Britaniyadagi referendumda OIdan chiqish tarafdorlari g‘alaba qozondi

23 iyundagi referendum ovozlarini hisoblab chiqish yakuniga yaqinlasharkan, Britaniyaning Ovro‘po Ittifoqidan chiqishini yoqlaganlar ko‘pchilikni tashkil etgani ma‘lum bo‘ldi.

Britaniyaliklarning 52 foizi mamlakatining Ovro‘po Ittifoqidan chiqishi uchun ovoz berganlar.

Ittifoqni tark etish – "Breksit" tarafdorlari 48 foizni tashkil etdi.

Referendum natijasi qonuniy deb topilishi uchun 50 foiz plyus 1 ovoz talab qilingan edi.

Ovoz berish natijalarini BBC tun bo‘yi to‘g‘ridan-to‘g‘ri e‘lon qilib bordi.

Referendumda 30 milliondan ortiq kishi ishtirok etgan.

Bu ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning Britaniyadagi saylovda 1982 yildan buyon qatnashgan eng ko‘p foizi - 72 ni tashkil qilgan.

London, Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyada aksariyat ittifoq tarkibida qolishni yoqlab chiqqan.

Biroq Angliyaning boshqa hududlari va Uelsdagi ko‘pchilik "Breksit" kampaniyasi tarafdori bo‘lganlar.

Ovoz berganlarning yoshi tahlil qilinganda, yoshi 18 dan 24 gacha bo‘lganlar OI tarkibida qolish uchun ovoz berganlar.

Yoshi 50 va undan kattalarning aksari esa "Breksit"ni dastaklaganlari ma‘lum bo‘lgan.

Birlashgan Qirollik Mustaqillik partiyasi - UKIP yetakchisi Nayjel Faraj so‘zlariga ko‘ra, referendum mamlakat uchun "mustaqillik kuni" bo‘ldi.

Ovro‘po Ittifoqidan chiqishga qarshi bo‘lganlar esa referendum natijalarini falokat deb ta‘riflamoqdalar.

Sotsiolog Jon Kertis fikricha, "bu London va universitet shaharlarining qishloq va sanoat Angliyasiga yutqazib qo‘ygan referendumi bo‘ldi".

"Bu kosmopolit liberal Britaniya immigratsiyadan chuqur xavotirlanayotgan konservatorlarga yutqazgan referundum bo‘ldi", deb aytgan sotsiolog.

Referendum natijalari Britaniya pul birligi – funt sterling qiymatini 1985 yildan buyongi eng quyi darajaga tushirib yuborgan.

Britaniyadagi referendum natijalarini Ovro‘podagi aksar siyosatchilar g‘amginlik bilan qarshi olganlar.

Biroq Ovro‘podagi o‘ng qanot siyosatchilar bundan mamnun va ular o‘z mamlakatlarida ham Ovro‘po Ittifoqidan chiqish maqsadi ko‘zlangan referendum o‘tkazilishi lozimligini aytmoqdalar.

Image copyright Reuters

2015 yilgi Britaniyadagi parlament saylovi oldidan qudratdagi Konservativ partiya Ovro‘po Ittifoqidan chiqish borasida referendum tashkillashtirish va‘dasini bergan edi.

Ittifoq tarkibida qolish va chiqish tarafdorlari bahsidagi asosiy masala muhojirlar mavzusi bo‘ldi.

"Breksit" tarafdorlariga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo mamlakatlardan kelayotgan muhojirlar Britaniyada ishlamasdan turib ijtimoiy nafaqa olmoqdalar va mamlakat iqtisodiga zarar yetkazmoqdalar.

Bosh vazir Devid Kemeron Ovro‘po Ittifoqi bilan muhojirlarga beriladigan nafaqalarni qisqartirish borasida kelishuvga erishganini e‘lon qildi va bu muammo hal etilganini aytdi.

Chiqish tarafdorlari esa bu choralar ittifoqdan Britaniyaga keladigan muhojirlar oqimini kamaytirmaydi, deb turishdi.

"Breksit"ning asosiy yalovbardori bo‘lgan Londonning sobiq hokimi Boris Jonson va boshqa safdoshlari Britaniyaning "Ovro‘po Qo‘shma Shtatlari"ga "singib" ketayotgani mamlakatlari uchun foydali bo‘lmayotganini uqtirib keldilar.

Bosh vazir Devid Kemeron esa Ovro‘po Ittifoqi Britaniyaning boshqa integratsiya harakatlariga qo‘shilmasligiga rozi bo‘lganini aytdi.

Endi nima bo‘ladi?

Image copyright PA

Britaniya hali kamida 2 yil Ovro‘po Ittifoqi tarkibida qoladi.

Ittifoq konstitutsiyasiga binoan, Britaniya OIdan chiqish haqida Bryusselga rasman murojaat qilishi lozim.

Rasman xabardor etilganidan muzokaralar jarayoni boshlanishi ko‘zda tutilgan.

Bu jarayon ham ikki yilcha davom etishi mumkin.

Britaniya ittifoqdan chiqadigan bo‘lsa, OI qonunlarini Britaniyaning o‘zining qonunlariga almashtirish, shu bilan birga yangi savdo shartnomalarini tuzish jarayonini boshlash talab etiladi.

Bu muzokaralar qancha vaqtni oladi, hech kim bilmaydi.

24 iyun kuni ertalab Bosh vazir Devid Kemeron o‘z iste‘ofsi haqidagi bayonot bilan chiqdi.

U uch oydan keyin o‘z lavozimidan ketishga va‘da bergan.

Oktyabr oyidagi Konservativ partiya qurultoyida mamlakatning yangi bosh vaziri bo‘lishi kerak, deb aytgan Devid Kemeron.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq