Kudrin: "Rublning qulashi-sharmandalikdir"

Image copyright AFP Getty Images
Image caption Putin Ovro‘po Ittifoqi bilan aloqalarni tiklashga tayyorligini aytgan

Rossiya sobiq moliya vaziri Aleksey Kudrin rublning ikki barobardan ko‘proqqa qadrsizlanishini hukumat va davlat uchun "sharmandalik" deb aytgan.

"Ochig‘ini aytaman: milliy valyutaning ikki barobardan ko‘proqqa qulashi hukumat uchun ham, mamlakat uchun ham sharmandalik" degan Kudrin Sankt-Peterburgdagi xalqaro iqtisodiy forumda qilgan chiqishida.

Uning fikricha, bu mamlakat biznes uchun barqaror sharoit yarata olmasligini anglatadi.

Sobiq vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bu kabi milliy valyuta qulashining oldini olishga imkon beradigan sharoitni yaratishi lozim.

"Ichki bozorda neft daromadlariga qaramlikni kuchaytirmaslik kerak", deb aytgan Kudrin.

2014 yil dekabrida bir yil mobaynida pasayib kelgan rublning qadrsizlanishi tezlashgan, dollar 67 rublga ko‘tarilgan edi.

O‘sha yilning yanvarida dollarning rasmiy kursi 32,6 rubl bo‘lgan.

2015 yilning birinchi yarmida rubl biroz mustahkamlangan, ammo uning ortidan valyuta qadrsizlanishining yangi to‘lqini kuzatilgan va dollar 83 rublga chiqqqan.

Ayni paytda forumda chiqish qilgan Prezident Putin jahon iqtidiyotida tuzilmaviy muammolarning davom etayotganini aytgan.

Image copyright AFP
Image caption Rublning tushishi 2014 yil dekabriga kelib tezlashgan

U biznes muhitini liberallashtirishda davom etishlari, biznes rahbarlari Rossiyada ishlashni istashlarini ta‘kidlagan.

Rossiya rahbari shuningdek, Ovro‘po Ittifoqi Rossiyaning eng yirik savdo sherigi ekanini ta‘kidlab, OI bilan aloqalarni qayta tiklashga tayyorliklari, ammo qars ikki qo‘ldan chiqishi kerakligini aytgan.

Payshanba kuni Rossiyaga qarshi sanktsiyalar kuchda bo‘la turib, Peterburgdagi forumga borgani uchun tanqid qilingan Ovro‘po Komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker o‘z qarorini himoya qilgan.

U Prezident Putin bilan "ochiqcha gaplashib olish uchun" borganligini aytgan.

Forumda 60 mamlakatdan 500 kompaniya vakillari, 40 dan ortiq mamlakat siyosatchilari ishtirok etayotgani xabar qilingan.

Forumda so‘zlagan Frantsiyaning sobiq prezidenti Nikola Sarkozi Ovro‘poni Rossiyaga nisbatan sanktsiyalarni bekor qilishga chaqirgan.

Ovro‘po Ittifoqi va AQSh 2014 yil martida Rossiya Qrimni anneksiya qilishi ortidan Moskvaga qarshi moliyaviy sanktsiyalar joriy etgandi.

Keyinroq bu sanktsiyalarga qator mamlakatlar ham qo‘shilishgan.

Bunga javoban Rossiya Ovro‘po mamlakatlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirishni taqiqlagan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring