Tojikistonning Xo‘jand shahrida qamoqxona noziri o‘ldirildi

Image caption Mamlakat bo‘ylab huquq-tartibot xodimlari qochoq mahkumni qidirishga jalb qilingani aytilmoqda

Tojikiston shimolidagi Xo‘jand shahar jazoni o‘tash koloniyasidan uch mahkum qochishga harakat qilgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, ulardan biri qochish jarayonida otib o‘ldirilgan.

Rasmiy xabarlarda aytilishicha, qamoqxona nozirlaridan biri polkovnik Yormamad Alimamadovni qamoqxonadan qochganlar pichoqlashgan.

Polkovning ko‘p o‘tmay kasalxonada jon bergani aytilmoqda.

Aziya plyus xabar agentligi Tojikiston huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib yozishicha, uch mahkum IShID saflariga qo‘shilish niyatida qamoqxonadan qochish rejasini ishlab chiqqan.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, qochoq mahkumlar kamida ikki nozirni o‘ldirib, ularning qurollarini ham olib qochishgan.

Ammo Aziya Plyus agentligining o‘z manbasiga tayanib yozishicha, uch mahkumdan biri qamoqxonaning simtikanli devoridan oshib o‘tayotganida otib o‘ldirilgan.

Ikkinchisi esa yarador bo‘lgan va qo‘lga olingan.

Uchinchi mahbus qochishga muvaffaq bo‘lgan va hozirda tezkor qidiruv ishlari o‘tkazilmoqda.

Aynan qo‘lga olingan va jarohatlangan mahkum uchovlonning IShIDga qo‘shilish rejalari haqida gapirib bergani aytilmoqda.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, qochish jarayonida otib o‘ldirilgan Mirzo Qayumov o‘tgan yil Iroqdagi janglarda qatnashgani va jihod qilishga odam yollagani uchun 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan bo‘lgan.

Jarohatlangan mahkumning esa qotillik aybi bilan qamoq 20 yillik qamoq jazosini o‘tayotgani aytiladi.

Qochishga muvaffaq bo‘lgan mahkum esa Pokistonning Vaziriston mintaqasidagi janglarda ishtiroki, odam yollagani uchun 2013 yilda 20 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan.

Hozirda butun mamlakat bo‘ylab tezkor qidiruv amallari o‘tkazilmoqda.

Huquq-tartibot xodimlariga hujumlar

Image copyright AP
Image caption Qamoqxonadan qochgan mahkum qidirilmoqda (arxiv surat)

Tojikistonda huquq-tartibot idoralari va xodimlariga qarshi hujumlar mamlakat mustaqillik yillarida bir emas, bir necha bor ro‘y bergani ma‘lum.

2013 yilda Konibodom shahrida noma‘lum shaxslarning politsiya xodimlariga qurolli hujumi natijasida bir politsiyachi halok bo‘lgan va yana bir nafari yaralangan edi.

2010 yilda esa So‘g‘d viloyati Ichki ishlar binosi yonida xudkushlik hujumi uyushtirilgandi. Bunda uch nafar militsiya xodimi qurbon bo‘lgan edi.

Ayni paytda tahlilchilar Tojikiston hukumatining ichki so‘nggi siyosatidan norozilik ortib borayotganiga e‘tibor qaratishadi.

Aholi orasida radikallashuv omillari hukumatning har qanday muxolifatni kuch bilan yo‘q qilish harakati, misli ko‘rilmagan poraxo‘rlik va ishsizlik ekani urg‘ulanadi.

Tojikiston hukumati o‘tgan yili mamlakatda rasman faoliyatda bo‘lgan Islom Uyg‘onish partiyasini terrorchi guruh deb e‘lon qilar, partiyaning yuzlab a‘zolarini qamoqqa olar ekan, jurnalistlarga ko‘ra, prezident Imomali Rahmon va uning atrofidagilarga ishonch yana ham ozaygan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Yaqin Sharqqa jihodchilar orasida jang qilayotganlar soni mingdan oshib ketgan.

Tojikiston rasmiylarining aytishlaricha, 780 kishiga qidiruv e‘lon qilingan, 38 tojikistonlik IShID saflariga qo‘shilish uchun Tojikistondan chetga chiqishga uringan paytda qo‘lga olingani xabar qilingan.

IShID saflarida jang qilgan 166 tojikistonlik ustidan jinoyat ishi ochilgan, deya ma‘lum qilgan Tojikiston Bosh prokurori Rahmon Yusuf.

Janob Rahmon Yusufga ko‘ra, ulardan aksariyati Tojikistonda faoliyati taqiqlangan “Salafiya” oqimi tarafdorlari bo‘lishgan.

O‘tgan yil may oyida Tojikiston Ichki Ishlar vazirligi maxsus bo‘linmasi(OMON)ning qo‘mondoni, polkovnik Gulmurod Halimov IShID saflariga qo‘shilgan va butun Markaziy Osiyo davlatlari nazarda tutilganda ham, bu ishga qaror qilgan eng yuqori martabali davlat harbiysi bo‘lgandi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq