"Korimiz shundan iborat..." Qodiriyga o‘xshatma

Image copyright NAS Why

Shu kunlarda Abdulla Qodiriyning "Mushtum" jurnalidagi hajviy ijodi namunalarini yana bir o‘qib chiqish mavridi bo‘ldi.

Afsuski, Qodiriyning o‘sha yillari Julqunboy, Ovsar, Shilg‘ay, Dumbul va boshqa taxalluslar ostida bitgan barcha asarlarining ham nusxalari saqlanib qolmagan.

BBC mushtariylaridan biri tahririyatimizga maktub yo‘lladi va "Qodiriy bobomiz bugungi hodisalarga qanday qaragan bo‘lardilar", degan savolni qo‘ydi.

"Korimiz shundan iborat ..."

(Qodiriyga o‘xshatma)

Hurriyat istagi ila yong‘on va mustabidliq zulmidan bezib, xo‘rlang‘on xalqining asriy orzulari, talablarig‘a hamohang qalb g‘ussasini qog‘ozg‘a ko‘churib, xoma(qalam) yo‘ng‘on va so‘z quroli birla maydong‘a tushib, rostlik yalovini yuksak tutkan va bu sharaflik yo‘lda boshini qatlg‘a qo‘yg‘on bobomiz so‘zicha:

"Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar..."

"Shunga ko‘ra mavzu‘ni moziydan, yaqin o‘tkan kunlardan, tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo‘lg‘an" Istalin qatag‘onining qurbonlarini eslatib turg‘uvchi jumlalardan boshlag‘anim bejiz ermas...

Ulug‘ ajdodimiz Abdulla Qodiriy ta‘birlari ila so‘zlasak: "...boshqalarning xizmati daftar bilan sobit bo‘lsa, mening xizmatlarim matbuot bilan ravshandir..."

Ziyoli qatlamning fikri azaldan qalam birla namoyon bo‘lib, minbari matbuot bo‘lg‘on. Ammo bugun haq so‘zni so‘ylaydurg‘onlar uchun davriy-mahalliy matbuotimizning eshiklari berkdur...

Xalqimizning tom ma‘nodagi hurriyatni qo‘lg‘a kiritish uchun boshlag‘an olamshumul ishi bir talay kamchiliklardan holi bo‘lmag‘oni holda-da fidoyi, millatparvar eldoshlarimiz sa‘y-harakatlari evazig‘a MUSTAQIL DAVLAT, MUSTAQIL MAMLAKAT degan nomg‘a erishdik!

Ammo mustaqil millat, mustaqil xalq bo‘la oldikmu?

Fikriy mustaqillik, hurlikning tub mohiyatig‘a yeta oldikmu?

Afsus, yo‘q...

Chunki, avval boshdan hukumat har ishini, har rejasini xalqdan xilvat tutub, yopuq eshiklar ortida hal etaverg‘onidan saroy darbozalari darbandlanib, xalq va hukumat orasindag‘i devor borg‘an sari qalinlashib, zichlanib bordi. Bugunimizg‘a kelib, saroyg‘a el arzu dodi bitilg‘on xatlar tugul xas ham kiritib bo‘lmay qoldi... Mulozimlar mamlakat, xalq taqdirini o‘ylash, ular uchun qayg‘urish o‘rnig‘a o‘zi va oilasining karmoni g‘amini chektilar. Qariyb o‘ttiz ikki millionli O‘ZBEKISTON atalmish mamlakat kemasi yolg‘on va‘dalar po‘rtanasi uzra suzdirila-suzdirila, sarobdan so‘z ochib turg‘on umidsizliq sahrosig‘a olib chiqib qo‘yildi...

VATAN, MILLAT, O‘ZLIK otlig‘ buyuk tushunchalarga daxldor deb tushunilg‘on barcha jabhalarda tomirlarimizni qirqishqa shiddat ko‘rsatildi. Ma‘naviyatimiz tushkun, iqtisodimiz undan-da tushkun holg‘a keldi.

Keyingi sanalarda aksar oilalarning nihoyatda qashshoq kun kechirayotqani vajhidan hatto o‘n-o‘n ikki yoshli jujuqlar ilm olmoq o‘rnig‘a bozorlarda "po‘sh-po‘sh"lab arobalar surmoqqa, hammollik qilmoqqa majbur bo‘ldilar. Yozuv-chizuv bilaturg‘onlari ham yo‘qsullikdan oliy ta‘lim dargohlaridan noumid bo‘lub qayttilar. Boisi, haryonda ta‘ma birla boqquvchilar cho‘g‘ olg‘on...

Shu miyonalarda bozorlarda kiyim-kechak, yemak-ichmak narxlari o‘rlab ketdi.

Gazetlarning matnig‘a boqsang‘iz, uyum-uyum so‘zlaridan bir ma‘no chiqmas. Ma‘noni ichg‘a yutib, ichikkanlardan esa, so‘z chiqmas, sas chiqmas... Shundoq g‘aroyib pallada dilbuzorlaru radiyolarning diydiyosi - shiori bundog‘dur:

"Korimiz shundan iborat bo‘ldi ushbu vaqtda,O‘ntadin bedona boqib yozu qish sayrotamiz..."
Image copyright NAS Why

Har tashkilotning sarkotiblig‘iga saylanmish kishilardan saralab olinadurg‘an bu "bedona"larning oinai jahondag‘i yozu-qish sayroshi-yu javroshidan xalqning kosasi oqarub, aqlig‘a aql qo‘shilayotqon bo‘lsa, o‘lay agar...

"Necha chog‘lar bo‘lubdurkim, qochibmiz biz taraqqiydin,

Bu kun bir iltifot birlan bu yo‘lg‘a bir guzor o‘lsun", -

deya ikki og‘iz to‘g‘ri so‘zni so‘ylamakka jazm etmish eldoshlarimizni go‘rdan olib go‘rga solish odat tusig‘a kirdi. Ya‘nikim,

"O‘rtadan chiqsa agar millatni yaxshi suyguchi,Biz ani dahriy sanab, to‘fangcha birla otamiz..."

Chorak asr oralig‘inda takomulg‘a yuz tutmoq o‘rnig‘a mamlakat har jabhada oqsoqliqqa, qoloqliqqa, hijolatliqqa, besamarliqqa yuz tutdi. Haqdin so‘z ochg‘onlarg‘a fanoning siroti qurildi. Vatan sahni johillarg‘a jannat-u oqillarg‘a jahannam bo‘ldi...

Hama boyonlar el mulkini talab, xorijlardan qimmat qasrlar sotib olmoq o‘rnig‘a kumush-oltunni ayashmay, dorilfununlar solsalar erdi, millat bolalarining har biri alarni duo aylab, tahsili ulumlar qilib, funung‘a yaxshi yor o‘lur erdi.

Jami‘atlar ochib, inoyatlar yig‘moq uchun yatim va bechoralarg‘a mador o‘lsalar erdi, savob sohibi bo‘lub, izzat topurlardi. Ammo a‘yonlar xalq naf‘ini ko‘zlab, insoniyliq sharafig‘a erishmoqni xush ko‘rmadilar. Yolg‘on-yashiqlar birla el ko‘zini bo‘yag‘onliqdan o‘z-o‘zlarini nafratg‘a muvofiq ettilar. Shul boisdin ertakdagi yolg‘onchi cho‘pondan ne farqlari qoldi alarning?...

Magar mashg‘uliyatlari ma‘rifat ummonidan duru javohirlar terib, shijoat va adolat ila boshqariladurg‘on bir davlat qurish bo‘lsaydi, elning ko‘zi ochuq insonlarini Istalin davridagidan battar qatag‘on qilib, xalqning sho‘rini quritmasdilar...

Xalq ko‘p nimarsalarg‘a sabr qildi...

Ammo... har nening intihosi bo‘lg‘ani yanglig‘ chidamning ham so‘ngi bor!

Ko‘z yumg‘onimiz - ba‘zi xatolar, biz avf etmish kundan boshlab ulg‘ayib ketdi...

Endi ular xato ermas, xiyonatqa aylandi...

Xiyonatkim, odmig‘ina - bir odamning ikkinchisig‘a arzimas nimarsa ustida qilaturg‘on xiyonati emas, bil‘aks, yurt peshvolari - hukumatining o‘z xalqig‘a, o‘z millati haqqig‘a xiyonatidir! Gapni lo‘nda qilib aytg‘onda, hukumatning aksar mulozimlari yillardan beri "XALQIM" deb emas, bil‘aks "XALQUM" deb yashab kelg‘oni kunday ravshan bo‘ldi-qoldi.

Bu ochiq va achchiq xiyonatni his etarak, qalb xitobqa kelur erkan, bir misra xayolg‘a bot-bot bostirib kelaberadir:

"Xatolarni kechirsa bo‘lur, sen xato emassan, xiyonat!.."

Maydong‘a kelgan salbiy ishlar, xato-yu xiyonatlarni birma-bir sanab o‘ltirishim uzoqqa cho‘ziladurg‘on bo‘lg‘onliqdin yaqinda bo‘lg‘on bir voqe‘g‘a to‘xtalish birlan kifoyalanadurmen.

O‘zbekiston prezidenti Kreml safarinda: "Bir tilda gaplashsak, bir-birimizga yanada yaqin bo‘lamiz. Men Puting‘a inonaman, Rusiyag‘a inonaman, hama nimarsani shu gapimda aytib bo‘ldim, jo‘rnolislar buni qanday tahlil qilsalar, qilaversinlar", - degang‘a o‘xshash g‘alati bir ishoratlar qildi.

Ajabo, o‘zbek tili - Ona tilimizg‘a Davlat maqomining berilmog‘i uchun kurashib, umrini, hayotini baxshida etkan insonlarg‘a va xalqimizg‘a qattiq bepisandlik etilmadimi bu koru holda? Zotan, davlat maqomi berilsa-da shuncha yillardan beri ona tilimizg‘a e‘tibor va ehtirom ko‘rsatilmay, hanuz eng muhim hujjatlar o‘rus tilinda yuritilib kelinayotkanlig‘idan hayratda va hasratda erdik shundoq ham...

Xalqning hohish-irodasi, tili, qadriyatlari, hurriyat uchun jon olib, jon berishqanlig‘i sariq chaqalik qiymatga ega emasmu?...

XXI-asr Dumbuli.
  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring