"Toshkent sammitiga hamma keladi"

Image copyright GAZETA.UZ

Shu jumladan, Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev ham.

Toshkentdan olingan xabarlarga ko‘ra, bu haqda kecha dushanba kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Anvar Nosirov ma‘lum qilgan.

Vazir muovinining so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, Toshkentdagi yubiley sammitiga Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a‘zo barcha davlat rahbarlari tashrif buyurishadi.

Qirg‘iziston rahbari shu yil mart oyida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Toshkent sammitiga bormasligini bayon qilgan.

Prezident Atambayevning bu so‘zlari O‘zbekiston bilan o‘zaro chegaraning bahsli hududida vujudga kelgan vaziyat manzarasida yangragandi.

Qirg‘iziston rahbari O‘zbekiston bahsli hududdan qo‘shinlarini chiqarmasa, bu ish amalga oshmasligini aytgandi.

"Agar vaziyat shunday bo‘ladigan bo‘lsa, men qanday qilib Toshkentga borishim mumkin? Menimcha, odamlar buni tushunishmaydi", - deb aytgandi u jurnalistlarga.

Hodisa 18 mart kuni yuz bergan, xuddi shu kuni Qirg‘iziston Chegara xizmati O‘zbekiston bahsli Mo‘g‘ul hududiga bir nechta zirhli mashinasi qatorida 40 chog‘liq harbiysini ham kiritganini bayon qilgandi.

Buning ortidan, Qirg‘izistonning ham xuddi shunday yo‘l tutganiga oid xabarlar olingandi.

Orada Qirg‘iziston O‘zbekistondan qo‘shinlarini chegaradagi bahsli hududdan olib chiqib ketishini so‘rab murojaat qilgan.

O‘zbekiston Qirg‘izistonning notasiga javob qaytarib, chegaradagi harbiylari xavfsizlik nuqtai nazaridan kiritilganini bildirgandi.

Bahsli hududdagi o‘zaro tanglik manzarasida tomonlar o‘zaro muzokaralarga kirishishgan, oradan bir necha kun o‘tib, O‘zbekiston u yerda bo‘lgan harbiylarini olib chiqib ketgani aytilgandi.

Mintaqaviy kuzatuvchilar esa, yuz bergan ana shu hodisadan keyin bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning anchayin tang ekaniga e‘tibor qaratishadi.

Toshkent sammiti

Bu mintaqaviy tashkilot tarkibiga O‘zbekistondan tashqari, yana Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kiradi.

Belarus, Hindiston, Pokiston, Eron, Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston esa, tashkilot qoshida kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar sanalishadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri muovinining bildirishicha, Toshkentdagi sammitda bu kuzatuvchi davlatlar orasidan Afg‘oniston, Belarus, Mo‘g‘uliston va Pokiston o‘z prezidentlari bilan ishtirok etishadi.

Ammo, ayon bo‘lishicha, Hindiston Toshkentga Bosh vaziri, Eron esa, Tashqi ishlar vazirini yuborishni rejalagan.

Hindiston va Pokistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a‘zoligi masalasi esa, o‘tgan yil kun tartibiga qo‘yilgan.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Nizomi va mavjud tartib-qoidalariga muvofiq, oliymaqom yig‘inga O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov raislik qiladi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov esa, sammitda O‘zbekistonning mehmoni sifatida ishtirok etishi aytilmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri muovinining bildirishicha, bunga qo‘shimcha Toshkentdagi tadbirda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a‘zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xorijiy ommaviy- axborot vositalarining mingga yaqin vakili hozir bo‘lishadi.

Oliymaqomning o‘zi esa, shu yilning 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.

Kun tartibi

Image copyright EPA

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, davlat rahbarlari ShHT doirasida ko‘prejali va o‘zaro manfaatli hamkorliklarini yanada chuqurlashtirish masalasini muhokama etishadi.

Bunga qo‘shimcha dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashishadi.

Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalasiga e‘tibor qaratishadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining boshqa xalqaro tashkilotlar va davlatlar bilan aloqalarini kengaytirish, o‘zlariga yanada ko‘proq kuzatuvchi va hamkor davlatlarni jalb etish mavzusiga ham diqqat qilishadi.

Kelasi to‘rt yillik ish rejalarini tasdiqlab olishadi.

"Davlat rahbarlari uchrashuvining asosiy yakuniy hujjati esa, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti 15 yilligining Toshkent deklaratsiyasi bo‘ladi".

Ma‘lum bo‘lishicha, bu deklaratsiyada tashkilotning 15 yillik faoliyatiga baho beriladi.

A‘zo davlatlarning ShHTini yanada taraqqiy topishi istiqbollariga muvofiqlashgan yondashuvlari haqida so‘z boradi.

Mavjud xalqaro va mintaqaviy vaziyatga nisbatan mavqe‘lariga ham to‘xtalib o‘tiladi.

Shuningdek, a‘zo davlatlar rahbarlari Nizomida ko‘zda tutilgani kabi ShHT faoliyatining boshqa biror bir mamlakat yoki xalqaro tashkilotga qaratilmaganini yana bir bor tasdiqlashadi.

Toshkentdagi yubiley sammit uchun so‘nggi haftalarda O‘zbekistonda ko‘rilayotgan hozirlik va xavfsizlik choralarining ko‘lami aksariyat mintaqaviy va qator G‘arb davlatlari nashrlarining ham e‘tiborini tortish darajasiga yetgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring