Meksika: o‘qituvchilar namoyishida 6 kishi o‘ldi

Image copyright EPA

Meksika janubida norozilik namoyishiga chiqqan o‘qituvchilar va politsiya o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvda olti kishi halok bo‘ldi. Jarohat olgan 50 odam orasida ko‘plab politsiyachilar ham bor.

Tartibsizliklar mamlakat janubidagi Oaxaka shtatida yuzaga kelgan. O‘tgan hafta bu yerda CNTE, ya‘ni ta‘lim sohasi xodimlari kasaba uyushmasining ikki rahbari korruptsiyada ayblanib hibsga olinishlari ortidan namoyishlar avj olgan.

Hibslarga javoban radikal kurash usullari bilan nom chiqargan kasaba uyushmasi a‘zolari yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi.

Hukumat da‘vo qilishicha, politsiya yo‘llarni namoyishchilardan tozalashga uringanida, noma‘lum shaxslar to‘qnashuvlarni keltirib chiqarish uchun ikki tomondan ham o‘t ochganlar.

Meksika milliy xavfsizlik komissiyasi ta‘kidlashicha, Nochitlan shahriga yaqin hududda olib borilgan bu amaliyotda politsiyada o‘tochar qurollar bo‘lmagan.

Juma kuni davlatga tegishli Pemex neft kompaniyasi agar Oaxaka shtatini poytaxt bilan bog‘lovchi yo‘l ochilmasa, mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi zavodni yopishga majbur bo‘lishini aytgan.

CNTE kasaba uyushmasi 2013 yilda Prezident Enrike Penya taklif qilgan ta‘lim islohotlariga qarshi chiqib kelmoqda.

Taklif qilingan islohotlarga binoan, o‘qituvchilar attestatsiyasi yangi qoidalarga binoan o‘tkaziladi.

Kasaba uyushmasi a‘zolari o‘z rahbarlariga qarshi ilgari surilgan ayblovlar ostida siyosiy sabablar yotganiga ishonadilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring