"O‘zbekiston mustaqillik va mustabidlik yillarida"

O‘tgan haftada Toshkentda nashr etiladigan ro‘znomalar qay mavzularni dolzarb topdilar?

"Ishchan, tashabbuskor va faol" ("Xalq so‘zi", 14 iyun)

Mamlakat bo‘ylab, xalq orasida "quloq" yoki "posbon" deya tanilgan mahalla faollari, jumladan raislar va ularning maslahatchilarining saylovlari davom etayotgani xabar qilinmoqda.

"Fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovida nomzodlarning shaxsiy fazilatlari alohida hisobga olinayapti", deya xabar qiladi "Xalq so‘zi".

Qashqadaryo viloyatilik bir faolning aytishicha, hozir saylov bo‘lib o‘tgan mahallalarda fuqarolar yig‘inlari organlarini shakllantirish ishlari avjida. Bu jarayonda fuqarolar o‘zini-o‘zi boshqarish organlari kengashlari, jamoatchilik hamda taftish komissiyalari tashkil etilmoqda.

"Ishchan, tashabbuskor va faol" fuqarolar mahalla kengashlari hamda komissiyalariga saylanayotganlari yoziladi maqolada.

"Lola daraxti yurtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda" ("Toshkent oqshomi", 13 iyun)

O‘zbekiston hukumati chinorlarni lola daraxtlari bilan almashtirishni rejalashtirgan ko‘rinadi.

Mamlakatda 2009 yildan beri ekilib kelinaytgan lola daraxti yurtning "ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgani" xabar qilinadi.

"Ma‘lumki, dunyo jamoatchiligi azim poytaxtimizga turli davrlarda turlicha baho va ta‘riflar bergan. Masalan, "Toshkent - Sharq darvozasi", "Toshkent - non shahri", "Toshkent - tinchlik va do‘stlik shahri", "Toshkent - islom madaniyati poytaxti" degan e‘tiroflarning zamirida har bir davrning o‘ziga xos ruhi ufurib turibdi. Bugungi kunda bu go‘zal ta‘riflar qatoriga "Toshkent - yashil poytaxt" degan ta‘rif qo‘shilsa, hech qanday xato bo‘lmaydi, deb o‘ylaymiz", deyiladi biologiya fanlari nomzodi, Rustamjon Allaberdiyevning "Toshkent oqshomi"da bosilgan maqolasida.

"Ma‘lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida o‘tgan yilning o‘zida havoga chiqarilayotgan zararli gaz va moddalar miqdori qariyb 9 ming tonna kamaygan. Bu, hech shubhasiz, ana shunday sa‘y-harakatlarning natijasidir", deyiladi maqolada.

"Dunyo ulamolari murojaati" (Islom nuri, 31 may)

Iroq va Suriyadagi beqarorliklarga qarshi, umuman olganda, ekstremizm va terrorizmga qarshi bo‘layotgan tadbirlar doirasida o‘zbek imomlar yangi kitob targ‘ibotiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.

Musulmonlar idorasining diniy-ma‘rifiy nashriga ko‘ra, ushbu kitobda dunyoning bugungi kunda e‘tirof etilgan zabardast ulamolari tomonidan ‎Islom dinining musaffoligini saqlash, Islom dinini turli-tuman tuhmatlardan va mutlaqo aloqasi bo‘lmagan gap-so‘zlardan himoya qilish ‎maqsadida berilgan fatvolari va ma‘ruzalaridan namunalar keltirilgan. "Islom olamining eng yirik namoyandalari bo‘lmish mazkur ulamolar diniy ekstremizm, terrorizm va radikalizmni butkul qoralaydilar, Islom dinini niqob qilib olayotgan, oqibati og‘ir bo‘lgan bunday harakatlardan musulmonlarni ogoh bo‘lishga chaqiradilar", deyiladi nashrning kitobga berilgan izohida.

Yangi nashr qilingan kitobda, musulmon kishi to‘g‘ri yo‘ldan adashmasligi, buzg‘unchi kuchlarning puch g‘oyalariga aldanmasligi uchun zarur bo‘lgan tavsiyalar keltirilgan. Ba‘zi yoshlarning Internet tarmog‘ida tashkil etilgan radikal g‘oyaviy targ‘ibot ta‘siriga tushib qolayotganini e‘tiborga olib, ulamolar tomonidan berilgan zamonaviy media vositalardan foydalanish odoblari bayon etilgan.

"Kiyinish shaxsiy ishmi?" (Hurriyat, 15 iyun)

"Hurriyat" muxbiri Ozod Xushnazarzoda mamlakatda G‘arb ta‘siri ostida o‘zgarib borayotgan kiyinish madaniyati haqida o‘z mulohazalarini bayon qilgan.

Maqola muallifi o‘zbek qizlariga atlas va adrasdan tikilgan liboslarni kiyishni tavsiya qiladi. "O‘zbek qizlariga nikoh kechasi falon pulga ijaraga olinadigan ovrupacha kelin libosi - fata kiyish qachon rasm bo‘ldi? Buning o‘rniga ular shunday ayyomda atlas ko‘ylak va lozimda bo‘lsa qanday chiroyli!" deydi muallif.

Yigirma-o‘ttiz yillar avval shahar va qishloq ayolini tashqi ko‘rinishidan farqlab olish mumkin bo‘lgan, biroq hozirda qishloq qizlari shahar ayollarini ham ortda qoldirib ketgani aytiladi. "Hatto Toshkentday shahri azimda ham ularni bir-biridan tezda, agar shevasidan sezmasangiz ajratish o‘ta mushkul" deydi muallif.

"Ilgari o‘ttizdan oshgan ayol sochini bo‘yamasligi oqibatida qariroq ko‘rinardi, hozir esa yetmishdan oshgan kampirlar ham sochlarini turli rangga bo‘yab ochilib-sochilib yuribdilar", deb qo‘shimcha qilinadi maqolada.

"O‘zbekiston mustaqillik va mustabidlik yillarida, Andijon: bugun va kecha" (O'zbekiston ovozi, 16 iyun)

Bugun va kecha turkumidan berilayotgan rangli va rangsiz, ya‘ni "O‘zbeksiton mustaqillik va mustabidlik yillarida" suratlar nigohida bu safar Andijon aks ettirilgan.

Ro‘znoma avval olingan oq-qora rasmlar qatorida chop qilingan rangli suratlarda Andijondagi "kecha va bugun"ni taqqoslaydi.

Jumladan, maqolada "kecha Andijon aholisi bor umidini yerga tikkan, paxta yakkahokimligidan ezilgan edi", bugun Andijon "milliy avtosanoatimiz tayanchidir" deyiladi.

"Virtual olamning aldamchi jozibasi" (Xabar, 17 iyun)

O‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keng foydalaniladigan "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmog‘i tanqid ostida.

"Saytda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarning kattagina qismini maktab o‘quvchilari tashkil etishi inobatga olinsa, unda aksariyat hollarda axloqsizlikni ochiq-oydin targ‘ib qiluvchi surat va video ma‘lumotlarning uchrashi kishida jiddiy xavotir uyg‘otadi. Qolaversa, saytda keraksiz axborotning ko‘pligidan bosh aylanadi. Har qadamda pulli xizmatlar e‘lonlari 'nafas olish'ga qo‘ymaydi..." deydi "Xabar" ro‘znomasidagi maqolada Axborot xavfsizligini ta‘minlash markazi 1-toifali mutaxassisi, Javohir Qudratov.

"Ushbu ijtimoiy tarmoqda '18+' belgisi bilan axloqsizlik tegirmoniga suv quyib kelayotgan bir talay 'guruhcha'lar mavjudki, ularga a‘zo bo‘lish uchun 18 yoshga to‘lgan bo‘lish shart emas. Ammo 18 yoshdan yuqori bo‘lgan kishining ham internetda aynan ana shunday mazmundagi ma‘lumotlarni axtarib kirmasligiga hech qanday kafolat yo‘q", deb qo‘shimcha qiladi muallif.

"Sarobga talpinganlar" (Toshkent haqiqati, 18 iyun)

So‘ngi kunlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan Ahmadboy mojarosi - chinozlik tadbirkor Ahmadjon Tursunboyevning qo‘lga olinishi hodisasi ham ro‘znomalar nazaridan chetda qolmagan.

Toshkent viloyat hokimligi nashri "Toshkent haqiqati"dagi maqolada muallif Zarif Zokirov Ahmadboyni Maugli haqidagi filmdagi "Kaa" laqabli ulkan ilon, Ahmadboy bilan ish ko‘rgan o‘zbekistonliklarni esa ilonnig o‘ljalariga qiyos qiladi. Haligacha turli xil firibgarliklarga aldanib ketadigan fuqarolarning borligi achinarli xolat, deb yoziladi maqolada.

Maqolada Ahmadboy respublikaning turli burchaklaridan kelgan fuqarolarga yiliga kamida 100 foizlik dividend berish va‘dasini berib, omonatlarini olganligi va "moliyaviy piramida" qurganligi aytiladi.

Ahmadboy "guruhi a‘zolari ofisi va uyida tintuv o‘tkazish chog‘ida 8 million AQSh dollari hamda 13 milliard so‘m miqdoridagi juda katta naqd pul", topilgani aytiladi. Ogohlikka chaqira turib, maqolada Ahmadboyning faoliyatiga huquq-tartibot idoralari tomonidan chek qo‘yilgani yozilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq