Germaniya ko‘pxotinlilikka qarshi kurashmoqchi

Image copyright AFP

Germaniya ko‘pxotinlilik yoki voyaga yetmaganlar bilan turmush qurishni tan olmaydi, deb aytdi mamlakat adliya vaziri Heyko Maas.

"Bu yerga kelgan biron kishi o‘z madaniy qadriyatlari yoki diniy qarashlarini bizning qonunlarimizdan ustun qo‘ya olmaydi", - dedi u Bild gazetasiga.

Islom qonunlariga bo‘ysunib yashovchi ba‘zi mamlakatlarda erkaklar to‘rt xotinga uylanishlari mumkin, ammo Germaniyada bir vaqtning o‘zida bittadan ortiq shaxs bilan turmush qurish man etilgan.

Oxirgi vaqtda Germaniya ayniqsa musulmon davlatlardan ko‘plab muhojirlarni qabul qilib olar ekan, ko‘pxotinlilik va voyaga yetmaganlar bilan nikoh qurish borasida xavotirlar yuzaga kelgan.

Germaniyada ko‘pxotinlilik man etilgan bo‘lsa-da, amalda hukumat ularga qarshi kurashmaydi.

Misol uchun, erkak olamdan o‘tganida, uning mulki ikki xotini o‘rtasida bo‘lib olinadi.

Ammo, janob Maas bu kabi tajribaga nuqta qo‘ymoqchi.

"Bu yerda katta bo‘lgani yoki endi kelganiga qaramay, hamma qonunga bo‘ysunishi kerak", - dedi u o‘z intervyusida.

"Ayniqsa, voyaga yetmagan qizlarning majburan erga berilishiga toqat qilib tura olmaymiz", - dedi adliya vaziri.

Bild gazetasi xabar qilishicha, Bavariya shtatining o‘zida 18 yoshga yetmagan qizlar turmushga uzatilganining 550ta holi, 16 yoshga yetmaganlarning esa 161 holi qayd etilgan. Ular yaqinda muhojirlar to‘lqini bilan kirib kelgan qochqinlardir.

Ba‘zi hollarda, yosh qizlar Germaniyaga kelishdan avval allaqachon nikohlangan bo‘lishgan.

Ammo, yaqinda Bamberg shahar mahkamasi Suriya qonunlariga binoan turmush qurgan 15 yoshli qiz va 21 yoshli erkakning nikohini tan olish bo‘yicha qaror chiqargan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring