Euro 2016: Ispaniya pastga quladi

Image copyright bbc

Amaldagi Ovro‘po chempioni barobarida Angliya ham bu yilgi Ovro‘po birinchiligi bilan muddatidan ilgari xayrlashdi.

Biroz avval poyoniga yetgan yakuniy nimchorak final bellashuvlari ortidan chorak finalda to‘p suruvchi ja‘mi 8 milliy terma jamoaning nomi ma‘lum bo‘ldi.

Polsha, Uels, Portugaliya, mezbon Frantsiya, Belgiya, Olmoniya, Italiya va Islandiya Ovro‘po chempionligi uchun o‘z kurashlarini davom etdiradigan bo‘lishdi.

Bu – Polshaning o‘z tarixida ilk bor futbol bo‘yicha Ovro‘po birinchiligining nimchorak va chorak finaliga chiqishi bo‘ldi.

Uels va Islandiya esa, shundoq ham bu yilgi birinchilikning debyutantlari bo‘lgan milliy terma jamoalar sanalishadi.

Nimchorak final bellashuvlari o‘tgan shanba – 25 iyun kuni start olgandi.

Image copyright Getty

Aynan Ispaniya-Italiya uchrashuvi bu bosqichdagi bellashuvlar orasidan eng qiziqarlisi bo‘lishi kutilgan.

Amaldagi Ovro‘po chempionining Italiyadan 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatini esa, ko‘pchilik kutmagan bo‘lishi tayin.

Buning ortidan o‘z tarixida to‘qqizinchi bor Ovro‘po chempionligi uchun kurashayotgan Angliyaning chempionat debyutanti Islandiya 1:2 hisobida yutqazib qo‘yishi ham kattagina shov-shuvlarga sabab bo‘lmay qolmadi.

Milliy terma jamoaning mag‘lubiyatidan qisqa vaqt o‘tmay, Bosh murabbiysi Roy Xojson ham iste‘fo berdi.

Bundan avval Rossiya milliy terma jamoasining Bosh murabbiysi ham o‘z vazifasidan ketgan, uning shogirdlari bu yil hali guruh boqichidanoq ortga qaytishga majbur bo‘lishgandi.

Image copyright AFP

Chorak finalchilar orasidan esa, eng nomdorlari amaldagi jahon va uch karra Ovro‘po chempioni Olmoniya hamda Italiya bo‘lishadi.

Taqdirning yana bir hazilini qarangki, chorak finalda ham aynan shu ikki raqib milliy terma jamoa bir-birlari bilan to‘qnash kelishadi.

Ikkovlon o‘rtasidagi hal qiluvchi kurash 2 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Chorak final bellashuvlarining o‘zi esa, 30 iyun kuni start oladi.

Uni Robert Levandovskiyning Polshasi va Krishtianu Ronalduning Portugaliyasi boshlab berishadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring