Qirg‘iziston o‘z migrantlarini himoya qilmoqchi

Qirg‘iziston Migratsiya Davlat xizmatining ma‘lum qilishicha, bu xususda allaqachon Ovro‘osiyo iqtisodiy ittifoqi maxsus hay‘atiga murojaat qilishgan.

Hay‘atga ittifoqqa a‘zo davlatlar hududlarida mehnat qilayotgan muhojirlarning himoyasini ta‘minlash uchun yagona kasaba uyushmasini tashkil qilishni taklif etishgan.

Qirg‘iziston Migratsiya Davlat xizmati raisi muovini Almaz Asanbayevning aytishicha, mehnat muhojirlarining muammolari mas‘ul mahalliy tizimlarining e‘tiborlaridan chetda qolib kelmoqda.

"Mehnat muhojirligi muammosi profsoyuz tashkilotlarini umuman qiziqtirmay qo‘ygan. Bunga ortiq toqat qilib bo‘lmaydi", - deb aytgan qirg‘izistonlik yuqori martabali mas‘ul.

Janob Asanbayevga ko‘ra, mavjud vaziyatni o‘nglash mumkin, ammo buning uchun Ovro‘osiyo iqtisodiy ittifoqi o‘zining qudratli kasaba uyushmasini tashkil qilishi lozim bo‘ladi.

Qirg‘izistonlik mulozimning so‘zlaridan ma‘lum bo‘lishicha, bu xususda ittifoqning maxsus hay‘atiga o‘z takliflarini kiritishgan.

Uning aytishicha, bu masalani shunchaki tashlab qo‘yishmaydi, toki o‘zlari nazarda tutgan kasaba uyushmasi tashkil topmas ekan, qayta-qayta kun tartibiga olib chiqaverishadi.

Qirg‘iziston Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston ortidan o‘tgan yil avgust oyida Ovro‘osiyo iqtisodiy ittifoqiga a‘zo bo‘lib kirgan.

Bu esa, Qirg‘iziston fuqarolariga Rossiya, Qozog‘iston va Belarus hududida imtiyozli asosda mehnat qilish huquqini bergan, ularning haqlari mahalliy ishchilarniki bilan tenglashgan.

Ammo, shunda ham, noqonuniy mehnat muhojirligida band va mehnatlari ekspluatatsiya qilinayotgan qirg‘izistonliklar hozir ham oz emas.

Birgina Rossiyaning o‘zida rasman 500 ming qirg‘izistonlikning mehnat muhojirligida bandligi aytiladi.

Ammo, agar norasmiy raqamlarga tayanilsa, ularning soni bir million kishidan ortadi.

Ulardan yarmiga yaqini esa, allaqachon Rossiya fuqarolarini ham olib bo‘lishgan.

Ayon bo‘lishicha, Rossiyadagi so‘nggi iqtisodiy inqiroz ham ish ilinjida yo‘lga chiqayotgan qirg‘izistonliklarning soniga ta‘sir eta olmagan.

Image copyright AFP

Ularning Rossiyada asosan qurilish va maishiy xizmat sohalarida band ekanliklari aytiladi.

Qirg‘iziston Markaziy Osiyoning eng kambag‘al ikkita davlatidan bittasi sanaladi va aynan chetda mehnat qilayotgan fuqarolari ortga yuborayotgan mablag‘ bu mamlakat iqtisodining asosini tutib turadi.

Putin g‘oyalari

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Bojxona va Ovro‘osiyo Ittifoqi asosida strategik siyosiy ittifoq tuzish g‘oyasini ilk bor 2011 yil kuzida o‘rtaga tashlagan.

Prezident Putin mazkur ittifoq jahondagi qudratning eng yirik markazi bo‘lishi va geo-siyosiy, geo-iqtisodiy voqe‘likni o‘zgartirishini aytgandi.

Vladimir Putin bu ittifoq sobiq Sho‘rolar Ittifoqidan o‘zgacha qadriyatlarga tayanishini ham ma‘lum qilgandi.

Yangi ittifoq, Vladimir Putinning ishonishicha, Ovro‘po Ittifoqi singari qudratli ittifoqqa aylanishi kerak.

Rossiya rahbari vaqt o‘tishi bilan ushbu ittifoqqa Qirg‘izistondan tashqari yana Tojikistonning qo‘shilishiga ham umid qilgandi.

Aksar sharhlovchilar esa, tabiiy zaxiralarga boy O‘zbekiston va Turkmanistonning Rossiya yetakchiligidagi bu kabi ittifoqlarga kirishiga shubha bilan qarashadi.

Image copyright AP

Ularning nazdlarida prezident Putinning bu ittifoqlarni tuzish g‘oyasi ortidagi asl maqsadi – siyosiy bo‘ladi.

Ovro‘osiyo iqtisodiy ittifoqi esa, Rossiyaga xalqaro masalalarda o‘z qudratini saqlab qolishga imkon beradi.

Rasmiy Toshkent, jumladan, prezident Islom Karimov sobiq Sho‘rolar Ittifoqi hududidagi bu kabi integratsiya jarayonlariga hamisha shubha bilan qarab kelgan.

AQSh diplomatlarining "WikiLeaks" web sahifasiga sizgan yozishmalarida prezident Karimov Moskvaning "imperiyachilik" intilishlaridan xavotir bildirgani ham qayd etilgan.

Ammo, xuddi shuning barobarida, Rossiya bo‘ladimi va yoki Qozog‘iston, chetda mehnat muhojirligida band o‘zbekistonliklarning huquqiy himoyasi masalasi, yillarki, jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lib keladi.

Shu yil boshiga kelib, tomonlarning Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy va huquqiy himoyasi kafolatini ko‘zda tutuvchi hukumatlararo yangi shartnoma ustida ish olib borishayotgani ma‘lum bo‘lgandi.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, hozirda Rossiyada 2.1 million O‘zbekiston fuqarolari bor.

Ammo norasmiy ma‘lumotlarda ularning soni rasman aytilayotganidan ancha ko‘p ekani taxmin etiladi.

Noqonuniy mehnat muhojirligi O‘zbekiston fuqarolari uchun ham dolzarb muammolardan biri sanaladi.

Orada qullikka tushib qolishlari qadar ular to‘qnash kelayotgan huquqbuzarlik hollari haqida ko‘p va keng xabar berib kelingan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq