NATO qo‘mondoni Rossiya kuchlaridan xavotirda

Image copyright AFP

Ovro‘podagi AQSh qo‘shinlari qo‘mondonining aytishicha, NATO Rossiyadek shiddatli tarzda Sharqiy Ovro‘poga yirik sonli qo‘shinlarni joylashtira olmaydi.

General-leytenant Ben Hodges NATOning Polshadagi harbiy mashqlari chog‘ida BBCning "Hard talk" ko‘rsatuviga gapirdi.

"Rossiya juda tez suratlarda uzoq masofalarga yirik qo‘shinlar va ko‘plab qurol-aslahalarni joylashtirishga qodir", - dedi u.

Uning aytishicha, NATO ham shunday tezlik bilan amal qilishi kerak. "Biz ham uch kun muddat ichida shunday qilishga qodir bo‘lishimiz kerak", - dedi qo‘mondon.

NATOning 7-17 iyunda Polshada o‘tgan "Anakonda-16" mashqlarida 24 mamlakatdan kelgan 31 ming askar qatnashdi.

Mashqlar tugashidan bir kun o‘tib Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Uolter Shtaynmayyer NATOni "o‘z kuchini ko‘z-qo‘z" qilmaslikka chaqirdi, hamda bu kabi mashqlar o‘rniga Rossiya bilan muloqot va hamkorlik qilishga undadi.

Image copyright AP

"Sharqiy Ovro‘po bo‘ylab ramziy tank paradlari kimgadir xavfsizlik olib keladi deganlar mubolag‘a qiladilar", - dedi u Bild gazetasiga.

Hozirda NATO a‘zolari bo‘lgan sobiq Sovet blogi mamlakatlari 2014 yil martida Rossiyaning tezlik bilan Qrimni Ukrainadan tortib olganidan xavotirga tushgandilar.

Bu anneksiya tufayli NATO va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar 1991 yilda Sovuq urush tugashidan beri eng yomon darajaga tushdi.

Rossiyaning 2008 yil avgustidagi qisqa urushdan so‘ng Gruziya hududlarini ishg‘ol qilishi ham Rossiya zudlik bilan o‘zining "tomorqa"siga harbiy aralashishga tayyor ekanini namoyon qilgandi.

Rossiya mashqlari

Image copyright Getty

NATOning Rossiya borasidagi strategiyasi kelgusi oy Varshavada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida muhokama qilinadi.

Qrim anneksiyasi va Ukraina sharqidagi Rossiyaparast isyonchilar qo‘zg‘olonidan beri Rossiya Ukraina chegarasiga yaqin joylarda katta ko‘lamli harbiy mashqlarni amalga oshirdi.

NATO Rossiya qiruvchi uchoqlarining Boltiqbo‘yi hududidagi tajovuzkorona harakatlaridan shikoyat ham qilgan. Rossiya, o‘z navbatida, o‘z chegarasi yaqinida amal qilayotgan NATOni tajovuzkor deb biladi.

"Meni eng ko‘p xavotirga soladigani bu harakat erkinligidir. Ular (Rossiya) har safar to‘satdan mashqlarni boshlashganida, men hayron qolaman, shunday ekan, bu nega meni qo‘rqitayotganini tushungan bo‘lsangiz kerak", - dedi General Xodjs.

Uning aytishicha, 2007 yildan beri Rossiya o‘z qo‘shinlarini o‘z chegaralarida "har qanday amaliyot"ni bajarishga o‘rgatib kelyapti. Qo‘mondonning BBCga aytishicha, kelajakda "jirkanch kiber muhiti"ni jalb qiladigan "gibrid" urush kelib chiqishi mumkin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring