"Trampni o‘ldirmoqchi bo‘lgan"

Image copyright Getty

Bunga 18 iyun kuni Las-Vegasda qo‘lga olingan Maykl Stiven Sendfordning shaxsan o‘zi iqror bo‘lgan.

19 yoshli yigitcha Donald Trampning saylovoldi amaliyoti chog‘ida hibsga olingan.

U o‘sha paytda xavfsizlik xizmati xodimining pistoletini tortib olmoqchi bo‘lgan.

Donald Tramp joriy paytda AQSh prezident saylovlariga Respublikachi partiyadan yagona nomzod bo‘lib turibdi.

Tramp ichki saylovlar hali poyoniga yetmay turib, lozim sondagi vakillarning dastaklarini qo‘lga kiritib bo‘lgan.

Ustiga ustak qolgan Respublikachi nomzodlar ham poygadan chiqib ketishgan.

Donald Tramp o‘z saylovoldi amaliyotlari chog‘ida musulmonlar va migrantlarga qarshi keskin bayonotlari bilan tilga tushgan.

AQSh prezident saylovlari shu yilning noyabr oyiga rejalangan.

Maykl Stiven Sendford

Image copyright Reuters

Ayon bo‘lishicha, Maykl xuddi shu maqsadda Nyu-Jersidan Kaliforniyaga kelgan.

Bu haqda muxbirimiz Barbara Plett dastlabki mahkama tafsilotlariga tayanib xabar bergan.

Uning yonidan Buyuk Britaniyada berilgan haydovchilik guvohnomasi ham topilgan.

Mayklning politsiyaga bildirishicha, AQShda o‘tgan yarim yildan buyon yashab kelgan.

Uning o‘z iqrorlariga tayanilsa, Trampga suiqasd qilishni bir yil davomida rejalagan.

Ammo nega bunday maqsadda bo‘lgani sababi tafsilotari hozircha ma‘lum emas.

Reja

Image copyright Reuters

Mayklning aytishicha, shu paytgacha to‘pponcha yoki miltiq qo‘llab ko‘rmagan.

Ammo Las-Vegasga kelishi ortidan, otishni o‘rganish maqsadida qisqa maxsus kursga borgan.

O‘ziga shu yo‘l oson tuyulgani uchun Donald Trampning mitingi chog‘ida xavfsizlik xizmati xodimining ochiq to‘pponchasini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan.

To‘pponchadan bir-ikkita o‘q uzishga ulgurishi, keyin o‘zini politsiya xodimlari otib tashlashlari mumkinligidan ham yaxshi boxabar bo‘lgan.

Uning bu haqdagi fikrlari ham mahkama hujjatlaridan ma‘lum bo‘lgan.

So‘roq jarayonida Maykl rejasi Las-Vegasda amalga oshmay qolsa, bunga Feniksda qayta urinib ko‘rmoqchi bo‘lganini ham aytgan.

Feniksga chiptasi allaqachon hozir bo‘lganini ham qo‘shimcha qilgan.

Unga qarshi rasman ayblov ham ilgari surilgan va Maykl Stiven Sendford maxsus qo‘riqlanuvchi hududda zo‘ravon amallarga qo‘l urishda ayblanmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq