Euro 2016: Yana diqqat-markazida Ronaldu

Image copyright Getty

Futbol bo‘yicha bu yilgi Ovro‘po chempionatida Portugaliya va "Real"(Madrid) yulduzining halicha omadi chopmadi.

Sardori Portugaliyaning guruhdagi dastlabki ikki uchrashuvida gol uraman, deb o‘ziyam naq 20 bor urindi.

Ammo shuncha urinishlarining birortasida raqiblari darvozasini aniq nishonga olma bilmadi.

Nomdor yulduziga shuncha umid ko‘zlarini tikkan Portugaliya esa, har ikki uchrashuvini ham durang natija bilan yakunladi.

O‘zining allaqachon keyingi bosqichga yo‘llanmani naqd qilgan qator an‘anaviy raqiblaridan farqli tarzda taqdirini hal qiluvchi yakuniy uchrashuviga qadar bor-yo‘g‘i 2 ochko bilan o‘z guruhida 3-o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

Image copyright Getty

Qayd etgan bu kabi natijasi guruh peshqadami Mojaristonga qarshi bugungi so‘nggi tur uchrashuvi arafasida Portugaliyani nihoyatda qaltis ahvolda qoldirdi.

Ya‘ni, agar, bugungi uchrashuvini Mojaristonga boy bersa, jamoa bu yilgi Ovro‘po chempionati bilan xayrlashadi.

Portugaliyaning bu kabi ahvoli manzarasida qiyosan olinsa, yulduzi Krishtianu Ronaldu bitta to‘p uraman, deb butunboshli chempionat ishtirokchilari bo‘lgan to‘qqiz milliy terma jamoadan ko‘ra ko‘proq uringan.

Ayniqsa, Avstriyaga qarshi so‘nggi uchrashuvida shundoqqina milliy terma jamoasining g‘alabasini ta‘minlashi mumkin bo‘lgan 11 metrlik jarima to‘pini durust-quruq tepa olmagan.

Ham maydon va ham maydon tashqarisida qanchalik mashhurlik bobida Krishtianu Ronalduga yetishi mumkin bo‘lgan sportchilar esa, barmoq bilan sanarli.

Image copyright All Sport

Ustiga ustak, Ronaldu FIFA tasnifida uch karra "Jahonning eng zo‘r futbolchisi" ham sanaladi.

Agar, futbolga ixtisoslashgan turli internet nashrlaridagi xabarlarga tayanilsa, so‘nggi Ovro‘po chempionatidagi omadsizligi Ronalduni ham qattiq xafa qilmay qo‘ymagan.

Agar, Bosh murabbiysining aytgan so‘zlariga tayanilsa, ayniqsa, Avstriyaga qarshi o‘yin ortidan futbolchi tungi uyqusini ham yo‘qotgan.

Boshqalari esa, "italiyalik yangi sevgilisi" haqida gap ochib, Ronaldu ko‘p kuymasa ham bo‘ladi, deya o‘zlaricha tasalli berishgacha borishgan.

Milliy terma jamoasining hal qiluvchi o‘yiniga sanoqli soatlar qolgan bir paytda Ronaldu yana "gapga aylangan".

Image copyright AP

Bugun ertalab o‘zidan suhbat olmoqchi bo‘lgan yirik portugal nashri CMTV televizion kanali muxbirining mikrofonini qo‘lidan yulqib olib, ko‘lga otib yuborgan.

Muxbir Diogo Torresning ishonishicha, Krishtianu Ronalduning bu kabi xatti-harakatiga o‘zi haqida matbuotda chop etilayotgan salbiy xabarlar sabab bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.

Ustiga ustak, kutilmagan hodisa yuz bergan paytda milliy terma jamoa Mojaristonga qarshi o‘zining yakuniy uchrashuviga hozirlik ko‘rayotgan bo‘lgan.

CMTV televizion kanali muxbiriga ko‘ra, Ronaldudan, "Bugungi o‘yinga tayyormisiz", deb so‘ramoqchi bo‘lgan".

"Ronaldu esa, javob berishning o‘rniga qo‘lidan mikrofonini yulqib olib, yon-atrofidagi ko‘lga otib yuborgan".

Image copyright EPA

"Nima uchun bunday qilganini bilmayman. Menimcha, o‘ylamay turib qildi. Agar boshqacha bo‘lganida, u bunday yo‘l tutmasdi", - deya qo‘shimcha qilishni ham unutmagan Muxbir Diogo Torres.

Uning aytishicha, o‘zlari ham Krishtianu Ronaldu haqida ko‘p xabar berishadi.

"Ulardan ayrimlari Ronalduga yoqmagan. Balki, so‘nggi hodisaga shu bois bo‘lgandir. Lekin buni shaxsiy adovat, deb aytmagan bo‘lardim", - deydi u.

Portugal muxbirining BBCga aytishicha, hozircha na-da Ronaldu va na-da milliy terma jamoa o‘zidan uzr so‘ragan.

Unga ko‘ra, Portugaliya milliy terma jamoasi bilan bitta uchoqda mezbon Frantsiyaga kelishgan va ortga ham bahamjihatlikda qaytishadi.

"F" va "E" guruhidagi bugunga rejalangan yakuniy tur uchrashuvlari ortidan esa, bu yilgi Ovro‘po chempionatining guruh bosqich saralash bellashuvlari poyoniga yetadi.

Britan vaqti bilan soat 17:00 da:

Islandiya-Avstriya

Mojariston-Portugaliya

Britan vaqti bilan soat 20:00 da:

Italiya-Irlandiya Respublikasi

Shvetsiya-Belgiya maydonga tushishadi.

Bu ikki guruhdan, hozircha, faqat Italiya muddatidan ilgari keyingi bosqichga chiqishga muvaffaq bo‘lgan, xolos.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring