Euro 2016: Yulduzlar ishqibozligi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston Xalq artisti, taniqli san‘atkor Afzal Rafiqovning aytishicha, bu yilgi Ovro‘po chempionatida eng avvalo Rossiyaga ishqibozlik qilmoqchi.

"Shuni aytishim kerakki, men futbolning judayam eski ishqiboziman. Bir paytlar yoshligimda o‘zim ham futbol sektsiyasiga qatnashganman. "Spartak" degan uyushmada. To‘lagan Ishoqov degan futbolchilar bo‘lardi. O‘shalar bilan birga to‘p surardik bir paytlar...Shu bois ham futbol bo‘yicha Ovro‘po birinchiligi bo‘ladimi yoki jahon chempionati, nihoyatda qiziqish bilan kutaman. Endi, xususan, bu yilgi Ovro‘po chempionati haqida gapiradigan bo‘lsam, O‘zbekiston Ovro‘poda joylashmaganiga afsus chekkan holda, endi, biz o‘rganganmiz, yoshimiz anchaga borib qoldi, shu bois, albatta, birinchi navbatda Rossiya milliy terma jamoasiga ishqibozlik qilaman", - deydi suhbatdoshimiz.

Ammo, xuddi shu o‘rinda, Afzal aka Rafiqov ispanlarga ham tan berishini yashirolmaydi.

"Hozir Ovro‘poning futbolini oladigan bo‘lsak, ayniqsa klublari, jamoalarini, Ispaniya futbolidan kuchligi yo‘qqa o‘xshab qoldi", - deya so‘zlarida davom etadi taniqli aktyor.

Rossiya milliy terma jamoasi esa, guruh bosqich saralash bellashuvlarining Slovakiyaga qarshi 2-tur uchrashuvini boy berdi.

O‘yinda hisobni Slovakiya ochdi. Birinchi bo‘limning 32-daqiqasida Vayss jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

Oradan bor-yo‘g‘i 13 daqiqa o‘tib, Gamshik hisobni 0:2 ga yetkazdi.

Image copyright AFP

Rossiya milliy terma jamoasi esa, faqat Lilldagi o‘yinning so‘nggi daqiqalariga kelibgina, hisobni bittaga qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.

Glushakov 80-daqiqada raqiblari darvozasini va nihoyat zabt etishga muvaffaq bo‘ldi.

Bugun yana Ruminiya-Shveysariya(17:00 bv) va mezbon Frantsiya-Albaniya(20:00 bv) ham o‘zlarining 2-tur uchrashuvlarini o‘tkazishadi.

Rossiyaning guruhdagi so‘nggi 3-tur uchrashuvi 20 iyun kuniga rejalangan.

Jamoa guruhdagi yakuniy uchrashuvida Uelsga qarshi maydonga tushadi.

Rossiya Angliyaga qarshi guruhdagi ilk uchrashuvida 1:1 durang natijasini qayd etgan.

Ikkita o‘yin ortidan hisobidagi bir ochko bilan o‘zi tushgan "B" guruhida hozir Uels, Slovakiyadan keyin Angliya bilan birga uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

Ammo Angliya bitta o‘yin kam o‘tkazgan.

Bu jamoa o‘zining guruhdagi 2-tur uchrashuvini ertaga 16 iyun kuni Uelsga qarshi o‘tkazadi.

Image copyright PA

Ammo Rossiya milliy terma jamoasining bugungi uchrashuvi Ovro‘po Futbol Uyushmasining jiddiy va yakuniy tahdidi ostida bo‘lib o‘tadi.

Agar, rossiyalik ishqibozlar qayta zo‘ravonliklarga qo‘l urgudek bo‘lishsa, jamoa bu yilgi Ovro‘po chempionatidan chetlatiladi.

UEFAning bu qaroriga Angliya-Rossiya uchrashuvi arafasida va ortidan Marselda kelib chiqqan va o‘nlab kishilarning tan jarohati olishi bilan yakun topgan bir necha kunlik zo‘ravon to‘qnashuvlar sabab bo‘lgan.

Ovro‘polik futbol mas‘ullari bu kabi zo‘ravonlik chempionat tarixida kuzatilmaganini e‘tirof etish darajasiga borishgandi.

To‘qnashuvlar bilan aloqadorlikdan o‘nlab ishqibozlar hibsga olingan, ulardan ayrimlariga qarshi allaqachon jazo choralari ko‘rilgan, Rossiya tomoni zo‘ravonliklarga hech bir aloqasi bo‘lmaganini iddao qilayotgan o‘ttizga yaqin rossiyalik Frantsiyadan chiqarib ham yuborilgan.

Eng so‘nggida taniqli aktyor suhbatdoshimiz Afzal aka Rafiqov bu yilgi Ovro‘po chempionati o‘yinlarini ham uyda, yolg‘iz o‘zlari bo‘lib tomosha qilishlarini aytadi.

"Bizda nihoyatda kech beriladi. Salqin tushadi. Og‘izlar "ochiladi". Odam sal orom oladi. Shu bois, mening nazarimda, o‘zbekistonliklar joni-dili bilan shu chempionatni tomosha qilishsa kerak", - deydi suhbatdoshimiz.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring