Ingliz millatvakili qurolli hujumda o‘ldirildi

Image copyright Reuters
Image caption Jo Koks Britaniya muhojirlarga eshiklarini ochishi kerakligini aytgan

Britaniya parlamentining quyi palatasi a‘zosi Jo Koks o‘z saylov hududi Berstalldagi qurolli hujum natijasida o‘ldirilgan.

Politsiyaning bildirishicha, hujum deputat har hafta saylovchilarni qabul qiladigan bino yonida sodir bo‘lgan.

Hodisada 77 yoshli yana bir kishi jabr ko‘rgan, ammo shifokorlarga ko‘ra, uning hayoti xavf ostida emas.

Hujumga aloqadorlikda 52 yoshli erkakning hibsga olingani ma‘lum qilingan.

41 yoshli Jo Koks Britaniya parlamentining oxirgi chorak asrda o‘ldirilgan birinchi amaldagi millatvakili bo‘lgan.

1990 yilda Konservatorlar partiyasining a‘zosi Ien Gou shimoliy irlandiyalik terrorchi guruhlar tomonidan sodir etilgan hujumlarning so‘nggi qurboni bo‘lgan edi.

G‘arbiy Yorkshir politsiyasining bildirishicha, tergov jarayoni boshlangan va ko‘plab guvohlarning so‘roq qilinishi kutilmoqda.

Image copyright Reuters

Hozirda tergovning asosiy maqsadlaridan biri qotillikka nima undaganini aniqlash.

Millatvakilining o‘limi munosabati bilan Britaniyaning Ovro‘po Ittifoqidan chiqishi to‘g‘risidagi referendum arafasida tarafdor va qarshi bo‘lganlarning targ‘ibot kampaniyalari to‘xtatilgan.

Shafqatsiz va dahshatli

Hodisaga shohid bo‘lgan mahalliy qahvaxona egasi Klark Rotuellning aytishicha, xuddi "shar yorilishi kabi paqillash" ovozini eshitgan.

"O‘sha tarafga qaraganimda, oq beysbol kepkasi kiygan va qo‘lida quroli bor 50 yoshlar chamasi bir erkakni ko‘rdim. Quroli eskiga o‘xshardi".

"U ayolga qarata o‘q uzdi, ayol yerga yiqildi, keyin yana bir marta otdi va ustiga egilib, yuziga yana bir marta o‘q uzdi", -deb aytgan shohid.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kimdir o‘q uzgan odamni ushlamoqchi bo‘lgan payt u yonidan pichoq chiqarib, unga hujum qila ketgan.

"Odamlar baqirib, qochishardi", - degan Rotuel.

Hamdardlik

Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron Jo Kosning o‘limini fojia deb atagan va marhumaning yaqinlariga ta‘ziya izhor qilgan.

Leyboristlar partiyasi rahbari Jeremi Korbin hodisadan larzaga kelganini aytgan.

Image copyright Getty
Image caption Politsiya 52 yoshli erkakni hibsga olgan

Koksning o‘limi Britaniya tashqarisida ham aks-sado bergan.

Demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga nomzod Hillari Klinton qotillikni "shafqatsiz va dahshatli" deb atagan.

Turmush o‘rtog‘i ikki farzandning onasi bo‘lgan Jo Koks dunyoda yaxshilik uchun kurashganini aytgan.

Jo Koks britan parlamentiga 2015 yilda saylangan edi.

Kembrij universitetini bitirgan va Oxfam yordam tashkilotida ishlagan Koks suriyalik qochqinlarga yordam va Afrikaga xayriya masalalarida faol bo‘lgan.

U Britaniya muhojirlarga o‘z eshiklarini ochishi kerakligini aytgan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq