Tolibon "Bachabozlik"dan hujumlarda foydalanmoqda

Afg‘oniston hukumati e‘lon qilishicha, "Bachabozi" jinsiy tahqirlovlarida ishtirok etgani aniqlangan politsiya zobitlarini jazoga tortadi.

Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani bu borada tergov boshlashga farmon bergan.

Bunga Frantsiyaning "Frans Press" axborot agentligi e‘lon qilgan maqola sabab bo‘lgan.

"Frans Press" maqolasida aytilishicha, Tolibon politsiya xodimlari tomonidan jinsiy tahqirlangan o‘g‘il bolalarni topgan va o‘zini jinsiy tahqirlaganlardan qasos olishi uchun o‘sha bolalardan xudkush hujumchilar sifatida foydalangan.

Bunday xudkush hujumchilar yuzlab politsiya xodimini o‘ldirganlar.

Frantsiya axborot agentligining maqolasi xalqaro miqyosda xavotir va qoralovchi bayonotlarga sabab bo‘ldi.

Bunday bayonot bilan chiqqanlar orasida BMT ham bor edi.

Maqolasi ortidan "Frans Press" ushbu muammoga oid savol-javob ham e‘lon qildi.

"Bacha bozi" - "Bola yoki bacha o‘yini" ma‘nosini anglatib, voyaga yetmagan bilan jinsiy aloqaga kirishish amaliyoti ekani eslatiladi.

Afg‘onistonning O‘ruzgon viloyatidagi jangarilar voyaga yetmagan jinsiy qullarni politsiyachilarning o‘zilariga qarshi qaratish bilan yuzlab politsiya xodimlarini o‘ldirgani xabar qilinadi.

Nima u bachabozi?

Qudratli davlat qo‘mondonlari, qo‘mondonlar, siyosatchilar va elitaning boshqa ko‘zga ko‘ringan a‘zolari ko‘pincha o‘z kuchi va ta‘sirini ko‘rsatib qo‘yish maqsadida "bacha" saqlaydilar. Ayollar kiyimini kiyib olgan "bacha"lar xususiy ziyofat-bazmlarda raqsga tushishga, so‘ng esa jinsiy yaqinlikka majbur qilinadilar. Mamlakatda ko‘pchilik "bachabozlik"ka "besoqolbozlik" deb qaramaydi. Bir jinsdagi ikki shaxsning jinsiy yaqinlashuvi - gomoseksual yaqinlashish Islom dinida taqiqlangan va jamiyatda jirkanch jinsiy amal deb keng qoralanadi. Biroq bachabozlikka besoqolbozlik deb qarash emas, madaniy hayotning bir tarkibiy qismi sifatida qarash shakllangan.

Naqadar keng tarqalgan?

"Ayol bola tug‘ishi uchun, bacha lazzat uchun", degan gapni butun Afg‘oniston bo‘ylab eshitish mumkin. Qadimdan kuzatib kelingan bachabozlik Tolibonning 1996 yildan 2001 yilgacha hukmronlik yillarida taqiqlangan, lekin so‘nggi yillarda yana keng tarqalib borayotganini kuzatish mumkin. Aytilishicha, bachabozi Afg‘onistonning janubiy va sharqiy viloyatlaridagi qishloq joylarida va mamlakat shimolidagi ayrim hududlarda ko‘p tarqalgan.

Bachabozi keng tarqalishiga nega izn berib qo‘yilgan?

Afg‘on jamiyatida ayol va erkakning bir-biridan ajratilgani qattiq talab qilinishi, xotin-qizlar bilan muloqot deyarli yo‘q darajaga tushirib yuborilgani bachabozilik tarqalishiga sabab bo‘ladigan asosiy omillardandir, deyishadi inson huquqlarini himoya qilish guruhlari.

Shuningdek, yana qator faktorlar, xususan, qonunlar ishlamasligi, korruptsiya, adliyaning hamma uchun ham imkonli emasligi, savodsizlik, qashshoqlik, xavfsizlik yo‘qligi hamda qurollangan guruhlarning mavjudligi ham bachabozlikning tarqalishiga turtki beradi, deydi Afg‘oniston Mustaqil Inson huquqlari komissiyasi. Mustaqil komissiya Afg‘oniston qonunchiligida jinsiy zo‘rlash va hamjinsbozlik uchun jazo ko‘zda tutilganini, biroq bachabozilik uchun aniq jazo ta‘rifi aytib o‘tilmaganiga e‘tibor qaratadi. "O‘g‘il bolalar bilan jinsiy yaqinlik qiladiganlarning aksarining xavfsizlik idoralari bilan bog‘liqligi bor va ular jazodan qutulib qolish uchun o‘z qudratini ishga soladi, poralar beradi", deyiladi Afg‘oniston Mustaqil Inson huquqlari komissiyasining 2014 yili e‘lon qilgan hisobotida.

Bolalar qayerdan olib kelinadi? Keyin ularga nima bo‘ladi?

Bachalar odatda 10 bilan 18 yoshning o‘rtasida bo‘ladilar. Afg‘oniston Mustaqil Inson huquqlari komissiyasi hisobotida aytilishicha, ba‘zan ularni o‘g‘irlab ketadilar. Ammo ko‘pincha imkonsiz qashshoqlik oilalarni o‘z o‘g‘illarini bachchabozlarga sotishga majbur etadi. "Bachabozi" qurbonlari ko‘pincha jinsiy zo‘rlanganlari uchun jiddiy ruhiy shikast oladilar va bu ta‘sir bir umrga qoladi", deyiladi komissiya hisobotida. "Bunday qurbonlar stressdan umidsizlik va ruhiy tushkunlikdan azob chekadilar, ularda o‘zgalarga ishonchsizlik kuchayadi. Bachabozi o‘g‘il bolalar orasida qo‘rquvga sabab bo‘ladi va ularning ongida qasos va dushmanlik tuyg‘usini rivojlantiradi", degan xulosaga kelgan Afg‘onistonning mustaqil inson haqlari guruhi. Oqibatda jinsiy zo‘rlik qurboni o‘zi bir kun voyaga yetganidan keyin o‘g‘il xushtori bo‘lishini xohlaydi va bunday tarix takrorlanaveradi.

Bachabozi Afg‘onistondagi xavfsizlik vaziyatiga qanday ta‘sir ko‘rsatmoqda?

Afg‘on rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Bachabozlik Afg‘onistonning O‘ruzgon singari beqaror viloyatlaridagi vaziyatlarga halokatli ta‘sir qilmoqda, Tolibonga eng yuqori xavfsizlik maqomlariga ham singib kirishiga imkoniyat ochib bermoqda. Bu tahqirlovchi amaliyot NATO harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazgan Afg‘on xavfsizlik kuchlari uchun ham qo‘poruvchi xususiyaga ega bo‘lgan. Bu haqda AQSh Kongressida ham aytilgan. "AQSh Afg‘on Milliy Mudofaa va Xavfsizlik kuchlariga ko‘mak uchun 60 milliard dollar ajratgan, shu jumladan, 500 million dollar Afg‘on mahalliy politsiyasi uchun. Afg‘on askarlari va politsiyasining yovvoyi jinsiy amallari AQSh va Afg‘on jamoat dastagini qo‘porishi hamda bizning haddan ziyod katta sarmoyamizni xavf ostiga qo‘yishi mumkin", deyilgan AQSh Kongressiga 2015 yil dekabrida qilingan hisobotda.

"Yovvoyi mujohidlarning mana shunday vahshiy tahqirlashlari 1990 yillar boshlarida Tolibonning mashhurlashishishiga, mamlakatning aksar qismida tezda qudratga kelishiga olib kelgandi. Hukumat kuchlarining 2001 yildan keyingi xuddi shunday amallari isyonkorlikni ruhlantirishga yordam berayapti", deb aytgan Kobulda faoliyat yuritayotgan G‘arbiy rasmiy "Frans Press" axborot agentligi bilan suhbatda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq