Azimjon Asqarovning ishi qayta ko‘riladi

Qirg‘iziston Oliy mahkamasi Azimjon Asqarovning shikoyat arizasini ko‘rib chiqadi.

Bu haqda mahkama voizi ma‘lum qildi.

"Mahkama Azimjon Asqarovga qarshi jinoyat ishini uning himoyachisi va Asqarov yozgan shikoyat arizasi va yangi yuzaga chiqqan tafsilotlar asosida ko‘rib chiqadi...", deb aytgan u.

Voizga ko‘ra, ishni qayta ko‘radigan mahkama majlisi "11 iyul kuni mahalliy vaqt bilan 09:30"da belgilangan.

Azimjon Asqarov 2010 yil 16 iyunda Qirg‘iziston janubidagi fojeaviy iyun voqealaridan keyin qamoqqa olingan.

U iyun voqealari jarayonida ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish va mahalliy militsiya zobitini o‘ldirishga bosh qo‘shganlikda ayblangandi. 2010 yil 15 sentyabrda Asqarov umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Azimjon Asqarov bu ayblovlarni hamisha inkor etib kelgan.

AQSh hamda Ovro‘po Ittifoqi Azimjon Asqarovga chiqarilgan mahkama hukmidan o‘z noroziliklarini bildirib kelganlar, Azimjon Asqarovning dastlabki hibs payti shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani mahkama tomonidan inkor etilgani qayta-qayta ta‘kidlangan.

AQSh Davlat departamenti 2015 yil iyulida Azimjon Asqarovni "Inson huquqlari himoyachisi" mukofoti bilan mukofotlagani Qirg‘iziston rasmiylarini g‘azablantirdi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi taniqli o‘zbek inson haqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning AQSh Davlat departamenti mukofoti bilan taqdirlanganini qoralab bayonot e‘lon qildi.

Azimjon Asqarov mukofotlanganiga javoban Qirg‘iziston AQSh bilan 1993 yilda imzolangan hamkorlik bitimini bekor qildi.

Shu yilning 21 aprelida Birlashgan Millatlar tashkilotining Inson huquqlari qo‘mitasi ekspertlari 2010 yil yozidan buyon hibsda qolayotgan Azimjon Asqarovni ozod etishga chaqiriq bilan chiqdilar.

BMT qo‘mitasi Azimjon Asqarovning hibsga olinishi Qirg‘iziston qonunlariga zid bo‘lgani, izolyatorda inson chidab bo‘lmas sharoitda saqlangani, shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani hamda o‘zini mahkamada himoya qilish imkoniyatlaridan mahrum etilganini urg‘ulagan.

Bu bilan Qirg‘iziston o‘zi a‘zosi bo‘lgan bir necha fuqaroviy va siyosiy huquqlar paktlarini poymol etgan, deyiladi BMT ekspertlari xulosasida.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq