"Assad kuchlarini havo hujumlariga tutish kerak"

Image copyright EPA

AQSh Davlat departamentining 50 dan ortiq xodimi Prezident Barak Obama ma‘muriyatining Suriya borasida yuritayotgan siyosatini keskin tanqid qilib ichki memorandumni imzolaganlar, Prezident Bashar al-Assad kuchlarini havo hujumlariga tutishga chaqirganlar.

Ushbu hujjatda nimalar yozilgani New York Times va Wall Street Journal nashrlariga ma‘lum bo‘lgan.

Jumladan, ichki memorandumda Suriya hukumatini tinchlik muzokaralari stoliga majburlab o‘tirg‘izish, Bashar al-Assadning kuchlari otashkesim kelishuvini buzishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida AQSh Suriya hukumat kuchlariga qarshi harbiy amaliyotni boshlashi lozim, deb yozilgan.

Amerikalik diplomatlarning fikricha, agar AQSh havo hujumlari tahdidini his qilmasa, Prezident Assad isyonchilar bilan jiddiy muzokaralarga borishni istamaydi.

AQSh Davlat departamenti vakili shunday memorandum bitilganini tasdiqlagan, lekin bu hujjatni sharhlashdan bosh tortgan.

Tahlilchilar fikricha, AQShning Suriyadagi harbiy amaliyotlarga jalb etilishi AQSh va Rossiya harbiy havo kuchlari qarama-qarshiligini ham anglatadi.

Chunki Prezident Assad kuchlari Rossiya havo hujumlari dastagida Suriya hukumatiga muxolif isyonchilar nazoratidagi ancha hududlarni o‘zi nazoratiga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

15 iyun kuni AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Suriya hukumat kuchlarini Halab atrofida hujumlarni davom ettirayotganlikda ayblab chiqdi.

Suriyaning aksar hududida janglar kamaygan paytda Assad kuchlari Halab atrofida faollikni oshirgani tinch fuqarolar o‘limlari holatlarini ham ko‘paytirdi.

Rossiya Suriyaga berayotgan harbiy yordamni nazarda tutib AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, "Rossiya AQShning sabr-toqati cheksiz emasligini tushunib yetishi lozim", deb aytgan.

Jon Kerri bayonotidan ko‘p o‘tmay Rossiya Mudofaa vazirligi Halabda 48 soatlik "sukunat rejimi" boshlangani haqida e‘lon qildi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq