Euro 2016: Nimchorak finalchilar ma‘lum

Image copyright Getty

Chorshanba kuni poyoniga yetgan guruh bosqich saralash bellashuvlari ortidan futbol bo‘yicha bu yilgi Ovro‘po chempionatining nimchorak finalida to‘p suruvchi 16 milliy terma jamoaning nomi ma‘lum bo‘ldi.

Ularning orasida amaldagi jahon va Ovro‘po chempionlari Olmoniya, Ispaniya va mezbon Frantsiya ham bor.

Image copyright Getty

Qit‘a birinchiligining kunda-shundalik ishtirokchisi Italiya ham guruhdan keyingi bosqichga yo‘llanmani muddatidan ilgari naqd qilgan bo‘lsa, yulduz Krishtianu Ronalduning Portugaliyasi faqat yakuniy tur uchrashuvlari ortidangina bu kabi sharafga noyil bo‘ldi.

Aynan Mojaristonga qarshi ana shu 3-tur uchrashuvida Krishtianuning o‘ziga ham omad kulib boqdi.

Jamoasining bundan avvalgi ikki uchrashuvida raqiblari darvozasini biror marta zabt etolmagan futbolchi Mojaristonga qarshi chorshanba kungi o‘yinda bir emas, qo‘shaloq to‘p muallifiga aylandi.

Portugaliya esa, aynan yulduzining kiritgan ana shu to‘plari hisobiga nimchorak finaliga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Image copyright Reuters

Yulduzi Zlatan Ibrohimovich biror bir to‘psiz yakunlagan guruh bosqich saralash bellashuvlari ortidan esa, Shvetsiya bu yilgi Ovro‘po chempionati bilan xayrlashadigan bo‘ldi.

2008 yilgi Ovro‘po chempionatining yarim finalchisi bo‘lgan Rossiyaning boshiga ham xuddi shunday kuy tushdi.

Ammo boshqa bir yulduz Robert Levandovskiyning Polshasi esa, bu yil o‘z tarixida ilk bor futbol bo‘yicha Ovro‘po birinchiligining nimchorak finalida to‘p suradigan bo‘ldi.

Bu-ku, mayli, bu yilgi Ovro‘po chempionatining debyutanti bo‘lgan besh milliy terma jamoadan naq to‘rttasi: Slovakiya, Islandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya ham keyingi bosqichga chiqdi.

Nimchorak final bellashuvlarini 25 iyun kuni Shveytsariya-Polsha, Xorvatiya-Portugaliya va Uels-Shimoliy Irlandiya boshlab berishadi.

Italiya va Ispaniya uchrashuvi esa, nimchorak final bellashuvlarining eng e‘tiborli o‘yinlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring