ShHT sammiti: Karimov Rahmon bilan uchrashdi

Image copyright president.tj
Image caption Siyosiy tabassumlar

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov tojikistonlik hamkasbi Imomali Rahmon bilan uchrashgan.

Ikki rahbar o‘rtasidagi uchrashuvning rasmiy tafsilotlarida Shanxay Hamkorlik tashkilotida ko‘riladigan masalalar qatori Dushanbe va Toshkent munosabatlari muhokama etilgani aytiladi.

Tojikiston prezidentining matbuot xizmatiga ko‘ra, prezidentlar o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar ko‘lamining ortib borayotganidan mamnun ekanliklarini e‘tirof etishgan.

So‘nggi yillar tojik-o‘zbek tomonlari uchrashuvlarida "ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida davlatlararo keng ko‘lamli, rejali aloqalarni yana ham yaxshilash, bu borada qator ishlar bajaralishi kerakligi haqida e‘tiroflar" bu gal ham yangragan.

Bu gal Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon o‘z mamlakatining tashqi siyosatida O‘zbekiston bilan munosabatlar ustivor mavqeiga egaligini urg‘ulagan.

Tojikiston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan suratlarda har ikkala rahbar ham anchayin xursand ko‘rinishgan.

Afg‘oniston tillarda doston, Rog‘un esa "unutildi"

Image copyright rushydro
Image caption Rog‘un eslanmadimi?

Prezidentlar uchrashuvida har ikkala tomon uchun xavotirli sanalgan Afg‘oniston masalasi ham ko‘tarilgan.

Mamlakat chegarasi va ichkarisidagi xavfsizlik vaziyat har ikkala rahbarni ham birday xavotirga solayotgani tayin.

O‘tgan yil Afg‘oniston shimolidagi yirik strategik shahar Qunduzning Toliblar tomonidan muvaqqat bo‘lsa ham ishg‘ol qilishini butun mintaqa rahbarlarini hushyor tortirgan edi.

O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari aqidaparast va jangari guruhlarning urchishidan o‘z xavotirlarini deyarli har bir chiqishlarida urg‘ulashadi.

Dushanbe va Toshkent munosabatlarida asosiy to‘g‘anoq o‘laroq ko‘riladigan Rog‘un GESi qurilishi masalasi aftidan muhokama etilmagan.

"Ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq..."

Image copyright president.tj
Image caption Imomali Rahmon hamkasbi Islom Karimovni Tojikistonga taklif etgan

Tojikiston matbuoti ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar Karimov va Rahmon uchrashuvlaridan keyin yaxshilanishiga doir bir necha maqolalar e‘lon qilgandi.

Bu kabi umidlar ikki rahbarning 2014 yilda Dushanbe uchrashuvlarida ham yangragan edi.

Dushanbedagi muxbirlarimizga ko‘ra, so‘nggi yillar matbuotda ham O‘zbekistonga nisbatan tanqidiy chiqishlar keskin ozayib ketgan.

Dushanbeda kechgan sammitda prezident Rahmon o‘zbekistonlik hamkasbiga alohida tavoze ko‘rsatgan edi.

O‘shanda mehmonlar sharafiga tashkil etilgan kontsertda aynan o‘zbekcha musiqa va raqs namoyish etilgan hamda zaldagi yirik ekrandan Toshkent manzaralarini ko‘rsatib turilgandi.

Ammo toshkentlik jurnalistga ko‘ra, Islom Karimov va Imomali Rahmonning bu kabi do‘stona uchrashuvlari o‘tmishda oddiy xalq uchun biror bir samara bergani yo‘q.

Ikki o‘rtadagi viza tizimi, chegaralardagi nodo‘stona munosabat va o‘zaro bordi-keldilardagi mushkulotlardan yuz minglab o‘zbegu tojik ozor chekayotgani aytiladi.

Iqtisodiy va nufuz o‘laroq O‘zbekiston Tojikistondan bir necha karra kattaroq bo‘lgani bilan, aksariyat kuzatuvchilar ko‘ra, oddiy aholining yashash darajasi deyarli bir xil.

ShHTning Toshkentdagi sammitida ishtirok etish uchun kelgan Imomali Rahmon hamkasbi Islom Karimovni Tojikistonga taklif etgani ham xabar qilinmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq