Senator: "O‘zbekiston uyg‘urlar masalasini ko‘tarmaydi"

Image caption Janob Karimov Xitoyni "inson huquqlari va demokratiyadan ma‘ruza o‘qimagani uchun hurmat qilishi"ni aytgan

Seshanba kuni Xitoy rahbari Si Tszinpinning O‘zbekistonga davlat tashrifini boshlashi bildirilgan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yubiley sammiti arafasida amalga oshadigan tashrif chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar va mintaqadagi vaziyat muhokama etiladi.

Xitoy rahbarining shuningdek, O‘zbekiston parlamenti har ikki palatasi a‘zolari qarshisida nutq so‘zlashi rejalangan.

Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning BBCga aytishicha, Si Tszinpin o‘zbek senator va deputatlari qarshisida nutq so‘zlagan ilk xorijiy davlat rahbari bo‘ladi.

"Bu Xitoy bilan ham davlatlararo va ham parlamentlar darajasidagi aloqalarning qanchalik ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi", deb aytdi Ortiqova xonim.

"Xitoy modeli"

Xitoyda kommunistik partiya yakkahokimligiga qaramay, O‘zbekiston Senati yuqori martabali mulozimining aytishicha, o‘zbek deputatlarining Xitoy parlamenti-Xalq Vakillari Butunxitoy Yig‘ini tajribasidan o‘rganadigan jihatlari yo‘q emas.

BBCning "demokratik bo‘lmagan parlamentdan nimani o‘rganish mumkin?", degan savoliga Svetlana Ortiqova "xalq bilan munosabat" deb javob berdi.

"Xitoy parlamentidagi, ayniqsa, hudud va umumdavlat manfaatlarini himoya qilish mexanizmi biz uchun o‘rgansa arzigulik jihatlardan", deb aytdi Ortiqova xonim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan teng va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Senatorning aytishicha, Xitoy rahbarining tashrifi O‘zbekiston u yoki bu qudratli davlatga yon bosayotganini anglatmaydi.

"Ichki ishi"

Xitoyning eng yirik ma‘muriy mintaqasi-Shinjon Markaziy Osiyoning uch davlati-Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga qo‘shni.

Mintaqada yaqin-yaqingacha asosan turkiy tilda so‘zlashuvchi musulmon uyg‘urlar yashab kelishgan.

Uyg‘urlar o‘zlarini madaniy va etnik jihatdan mintaqadagi o‘zbeklar va boshqa turkiy xalqlarga qardosh deb hisoblaydilar.

Image copyright AFP
Image caption Ramazon arafasida Xitoy musulmon uyg‘urlarga bosimlarni kuchaytirgan

1991 yilda Sovet Ittifoqi qulab, turkiy jumhuriyatlar o‘z mustaqilliklarini e‘lon etishlari ortidan Sharqiy Turkistonda ham ozodlik harakatlari jonlangan, ammo Xitoy bu intilishlarni shafqatsizlarcha bostirib keladi.

O‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, bu yil ham Ramazon arafasida Xitoy musulmon uyg‘urlarga qarshi bosimlarni kuchaytirgani, ularning ro‘za tutishlariga cheklovlar kiritgani xabar qilingan.

Markaziy Osiyodagi uyg‘ur faollari Xitoyning mintaqadagi sarmoya va ta‘siri oshgani sayin ko‘proq bosim ostida qolayotganliklarini aytishadi.

Inson haqlari tashkilotlari mintaqadagi davlatlarni uyg‘ur faollarini Xitoyga topshirgani uchun tanqid qilishgan.

O‘zbekiston bu ro‘yxat boshidagi davlatlardan.

Rasmiy Toshkent Xitoy bilan munosabatlarda hech qachon o‘ziga qardosh uyg‘urlar masalasini ko‘tarmagan.

Aksincha, Xitoyning rasmiy Pekin terrorchilar deb ataydigan uyg‘ur bo‘lginchilariga qarshi kurashini dastaklab keladi.

Svetlana Ortiqovaning BBC bilan suhbatda e‘tirof etishicha, uyg‘urlar masalasi hatto "parda ortidagi so‘zlashuvlarda" ham ko‘tarilgan emas.

"Negaki bu Xitoyning ichki siyosati, O‘zbekiston boshqa davlatlarning ichki siyosatiga aralashmaydi", deb aytdi O‘zbekiston Senati mulozimi.

O‘z navbatida Xitoy ham O‘zbekiston bilan munosabatlarda hech qachon inson haqlari masalasini ko‘tarmagan va 2005 yil mayidagi Andijon voqealaridan so‘ng Prezident Karimovni dastaklagan.

Janob Karimov Xitoyni "inson huquqlari va demokratiyadan ma‘ruza o‘qimagani uchun hurmat qilishi"ni aytgan.

Katta qo‘shni

Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz manzarasida Xitoy sarmoyalari Pekinni mintaqa davlatlari uchun yanada jozibali hamkorga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonga bundan avval, 2013 yilda qilgan tashrifi chog‘ida Si Tszinpin Prezident Karimov bilan umumiy qiymati 15 milliard dollardan ziyod ekani aytilgan shartnomalarni imzolagandi.

Xitoyning mintaqa davlatlariga kiritgan sarmoyalarining umumiy miqdori 100 milliard dollardan oshib ketgan.

G‘arblik tahlilchilar Xitoyning Markaziy Osiyodagi haqiqiy maqsadlari shaffof emasligini aytishadi.

Mintaqaning qator davlatlarida Xitoyning ishtirokidan xavotirlar mavjud.

O‘tgan oy Qozog‘istonda yerni xorijliklarga ijaraga berishni ko‘zda tutuvchi yangi tahrirdagi Yer Kodeksi ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan.

Qozog‘istonliklar birinchi navbatda yerlarning xitoyliklarga ijaraga berilishi ehtimolidan tashvishda ekanliklarini aytishgan.

Ammo 30 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan O‘zbekiston, tahlilchilarga ko‘ra, Xitoyning demografik ekspantsiyasidan qo‘rqmaydi.

Olma-Otadagi mintaqaviy tahlilchi Aleksandr Knyazevning aytishicha, Xitoy yaqin-yaqingacha Markaziy Osiyoni Rossiyaning ta‘sir doirasidagi mintaqa sifatida ko‘rib kelgan.

Ammo hozirda Pekinning qarashi o‘zgarayotgan bo‘lishi mumkin.

"Xitoy rahbariyatida mintaqaga nisbatan yangi qaror "pishib yetilgan" va mintaqa mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorlikning yangi dasturi ishlab chiqilgan", - deb aytgan tahlilchi avvalroq BBC bilan suhbatda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring