Rio-2016: O‘zbekiston bir o‘rindan mahrum bo‘ldi

Image copyright Reuters

Xalqaro og‘ir atletika Federatsiyasi (IWF) Rio-de-Janeyrodagi olimpiada o‘yinlariga boradigan O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasini bir o‘rindan mahrum etgan.

Reyter xabar agentligining IWFga iqtibosan xabar berishicha, bunga bir necha doping tekshiruvlarining ijobiy natija bergani sabab bo‘lgan.

Bu haqdagi qaror IWF ijroiya kengashining Tbilisida o‘tayotgan majlisida qabul qilingan.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasidan BBCga bildirishlaricha, IWF ning bu haqdagi rasmiy bildirishi xali qo‘mitaga yetib kelmagan.

"Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining yakuniy xulosasini kutamiz. Undan keyin biron munosabat bildiramiz", - deb aytdi O‘zbekiston MOQ matbuot xizmati vakili.

Image copyright upmonitor.ru
Image caption Luiza Galiulina doping bois 2012 London o‘yinlaridan chetlatilgandi

Bundan avval 2012 yildagi London olimpiadasida o‘zbekistonlik sport gimnastikachisi Luiza Galiulina doping sabab o‘yinlardan chetlatilgandi.

Galiulinaning peshobidan furotsemid topilgani aytilgan.

Dopingga mutlaqo toqat qilmasligini aytgan IWF hozirgacha doping sinovidan o‘tolmagan jamoalardan 11 o‘rinni olib qo‘ygan.

Ularning ikkitasi Rossiya va Qozog‘istondan, qolganlari esa Ozarbayjon, Shimoliy Koreya, Moldova hamda Belarus milliy terma jamoalaridan ekani bildirilgan.

IWF ning doping sinovida hozirga qadar eng yomon natijalarni qayd etgan jamoa Qozog‘iston milliy terma jamoasidir.

Jahonning eng yetakchi shtangachisi hisoblangan Ilya Ilin doping bois Pekin va London olimpiadalarida qo‘lga kiritgan oltin medallaridan mahrum qilinishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2012 yilda medallarni qo‘lga kiritgan qozog‘istonlik yana uch nafar ayol sportchi ham doping sinovidan o‘tolmagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring