Putin Erdo‘g‘on bilan telefonda gaplashadi

Image copyright AFP
Image caption Bu ikki davlat rahbarining oxirgi 6 oydagi ilk muloqoti bo‘ladi

Reyter agentligining Kremlga iqtibosan xabar qilishicha, chorshanba kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon muloqoti o‘tkazadi.

Bu ikki davlat rahbarining o‘tgan yil noyabrida Suriya bilan chegarada rus qiruvchi uchog‘ining urib tushirilishidan buyon ilk muloqoti bo‘lishi kutilmoqda.

Telefon so‘zlashuvining qaysi tomon tashabbusi bilan amalga oshishi haqida hech narsa deyilmagan.

Dushanba kuni Turkiya Prezidenti Prezident Putinga bir maktub yo‘llab, hodisa uchun uzr so‘ragani xabar qilingandi.

Ayni paytda maktubda Erdo‘g‘onning "kechirim" so‘zini ishlatmagani, balki uchuvchining oilasiga murojaat qilib, "ko‘ngillariga olmasinlar" ("kusura bakmasinlar") qabilida hamdardlik izhor qilgani o‘rtaga chiqqan.

Janob Erdo‘g‘onning o‘zi maktubga izoh bera turib, rus uchuvchisining o‘limidan taassuf izhor qilganini aytgan.

Kremlning rasmiy xabarida aytilishicha, Erdo‘g‘on maktubda Turkiya "hech qachon Rossiya Federatsiyasiga tegishli samolyotni urib tushirish niyati"ga ega bo‘lmaganini ta‘kidlagan.

Maktubda, shuningdek, rossiyalik uchuvchining o‘limiga bog‘liqlikda ko‘rilayotgan Turkiya fuqarosiga qarshi jinoiy tergov ochilgani aytilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Turkiyadagi mahkama rossiyalik uchuvchining o‘limida ayblanayotgan Alparslon Chelikni mamlakatdan chiqmaslik haqidagi tilxat evaziga ozod qilgan.

Image copyright RIA Novosti
Image caption Peskov Turkiya bilan aloqalarni bir necha kunda tuzatish imkonsiz ekanini aytgan

Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bir necha bor Chelikning og‘ir jazoga tortilishiga chaqirgandi.

Hodisa ortidan Prezident Erdo‘g‘on urib tushirilgan uchoqning Rossiyaga tegishli ekanidan bexabar bo‘lganlari, buni bilganlarida boshqacha harakat qilishlarini aytgan.

Turk Havo kuchlariga ko‘ra, SU-24 uchog‘i Turkiya havo hududini buzib kirgani uchun urib tushirilgan.

Putin Turkiyaning amalini "orqadan pichoq urish" deb atagan.

Tovon puli

Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim "kerak bo‘lsa, urib tushirilgan uchoq uchun Rossiyaga tovon to‘lashlarini" ma‘lum qilgan.

"6 oyda bo‘lib o‘tganlarni xuddi ko‘rmagandek, yo‘limizda davom etamiz", deb aytgan Turkiya Bosh vaziri.

"Kerak bo‘lsa, tovon to‘lashimiz va munosabatlarning odatiy holga qaytishini istayotganimizni bildirdik".

Ayni paytda Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskov Turkiya bilan aloqalarni bir necha kunda tuzatish imkonsiz ekanini aytgan.

Dushanba kuni Rossiya Qishloq xo‘jalik vaziri Aleksandr Tkachev Turkiya bilan munosabatlarning bundan keyin qay darajada bo‘lishiga "Moskva qaror berishi"ni aytgan.

Hodisa ortidan Rossiya Turkiyadan qishloq xo‘jalik mahsulotlari importini taqiqlab qo‘ygandi.

Kreml shuningdek, rossiyalik sayyohlarga Turkiyaga bormaslikni tavsiya qilgan.

Turkiya Turizm vazirligi seshanba kuni e‘lon qilgan raqamlarga ko‘ra, o‘tgan oy mamlakatga kelgan xorijlik sayyohlar soni uchdan birga kamayib ketgan.

Dushanba kuni Turkiya Isroil bilan ham aloqalarni normallashtirish yuzasidan kelishuvga erishgani ma‘lum bo‘lgan.

2010 yilda Isroil maxsus kuchlarining G‘azoga yordam olib borayotgan "Moviy Marmara" kemasiga hujum qilishi ikki davlat o‘rtasidagi inqirozga sabab bo‘lgan edi.

Turkiya 9 nafar fuqarolarining o‘limi uchun tovon talab qilgan.

Dushanba kungi chiqishida Prezident Erdo‘g‘on Isroildan rasman kechirim so‘rashni talab qilgani va 2013 yilda Isroil Bosh vaziri Prezident Obama guvohligida undan shaxsan kechirim so‘raganini ma‘lum qilgan.

Turkiya Bosh vaziri Yildirim Anqara kelayotgan kunlarda Misr bilan ham aloqalarni yaxshilash sari qadamlar qo‘yishini aytgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring