"Gey huquqlarini ko‘targan jurnalistlar haydalsin!"

Qirg‘izistondagi Jamoat teleradio korporatsiyasining kuzatuv kengashi KTRK kanalidan jinsiy ozchiliklar vakillarining huquqlariga bag‘ishlangan teleko‘rsatuvni tayyorlagan jurnalistlarni ishdan haydashni tavsiya etgan.

Oxirgi oylarda hamjinsbozlar mavzusi Qirg‘izistonda qizg‘in muhokamalarga olib kelayotgan mavzuga aylanmoqda.

So‘z erkinligi barcha uchun teng ta‘minlanishi lozim degan qarashdagi jurnalistlar Qirg‘izistondagi hamjinsbozlar muammolarini ham ommaviy axborot vositalarida yoritishga harakat qilmoqdalar.

Hamjinsbozlik ko‘rinishiga qarshilar esa axborot agentligi yoki telekanallarni LGBT-(Lesbiyan, Gey, Biseksual va Transgenderlar) harakatini targ‘ib qilishda ayblamoqdalar.

Jinsiy ozchiliklar huquqlariga bag‘ishlangan teleko‘rsatuv KTRK telekanalida 12 may kuni efirga uzatilgan.

Poytaxt Bishkekda bu ko‘rsatuvga qarshi yurish uyushtirilgan, tashkilotchilar Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalarida hamjinsbozlarning mavzusini taqiqlashni talab qilganlar.

Namoyishchilar KTRKning "Oy Ordo" dasturini olib borgan Aygul Qurmanovaning ishdan chetlatilishini talab qilganlar.

Ularga ko‘ra, dasturning "Toqatlilik yoki diniy qadriyatlar?" deb nomlangan soni "buzuqlik va hamjinsbozlik kabi axloqqa zid qadriyatlarni targ‘ib qilgan".

Milliy filarmoniya binosi qarshisida boshlangan namoyish ishtirokchilari Qirg‘iziston teleradiokompaniyasi binosiga qadar yurib borishgan.

Namoyishchilar qo‘llarida "Axloqsizlarga Qirg‘izistonda o‘rin yo‘q", "Hamjinsbozlikni ortiq targ‘ib qilmang" va "Biz axloqqa zid qadriyatlarga qarshimiz", degan shiorlarni ko‘tarib olishgan.

Shu hafta boshida ko‘rsatuv ijodkorlari va Kloop.kg web-sayti bosh muharriri Eldiyar Arikbayev Qirg‘iziston Xavfsizlik qo‘mitasiga chaqirtirilganlari haqida xabarlar tarqaldi.

KTRKning Kuzatuv kengashi esa majlisga yig‘ilgan va teleradiokrporatsiya bosh direktori Ilim Karipbekovga hamjinsbozlar haqidagi ko‘rsatuv uchun hayfsan e‘lon qilgan.

KTRK Bosh direktori Ilim Karipbekov esa o‘ziga hayfsan e‘lon etilishi qarori bilan rozi emasligini aytgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq