Qozog‘iston: Yer Kodeksi ijrosi to‘xtatildi

Image caption Yer Kodeksiga o‘zgartishlar ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan edi

Qozog‘iston Senati Yer Kodeksidagi ayrim normalarning amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risida qonun qabul qilgan.

Unga muvofiq, jamiyatda noroziliklarga sabab bo‘lgan yerni xorijliklarga 25 yilga ijaraga berish haqidagi bandlarning ijrosi to‘xtatiladi.

O‘tgan oy Prezident Nazarboyev yangi tahrirdagi Yer Kodeksiga moratoriy kiritish haqidagi farmonni imzolagandi.

Yangi tahrirdagi Yer Kodeksi 2015 yil noyabrida qabul qilingan va joriy yilning 1 iyulidan kuchga kirishi ko‘zda tutilgandi.

O‘zgartishlarga muvofiq, xorijiy davlatlarning fuqarolari va umumiy kapitalining 50 foizdan ortig‘i xorijliklarga tegishli bo‘lgan huquqiy shaxslarga qishloq xo‘jaligidagi yerlarni 25 yilga ijaraga olishlari mumkin edi.

Shuningdek, yangi Yer Kodeksi yerlarni davlatdan xususiy mulk sifatida sotib olish imkonini ham bergan.

Image copyright Reuters
Image caption Nazarboyev yangi Kodeksning mazmun-mohiyati aholiga to‘g‘ri tushuntirilmaganini aytgan

Prezident Nazarboyev Yer kodeksining jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan normalariga keyingi yilgacha moratoriy qo‘yilishini aytgan.

U yangi kodeksning mazmun-mohiyati aholiga to‘g‘ri tushuntirilmaganini aytgan.

"Tushunmagan aholiga yetkazish kerak edi, yerlarimizni, ayniqsa, qishloq xo‘jalik yerlarini sotish haqida gap borayotgani yo‘q", degan janob Nazarboyev.

Aprel oyida "Er kodeksi"ga qarshi olma-Otada boshlangan norozilik namoyishlari butun Qozog‘iston bo‘ylab yoyilgan.

Faollarga ko‘ra, namoyishlarda minglab kishilar ishtirok etishgan.

Inson haqlari tashkilotlari Qozog‘iston hukumatini namoyishchilarga nisbatan qattiqqo‘lligi uchun tanqid qilgan.

Namoyishlar chog‘ida hibsga olinganlar keyinroq qo‘yib yuborilgan.

Qozog‘istonni larzaga solgan namoyishlar va Oqto‘bedagi hodisalar ortidan Prezident Nazarboyev o‘z ma‘muriyati va hukumat tarkibida qator o‘zgarishlar qilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring