Suriyadagi "o‘zbek qo‘mondon o‘ldirildi"

Image copyright AP
Image caption Suriya va Iroqdagi jihodchilar saflarida yuzlab o‘zbekistonliklar borligi aytiladi

Suriyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Idlib viloyatida yuz bergan portlashda "Jabhat al-Nusra"ning yuqori martabali qo‘mondoni "Abu Bakr al-O‘zbekiy" o‘ldirilgan.

Bu haqda birinchi bo‘lib mintaqadagi shia telekanallari xabar tarqatgan.

Aytilishicha, "Abu Bakr al-O‘zbekiy" shanba kuni Idlibdagi "Jabhat al-Nusra" qarorgohi yaqinida avtoulovga o‘rnatilgan bombaning portlashi natijasida halok bo‘lgan.

Xabarlarda "Al-O‘zbekiy"ning Suriya muxolifati bilan bir safda jang qilgan "veteran jihodchi" ekani aytiladi.

Shia manbalari "Al-O‘zbekiy" jihodchilarning so‘nggi kunlarda ayni mintaqada o‘ldirilgan "oltinchi qo‘mondoni" ekanini ta‘kidlamoqda.

O‘zbekistondagi "Ferganskaya pravda" nashri ham Al-Masdar News ga iqtibosan "al-O‘zbekiy"ning o‘limi haqidagi xabarni chop etgan.

Uning haqiqiy ismi ma‘lum emas va halok bo‘lgani xabarini mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni yo‘q.

"Zambarakka yem"

Avvalroq Suriyadagi jihodchilarning "O‘zbekiy" ismli boshqa bir qo‘mondoni o‘zbek jangarilariga xitob qilib, ularni "Islomiy davlat"dan boshqa guruhlarga qo‘shilmaslikka chaqirgandi.

Furat Media guruhi internetda chop etgan videoda o‘zini o‘zbekistonlik deb taqdim etgan "Abu Husayn O‘zbekiy" Suriya va Iroqdagi jihodchi guruhlar o‘rtasida ziddiyat kuchaygani, xorijiy jangarilar mahalliy jangarilar tomonidan "zambarakka yem qilinayotgani"ni aytgan.

Rus tilida yozilgan videomurojaat IDga yaqin rus tilidagi saytlarda tarqagan.

Xalqaro radikallashuv va siyosiy zo‘ravonliklarni o‘rganish markazi (ICSR) avvalroq e‘lon qilgan hisobotida Suriya va Iroqdagi jihodchi guruhlar saflarida 500 ga yaqin o‘zbekistonliklar jang qilayotganini aytgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring