Bosh vazir Devid Kemeron iste‘fosi haqida e‘lon qildi

Image copyright Getty

Britaniyadagi referendumda aksariyat mamlakatining Ovro‘po Ittifoqidan chiqishini ma‘qullab ovoz bergani ortidan Bosh vazir Devid Kemeron lavozimidan ketishga qaror qilganini e‘lon etdi.

Janob Kemeron Britaniyaning OI tarkibida qolish kampaniyasining faol ishtirokchisi bo‘ldi.

Ammo 23 iyun referendumida qariyb 52 foiz britaniyalik Britaniyaning Ovro‘po Ittifoqidan chiqishi uchun ovoz berganlari ma‘lum bo‘ldi.

Image copyright Reuters

24 iyun kuni ertalab Dauning Stritda bayonot bergan Bosh vazir Devid Kemeron so‘zlariga ko‘ra, endi Britaniyaga yangi rahbarlar kerak.

Bosh vazir Kemeron uch oydan keyin lavozimini tark etishini ma‘lum qildi.

Oktyabr oyidagi Konservativ partiyaning navbatdagi qurultoyida yangi bosh vazir bo‘lishi lozim, deb aytgan janob Kemeron.

"Mamlakatimizni boshqa manzilga eltadigan kemaning kapitani bo‘lish men uchun to‘g‘ri qaror bo‘ladi deb o‘ylamayman", deb aytgan Devid Kemeron.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi bosh vazir Britaniyani Ovro‘po Ittifoqidan olib chiqish jarayonini boshlashi lozim bo‘ladi.

Ayni paytda OI rahbariyati Britaniyani ittifoqdan olib chiqish jarayonini cho‘zmaslik taklifi bilan o‘z bayonotini e‘lon qilgan.

Image copyright Getty

Bayonot Ovro‘po Kengashi rahbari Donald Tusk, Ovro‘po Parlamenti Prezidenti Martin Shults, ayni paytda OIga raislik qilayotgan Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte va Ovro‘po Komissiyasi rahbari Jan Klod Yunkerlar tomonidan imzolangan.

"Erkin ichki ovoz berishda Britaniya fuqarolari Ovro‘po Ittifoqini tark etish istagini izhor etdilar. Biz bunday qarordan afsusdamiz, lekin uni hurmat qilamiz. Biz umid qilamizki, Birlashgan Qirollik britaniyaliklarning qarorini, ushbu jarayon naqadar og‘riqli ekaniga qaramasdan, tezroq hayotga tatbiq etadi", deyiladi ittifoq rahbariyati bayonotida.

Rahbarlar fikricha, jarayonning ortga surilishi yanada ko‘proq noaniqlikka olib keladi.

Ovro‘po Ittifoqi Britaniya uchun biror bir yon bosishga borish masalasini muhokama etishga tayyor emasligi ta‘kidlangan.

"Biz umid qilamizki, (Britaniya) kelajakda Ovro‘po Ittifoqining yaqin sherigi bo‘lib qoladi", deyiladi bayonotda.

Aholisining aksari Ovro‘po Ittifoqida qolish uchun ovoz bergan Shotlandiya Birinchi vaziri Nikola Cto‘rjen aytishicha, Shotlandiyaning mustaqilligi borasidagi ikkinchi referendumni o‘tkazishdan o‘zga choralari qolmagan.

Birinchi referendum Shotlandiyada 2014 yili o‘tkazilgan va ovoz berganlarning 50 foizidan ortig‘i Britaniya tarkibida qolishni yoqlab ovoz bergan edi.

Sto‘rjen xonim so‘zlariga ko‘ra, referendum Shotlandiya uchun Ovro‘po Ittifoqi va yagona bozor tarkibida qolishning eng yaxshi yo‘lidir.

Britaniyada ham ikkinchi referendumni tashillashtirish talabi bilan onlayn-petitsiyani imzolash kampaniyasi boshlangan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq