"Pulning cho‘g‘i kamaygandan kamaymoqda"

Image copyright Reuters

Bunga Rossiya Markaziy Banki tomonidan e‘lon qilingan so‘nggi ma‘lumotlar dalolat qilgan.

Bankning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga naqd pul o‘tkazmalari o‘tgan ikki yil ichida 3.5, Tojikistonga esa, 6.3 barobariga qisqarib ketgan.

Bundan ikki yil burun ortga qariyb bir milliard dollar yuborgan o‘zbekistonliklar bu yil bor-yo‘g‘i $ 256 million dollar jo‘natishga muvaffaq bo‘lishgan, deydi bank.

So‘nggi ma‘lumotlar Rossiya hali iqtisodiy bo‘hronga botmagan 2014 yilning birinchi choragidan boshlab joriy yilning xuddi shu davriga qadar bo‘lgan muddatni qamrab olgan.

Agar, bankning rasmiy ma‘lumotlariga tayanilsa, xuddi shu oraliqda Rossiyadan sobiq Sho‘ro davlatlariga o‘tkazilayotgan pullar ham qariyb to‘rt baravar kamayib, $3.3 milliard dollardan $ 914 millionga tushib qolgan.

Rossiyada mehnat muhojirligida band fuqarolari ortga yuborayotgan bu kabi mablag‘lar esa, yillarki, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodini tutib kelayotgan asosiy kuch bo‘lgan.

Bu davlatlar hukumatlari va fuqarolari uchun ijtimoiy muhofaza kamari vazifasini ham bajargan.

Orada Rossiyadagi so‘nggi iqtisodiy inqirozning Markaziy Osiyo davlatlariga ta‘siri ozmuncha bo‘lmasligi va uzoqlarga cho‘zilishiga oid baholar ham bir emas, bir necha bor yangragan.

Jumladan, Xalqaro Valyuta jamg‘armasi joriy yilda bu mintaqa davlatlarida yillik iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari 1.2 foizgacha kamayishini bashorat qilgan, bu kabi holat esa, o‘tgan 20 yil davomida kuzatilmagan.

Ukraina ham Rossiyadan fuqarolarining pul o‘tkazmalari kamayib borayotgan uchta sobiq Sho‘ro davlatidan bittasi bo‘lgan.

O‘tgan ikki yil ichida ukrainaliklar ortga yuborayotgan mablag‘lar 4 barobariga kamayib ketgan.

Xuddi shu manzarada Qirg‘iziston fuqarolarining pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq vaziyatning birmuncha yaxshi ekani ham ma‘lum bo‘lgan.

Ular Rossiyadan Qirg‘izistonga yuborayotgan pullar ko‘zda tutilayotgan vaqt oralig‘ida faqat 2.5 barobardan sal ortiqroqqa kamaygan.

Buning sababi esa, Qirg‘izistonning Ovro‘osiyo ittifoqiga a‘zoligi bilan izohlanmoqda.

Ayon bo‘lishicha, ittifoqqa kirgani bois, Qirg‘iziston fuqarolarining Rossiyada ishlash uchun katta pul sarflab, ishlash ruxsatnomasini olishlariga ortiq hojat qolmagan.

Qiyos o‘rnida

Rossiya Markaziy bankining ma‘lumotlaridan hali o‘tgan yildayoq aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bo‘lgani kabi, Rossiyadan O‘zbekistonga ham pul o‘tkazmalari qariyb yarmiga kamaygani ma‘lum bo‘lgandi.

O‘tgan yilning dastlabki olti oyida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining vatanga yuboradigan pullari miqdori 54,7%ga qisqargan va 1 milliard 149 million dollarga tushib qolgandi.

Undan bor-yo‘g‘i bir yil avval esa, bu miqdor 5 yarim milliard dollardan ortiq mablag‘ni tashkil qilgani aytilgandi.

Image copyright RIA Novosti

Tahlilchilarga ko‘ra, pul o‘tkazmalarining kamayib ketishiga rublning qadrsizlanishi bilan birga Rossiyadagi muhojirlik tartibining kuchaytirilishi ham sabab bo‘lgan.

Ayni paytda Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz xorijiy ishchi kuchi oqimining keskin kamayib ketishiga olib kelmagan.

Federal Muhojirlik Xizmati bergan raqamlarga ko‘ra, 2015 yilning ilk choragi oxirida Rossiya hududidagi xorijiy ishchilar soni 10.9 million kishini tashkil etgan.

Bu 2014 yilning shu davriga nisbatan 1.7 foiz ko‘p demakdir.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, hozirda Rossiyada 2.1 million O‘zbekiston fuqarolari bor.

Ammo norasmiy ma‘lumotlarda ularning soni rasman aytilayotganidan ancha ko‘p ekani taxmin etiladi.

Rossiya va Qozog‘istonga ish izlab ketayotganlarni O‘zbekistonda rasman "mavjud noz-ne‘matlarga shukur qilmay, mo‘may pul topish ilinjida chetga ketayotganlar" deb tasvirlashadi.

Qator muhojirlar uyinini tiklab olish, to‘y qilish va yo oilasi uchun doimiy daromad keltiradigan avtomashina sotib olish niyatida Rossiyada ishlashayotganini tan oladilar.

Ammo Rossiya ko‘chalarida og‘ir ishlarni qilayotgan aksar muhojirlarga ko‘ra, ular bor-yo‘g‘i bolalariga non topib berish ilinjida vatanni tashlab kelishgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq