Umar Matin telefon so‘zlashuvi matni e‘lon qilindi

Image copyright Getty Images

AQSh Federal Qidiruv byurosi Orlandodagi tungi klub ichidagi 49 insonni otib o‘ldirgan Umar Matinning politsiyaga qo‘ng‘iroq qilganidan keyingi so‘zlashuvi matnining ayrim qismini e‘lon qilgan.

Hamjinsbozlarning Pulse tungi klubiga kirib kelib mijozlarni otishni boshlaganidan yarim soatlar o‘tib Umar Matin politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan va odamlarni o‘ldirgani haqida ma‘lum qilgan.

U o‘zini "Islom askari" deb atagan.

Federal Qidiruv byurosiga ko‘ra, politsiya dispetcheri bilan 29 yashar Umar Matin ikki marta so‘zlashgan.

Birinchi telefon so‘zlashuvi 50 soniya davom etgan.

Politsiya: Orlando politsiyasi eshitadi.

Matin: Umar Matin.

Politsiya: Bu 911 qutqaruv xizmati. Suhbat yozib olinayapti.

Matin: (Arab tilida) Bismillahi Rahmoni Rahim.

Politsiya: Nima?

Matin: (Arab tilida) Allohga hamdu sanolar va Uning rasuliga salavotu salomlar bo‘lsin. (ingliz tilida) Xabar beraman: men Orlandodaman va otgan menman.

Politsiya: Ismingz nima?

Matin: Mening ismim... Men "Islomiy Davlatdan" Abu Bakr-Bag‘dodiyga bay‘at beraman.

Politsiya: Yaxshi, sizning ismingiz nima?

Matin: Men Abu Bakr-Bag‘dodiyga sodiqlikka qasamyod qilaman, (arabchada) Alloh uni asrasin, (yana ingliz tilida) "Islomiy Davlat" nomidan.

Politsiya: Yaxshi, siz qayerdasiz?

Matin: Orlandoda.

Politsiya: Orlandoning qayerida?

[Suhbat shu yerda tugagan] Ushbu qo‘ng‘iroqdan keyin Umar Matin bilan Orlando politsiyasi inqiroz markazidan muzokara guruhi vakillari 3 marta suhbatlashishadi.

Bu muzokaralar chog‘i u o‘zini "Islom askari" deb ataydi.

Federal Qidiruv byurosi vakili aytishicha, Umar Matin "sovuq, xotirjam, har bir so‘zlarini o‘ylab ko‘rgan ohangda" gapirgan.

Federal Qidiruv byurosi so‘zchisi so‘zlariga ko‘ra, otishma ortida biror terrorchilik tashkiloti turganining isboti topilgani yo‘q va Umar Matin o‘sha yerda, AQShning o‘zida radikallashgan.

Image copyright AFP

Dastlab Umar Matin so‘zlashuvining tahrir qilingan matnini e‘lon qilganlar.

Bu matnda o‘zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruh rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyning ismini "kesib tashlangan".

Biroq tanqidlar ko‘payib ketganidan keyin telefon so‘zlashiuvining to‘la versiyasi ekani aytilayotgan matnni matbuotda e‘lon etishga qaror qilingan.

AQSh Kongressi vakillari palatasi spikeri Pol Rayan Umar Matin so‘zlashuvining tahrir qilingan matnini mantiqdan uzoq, kulgili, deb ta‘riflagan.

Nega Orlando 911 xizmatiga qo‘ng‘iroq matni tahrir qilindi?

20 iyun kuni AQSh Adliya departamenti nega matnni tahrir qilishga qaror etganlari sababini tushuntirib bayonot e‘lon qilgan.

Bayonotda aytilishicha, bu bilan qotilga "nafrat propagandasi" uchun minbar berishni xohlamaganlar, biroq afsuski bu matn haddan ziyod ko‘p e‘tiborni o‘ziga jalb qilgan.

Muzokarachilar bilan telefon so‘zlashuvlarida Umar Matin, "Amerikaga ayting, Iroq va Suriyani bombalashni to‘xtatsin", "mana nima uchun men shu onda shu yerdaman", deb aytgan.

Sal keyinroq yonida "Frantsiyada ishlatilganiga o‘xshash" shahidlik belbog‘i borligi aytgan.

Tonggi soat 4:21 da politsiya Pulse tungi klubining kiyinish xonasidagi derazadan konditsionerni sug‘urib olgan va u yerda yashirinib turganlarning qochib chiqishiga yo‘l ochgan.

Tirik qolganlardan ayrimlarining politsiyaga aytishicha, Umar Matin 15 daqiqaning ichida to‘rt xudkushlik bombasi o‘rnatilgan belbog‘ni to‘rt kishiga bog‘latishini aytgan.

Biroq hech joydan bunday belbog‘ topilmagan.

Tonggi soat 5:00 lar atrofida maxsus kuchlar bo‘linmasi bino ichkarisiga bostirib kirgan va otishmada Umar Matin o‘ldirilgan.

Politsiya aytishicha, uch soatlik muzokaralar payti ichkaridan biror marta o‘t ochilmagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq