

Bunday bayonot bilan Ichki ishlar vaziri Kalmuxanbet Qasimov hisobot uchrashuvi payti chiqqani xabar qilinmoqda.

Vazir aytishicha, hujumlarni sodir etgan islomiy ekstremistlar Suriyadan instruktsiya olganlar.

"Ular(hujumlarni uyushtirganlar)ning hammasi kvartirada yig‘ilgan payti "imom" deb atalmish odam ularga murojaat qilgan, muqaddas "jihod"ni amalga oshirish lozimligini aytgan. Aftidan, Suriyadan bo‘lgan, buni hali tergov isbotlaydi. O‘sha(hujumlarni uyushtirgan) 45 kishidan tirik qolganlari o‘zlariga murojaat bo‘lganini aytishayapti. Ular uni tinglaganlar, muqaddas "jihod"ga chiqish kerak deb aytgan", deb aytgan Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri.

Vazir Kalmuxanbet Qasimov Suriya deganda bu mamlakatning "Islomiy Davlat" nazoratidagi hududini nazarda tutganmi-yo‘qmi, bunga to‘xtalmagan.

Vazir aytishicha, 5 iyun kuni Oqto‘be shahrida 5 tinch fuqaro, 3 harbiy halok bo‘lgan.

Qozoq rasmiylari qurol-yarog‘ do‘konlari va harbiy qismga hujum qilgan 13 kishi o‘ldirilgani haqida xabar tarqatganlar.

Hujumchilardan 9 nafari qo‘lga olingan.

10 iyun kuni gumonlanuvchilardan yana 5 nafari o‘ldirilgani xabar qilindi.

Qidiruv e‘lon qilingan shaxslardan uch nafari 12 iyunda tutilgan.

Yana bir necha kishi qidirilayapti.

Oqto‘be hodisalari Qozog‘iston mustaqilligidan keyingi eng qonli hujumlardan biri bo‘lgan.

Hujumlar uchun mas‘uliyatni biror bir guruh o‘z zimmasiga olib chiqqani yo‘q.

Prezident Nazarboyev hujumlarda "Salafiy" jangarilarni ayblagan.

Qozog‘iston rasmiylari ushbu hujumlar uchun mas‘ul deb ko‘rayotgan shaxs Internetda "Islomiy Davlat"ga xayrixohlik mazmunidagi videoni e‘lon qilgan.

Jangari guruh so‘zchisiniki deb ko‘rilgan va may oyida e‘lon qilingan bu videoda musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyida hujumlarni amalga oshirishga chaqiriq yangragan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq