ShHT 20 yilda nimalarga erishdi?

Image copyright AFP

Toshkentda 23-24 iyun kunlari Shanxay Hamkorlik Tashkilotning yubiley sammiti rejalangan.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti deyarli 20 yillik tarixga ega.

1996 yili dastlab "Shanxay beshligi", deya nom olgan siyosiy, iqtisodiy va harbiy hamkorlikni nazarda tutuvchi guruh Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston o‘rtasida tuzilgandi.

2001 yili O‘zbekistonning guruhga kirishi bilan Shanxay Hamkorlik tashkiloti, deya nomi o‘zgartirildi.

Hindiston va Pokiston kuzatuvchi davlat sifatida qabul qilingan.

Tashkilot o‘zining 20 yillik tarixida nimalarga erishgan? Mintaqadagi o‘rni ne qadar va kuzatuvchi davlatlarni tashkilotga nimalar jalb etmoqda.

Singapur Milliy Universitetidan tadqiqotchi Amitendu Palitning BBC bilan suhbatda aytishicha, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti unikal tashkilot.

Amitendu Palit: Bu tashkilotga a‘zo davlatlarning birontasi, Rossiyadan tashqari, biron yirik, qudratli boshqa tashkilot a‘zosi emas. Hindiston, Xitoy va Rossiyadan tashqari davlatlarni oladigan bo‘lsak, jahonning har tomonlama, mutlaq qudratli bo‘lgan mamlakatlaridan emaslar. Lekin ular qudratli davlatlar bilan birga bir tashkilotda bo‘lishga qarshi emaslar. Ularning tashqi siyosat strategiyalari ana shu bir intilish asosida ishlab chiqilgan. Shuning uchun Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ular uchun bunga erishish yo‘lida, ya‘ni hozirda mavjud bo‘lgan mavqe‘laridan qudratliroq mavqe‘ga erishish yo‘lida, umumiy bir potentsial bilan ishlashga imkon yaratadi. Ikkinchidan, bu mamlakatlar iqtisodlari anchayin yirik va keng qamrovli. Ulardan ba‘zilarining harbiy va mudofaa salohiyatlari ham ancha qudratli. Bundan tashqari, ular jahonning anchayin muammoli bo‘lgan mintaqasida qo‘shni bo‘lgan mamlakatlardir. Bu mintaqa siyosiy, strategik, jug‘rofiy, etnik jihatdan muammolarga yuz tutib keladigan mintaqa. Ana shulardan kelib chiqib bu tashkilot, mintaqaviy nazardan qaralsa, anchayin misli ko‘rilmagandir. Agarda ular haqiqatan ham birgalikda ishlashga muvaffaq bo‘lsalar, ancha qudratli tashkilotga aylanishi mumkin, lekin hozirga qadar bunga erishilganicha yo‘q.

BBC: Bundan tashqari, hozircha tashkilot o‘zining asosiy vazifasi sifatida terrorizmga qarshi kurashni tanlagandek, ya‘ni harbiy hamkorlik. Boshqa turdagi hamkorlik, deylik, iqtisodiy hamkorlik kabi sohalarni ancha oqsamoqda, shundaymi?

Amitendu Palit: Hatto xavfsizlik sohasida ham tashkilot uzoq muddatni ko‘zlovchi, aniq bir kun tartibini ishlab chiqa oldi, deb o‘ylamayman. Iqtisodiy hamkorlik masalasiga kelsak. Keling bu sohada bir qadar muvaffaqiyatli hamkorlikka erishgan mintaqaviy tashkilotlarga nazar tashlaylik. Masalan, Ovro‘po Ittifoqi, Janubiy Osiyo Davlatlari Ittifoqi va xatto Shimoliy Amerika ozod savdo uyushmasi kabi tashkilotlar. Ularga a‘zo davlatlar orasida siyosiy qarama-qarshiliklar mavjudligini ko‘rishimiz mumkin. Lekin shunga qaramay, ular birgalikda ishlashga muvaffaq bo‘lgan mamlakatlardir. Chunki ular umumiy iqtisodiy maqsadga ega edilar. Ana shu umumiy iqtisodiy maqsad ularga siyosiy qarama-qarshiliklarini yengib o‘tishga yordam bergan. Ana shu narsa ularning tashkilot sifatida muvaffaqiyatli bo‘lishlariga olib kelgan.

BBC: Shanxay Hamkorlik tashkiloti a‘zolari ana shunday umumiy iqtisodiy maqsadga egalarmi?

Amitendu Palit: Yo‘q, menimcha Shanxay Hamkorlik tashkiloti bu kabi guruh darajasida birgalikda fikrlash darajasiga chiqa olganlari yo‘q. Lekin dastlab bu haqda gaplar bo‘lgandi. Masalan, energiya sohasidagi bitim borasida. Ammo biz iqtisodiy hamkorlik haqida gapirganimizda, asosan ular o‘rtasidagi savdo-sotiq, sarmoyalar va umumiy iqtisodiy dasturni ishlab chiqish qobiliyatini nazarda tutamiz. Ular hamma a‘zo davlatlar uchun jozibador va foydali bo‘lgan iqtisodiy dasturni ishlab chiqishlari kerak. Ana shunda hammalari o‘z imkoniyatlarini bir savatga tashlab, o‘sha dasturni ilgari siljitishga harakat qilgan bo‘lardilar. Lekin hozirga qadar bu mamlakatlar bir guruh sifatida fikr yuritish qobiliyatini namoyish qilganlari yo‘q.

BBC: A‘zo mamlakatlar o‘rtasida hanuz keng qamrovli infratuzilmaning mavjud emasligi, siz aytayotgan samarali iqtisodiy hamkorlikni yuritish yo‘lida to‘siq bo‘layotgan omillardan biri, shunday emasmi?

Amitendu Palit: Bilasizmi, ular umumiy bir iqtisodiy maqsadni ishlab chiqqan taqdirgina bu kabi infratuzilmalar muhimligini anglab yetadilar. Bu infratuzilma ularning nafaqat tashqi jahon bilan, balki o‘zaro ham yaqinroq bog‘lab, iqtisodiy manfaat keltiradi. Bu infratuzilma mahsulotlarni bir yerdan boshqa yerga tashish, odamlarning qatnovini yengillashtirish va yana ko‘plab narsalarning harakatiga yordam beradi. Shuningdek, iqtisodiy imkoniyatlarni tug‘diradi. Mana qarang, bu tashkilotga hozirga qadar ulkan iqtisodiy salohiyatga ega Xitoy, Hindiston, Rossiya kabi davlatlar kirgan. Ular jahonning yirik yigirmataligi qatoridagi davlatlardir. Bundan tashqari, Pokiston va yana qator davlatlar kabi iqtisodiy salohiyatga ega va qudratli iqtisodga aylanishi mumkin bo‘lgan davlatlar bor. Shuning uchun fikrimcha, ular aynan iqtisodiy kun tartibini ishlab chiqishga ko‘proq ahamiyat berishlari kerak.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring