Putin Alisher Usmonovni taqdirladi

Image copyright interfax.ru

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya prezidenti yana ikki rossiyalik milliarder qatorida Alisher Usmonovni ham "Xayr-saxovati" uchun medali bilan taqdirlashga qaror qilgan.

Prezident Putin allaqachon imzo chekkan farmoyishdan yana Viktor Vekselberg va Aleksey Mordashovlarning ism-shariflari o‘rin olgan.

Rossiya rahbari bu uchovlonning qilgan himmatlarini alohida ta‘kidlab o‘tgan.

"Xayriya va jamoatchilik ishlariga qo‘shgan katta hissalari" uchun ularning bu mukofotga loyiq, deb ko‘rilganliklari aytilgan.

Bu uchovlon Rossiyaning eng boy odamlari yuqori o‘nligiga kiruvchi milliarderlar sanalishadi.

Bundan tashqari, Bloomberg yaqinda jahonning 200 ta eng badavlat insonlari ro‘yxatiga kiritgan 15 ta milliarder safida bo‘lishadi.

Bloomberg Alisher Usmonovning umumiy boyligini $ 11.3 milliard dollarga baholagan va o‘z ro‘yxatida 92-o‘ringa qo‘ygandi.

Amerikaning boshqa bir nufuzli nashri bo‘lgan "Forbs" esa, Alisher Usmonovni shu yil boshida Rossiyaning eng boy uchta milliarderidan bittasi, deb topgandi.

Yilning metsenati

Rossiyaning xuddi shu nomdagi tashkiliy qo‘mitasi o‘tgan yil oxirida asli o‘zbekistonlik milliarderni yilning madaniyat va san‘atga homiylik qiluvchi badavlat odami, deb topgandi.

O‘z qarori sababini izohlarkan, tashkiliy qo‘mita "Madaniyat, ilm-fan va sport" xayriya jamg‘armasi asoschisining ko‘plab loyihalarini alohida qayd etib o‘tgandi.

Ularning sirasida ulug‘ rus shoiri Lermontovning bolaligi kechgan "Tarxani" muzey-qo‘riqxonasining qayta ta‘mirdan chiqarilishi, taniqli rassomlar ijod namunalarining qo‘lga kiritilishi va jamg‘arma tomonidan uyushtirilgan qator ko‘rgazmalarni tilga olgandi.

Bundan tashqari, jamg‘armaning ayrim mashhur teatrlar faoliyatini dastaklash, Rossiya Tinchlik jamg‘armasi bilan hamkorlikda qator taniqli shaxslar xotirasiga haykallar barpo etishda qo‘shgan hissasini ham alohida ta‘kidlab o‘tgandi.

Rossiyaning qator nashrlari, o‘z o‘rnida, Alisher Usmonovning xayriyaparvarlikka oid so‘zlaridan iqtibos keltirishni ham unutishmagandi.

"Xayriyaparvarlik tushunchasini men kabi butun jamiyat uchun ham bir jumlada o‘z ifodasini topadi, u ham bo‘lsa - insonlar yaqinlarini xuddi o‘zlari kabi sevishlari kerak", - deb aytgandi asli o‘zbekistonlik milliarder o‘shanda.

Ushbu mukofotni ta‘sis etishdan maqsad esa, Rossiyadagi muassasa, korxona, tashkilot, jismoniy shaxslarni madaniyat va san‘at sohasida ko‘proq xayriyaparvarlik va homiylik qilishga undash bo‘lgan.

Alisher Usmonov

Image copyright Getty

Janob Usmonov, yillarki, turli xalqaro nufuzli nashrlar tasnifida Rossiya, Britaniya va dunyodagi eng boy odamlardan biri sanalib kelinadi.

Milliarder mobil aloqa, media va internet sohasidan tashqari Angliyaning yetakchi futbol jamoalaridan biri - "Arsenal"ning ham anchagina foiz hissalariga egalik qiladi.

Alisher Usmonov yaqinda amerikalik biolog olim Jeyms Uotsonning Christie's kimoshdi savdosiga qo‘yilgan Nobel mukofoti medalini 4,8 million dollarga sotib olib, katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

Rossiyalik milliarder medalni o‘z sohibiga qaytarishga qaror qilgandi.

Britaniyaning "Independent" gazetasi o‘shanda amerikalik olimning medalini bunchalik yirik bahoda xarid qilib, janob Usmonov o‘ziga xos rekord o‘rnatganini alohida qayd etib o‘tgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu xabar anchagina bahsu munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Bir qancha foydalanuvchilar Usmonov Nobel mukofoti medalini sotib olguncha, o‘sha pullarni Rossiyada yurgan muhojirlarga sarflasa yaxshi emasmi, degan fikrni ham bildirishgandi.

Boshqa birlari shunday saxovatli insonning o‘zbek ekanligidan faxrlanishlari haqida yozishgandi.

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov bundan avval ham ko‘plab xomiylik tadbirlariga bosh qo‘shgan.

Janob Usmonov matbuot xizmati ma‘lumotlariga qaraganda, milliarderning shirkatlari Rossiya va qisman O‘zbekistondagi sport, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat ishlariga 700 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq