"Zino" uchun jazolangan ayol vataniga qaytdi

Image copyright

Qatar mahkamasi "nikohdan tashqari jinsiy aloqada bo‘ldi" deb bir yillik shartli jazo belgilagan golland ayol vatani Niderlandiyaga qaytib borgan.

Doxadagi mahkama 13 iyun kuni ismi-sharifini e‘lon qilish ma‘qul ko‘rilmayotgan 22 yashar gollandiyalik ayolni "nikohdan tashqari jinsiy aloqada bo‘lish"da aybdor deb topgan va shartli jazo tayinlagan hamda 824 AQSh dollariga teng jarimaga ham solgan edi.

Shuningdek, mahkama hukmidan ayolni Qatardan badarg‘a qilish qarori ham o‘rin olgan edi.

Aslida hodisaning 3 oy oldin ro‘y bergani aytilmoqda.

Gollandiyadan Qatarga dam olish uchun borgan ayol politsiyaga o‘zining jinsiy zo‘rlangani haqidagi shikoyati bilan murojaat qilgan.

Politsiya esa ayolning o‘zini qamab qo‘ygan.

Shu vaqtgacha buni sir tutib kelgan oilasi a‘zolari mahkama hukmi arafasida hodisa tafsilotini oshkor etishga qaror berdilar.

Mahkama ayol jinsiy zo‘rlaganini aytib shikoyat qilgan erkakka 100 darra urish jazosini tayinlagan.

Spirtli ichimlik iste‘mol qilgani uchun erkakka yana 40 darra qo‘shilgan.

Ayol tunda o‘zining ichimligiga bir narsa qo‘shib berishganini, hech narsani eslolmasligini aytgan.

Tongda o‘ziga noma‘lum uyda uyqudan uyg‘onganini va jinsiy zo‘rlanganini bilib qolganini aytgan.

Darra urilgan erkak esa jinsiy aloqa ikki tomon roziligi bilan yuz berdi, degan.

Qatarda nikohdan tashqari jinsiy munosabat - "zino" uchun 2004 yildan beri o‘nlab insonlar jazolangan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq