Qirg‘iziston: "Millatsiz pasport"

Ya‘ni, Qirg‘iziston davlat qayd etish idorasi tomonidan taqdim etilgan yangi pasport nusxasida fuqarolarning millati yozib, ko‘rsatilmaydi.

Unda yozma ravishda keltirilgan ma‘lumotlar faqat insonlarning ism-shariflari, tug‘ilgan sanasi, pasportning amal qilish muddati va sohibining imzosi bilan cheklanadi, xolos.

Qirg‘iziston fuqarolarining millati, yashash joyi, fuqarolik holati va oila a‘zolariga oid ma‘lumotlar esa, pasportga o‘rnatilgan elektron chipdan o‘rin oladi, ya‘ni ochiqcha ko‘zga tashlanmaydi.

Mamlakatda allaqachon katta bahsu munozaralarga sabab bo‘layotgan yangi pasport nusxasi endi idoralararo hay‘atning yig‘inida muhokama etiladi.

Agar, hay‘at a‘zolari tomonidan shu shaklida ma‘qul", deb topilsa, "millat"siz yangi pasport nusxasi yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Buning ortidan lozim ko‘rilgan barcha rasmiyatchiliklar bitgach, shu yil oxirida iste‘molga ham kirishi mumkin bo‘ladi.

Qirg‘izistonda hozir amalda bo‘lgan pasportlar esa, yaroqlilik muddati tugaguncha amal qiladi.

Qirg‘izistonda qirg‘izlardan tashqari, o‘zbek, rus, dungan va uyg‘urlar ham istiqomat qilishadi.

Yangi pasport nusxasida aynan fuqaroning millati bilan bog‘liq "beshinchi qator"ning tushib qolishi shu kunlarda qayta turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarining bosh muhokama mavzusiga aylangan.

Qirg‘izistonlik ayrim internet foydalanuvchilariga ko‘ra, bu – ig‘vogarlikdan o‘zga narsa emas.

Boshqasining nazdida esa, "millati"ning yozma shaklidan voz kechilishi – milliy, madaniy birdamlikni mustahkamlaydi, tinch-totuvlikka xizmat qiladi.

Qirg‘iziston shundoq ham yaqinda qonli milliy nizolarga sahna bo‘lgan.

2010 yil iyun oyida mamlakat janubida o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida kelib chiqqan to‘qnashuvlar yuzlab insonlarning umrlariga zomin bo‘lgan.

Yuz minglab etnik o‘zbeklar esa, o‘z turar-joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishgandi.

Hodisalarni tekshirgan xalqaro komissiya milliy nizodan eng ko‘p jabr ko‘rgan O‘shning ayrim o‘zbeklar yashovchi mahallalarida, "insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan bo‘lishi mumkinligini" aytgan.

Qirg‘iz hukumati esa, "rasmiylar zo‘ravonliklarning oldini olish uchun yetarlicha chora ko‘rishmagani"ga oid tanqidlarni rasman rad qilib chiqqandi.

Yangi pasport nusxasi bilan bog‘liq xavotirlar ham ozmuncha bo‘lmagan bir manzarada faollar mamlakat janubida hanuz millatlararo tanglikning saqlanib qolayotganini aytishadi.

"Millati"ni elektron chipga ko‘chirish tashabbusi bilan 2011 yilda prezident devonining milliy, diniy siyosat va fuqaroviy jamiyat bilan hamkorlik bo‘limi chiqqan.

Bo‘limning Issiq-Ko‘ldagi anjumani chog‘ida yangragan bu taklif hali o‘sha paytdayoq aksariyat ishtirokchilarning xavotirlariga sabab bo‘lgan, ular bu kabi amal millatlararo totuvlikni parchalashga yetaklashi mumkinligini aytishgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq