UMS aktsiyalarini sotish ustida bosh qotirishayapti

4 yil oldin kamida 9 million mijozni mobil aloqasiz qoldirgan MTS shirkati yana O‘zbekistondagi biznesi ulushlarini sotishi haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan.

Bu xabarlar Rossiyaning MTS shirkati va O‘zbekistondagi davlat mulozimlariga tayanib tarqatilmoqda.

O‘zbek rasmiy mulozimlari ham, Moskvadagi MTS shirkati ham hozircha Rossiya axborot agentliklari, ro‘znomalar va Internet nashrlari tarqatayotgan xabarlarga rasman munosabat bildirgani yo‘q.

Rossiya "Interfaks" axborot agentligining MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi - Universal Mobile Systems (UMS)dagi manbaga tayanib xabar qilishicha, MTS o‘zining UMS dagi aktsiyalari ulushini sotish ustida bosh qotirmoqda.

"Interfaks" ushbu xabarni O‘zbekiston texnologiyalar va kommunikatsiyani rivojlantirish vazirligidagi o‘z manbasi ham tasdiqlaganini yozgan.

2012 yilgi mojarodan keyin 2014 yil 1 dekabrida MTS O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga qaytgan, O‘zbekistonning "Radioaloqa, radiouzatish va televideniye" davlat korxonasi bilan birga Universal Mobile Systems (UMS)ga asos solgan edi.

UMSning aktsiyalar paketida 50,01 foiz MTSga, qolgani "Radioaloqa, radiouzatish va televideniye" korxonasiga tegishli bo‘lgan.

MTSning 50,01 foizlik ulushlari O‘zbekiston tarafiga "ramziy bahoga" sotilishi mumkinligi aytilmoqda.

Bu AQSh Adliya vazirligi MTSga nisbatan olib borayotgan aksilkorruptsiya tekshiruvini hal qilish maqsadida talab qilinayotgan shartlardan biri bo‘lishi mumkin, deb aytgan O‘zbekiston texnologiyalar va kommunikatsiyani rivojlantirish vazirligidagi manba.

O‘tgan yili AQSh Ovro‘podagi besh mamlakatdagi jami 1 milliard dollar atrofidagi mablag‘ni hibs qilishni so‘rab murojaat qilgan, bu aktivlar O‘zbekistonning telekommunikatsiya bozoridagi korruptsiya bilan bog‘liq ishga aloqador deb ko‘rilgani aytilgan.

AQSh Adliya vazirligiga ko‘ra, o‘zlarining o‘tkazgan tergovi natijasida Rossiyaning Vimpelcom va MTC shirkatlari, Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati O‘zbekistondagi telekommunikatsiya shartnomalarini qo‘lga kiritish uchun O‘zbekistondagi amaldorlarga pora berganlari aniqlangan.

Vimpelcom Ltd o‘z aybini tan olgan va O‘zbekistondagi "Bilayn"ning egasi AQSh Adliya vazirligi, Qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiya va Gollandiya prokuraturasi bilan korruptsion tekshiruvni hal qilish maqsadidagi bitimlarni imzolagan.

Vimpelcom 795 million dollar to‘lashga rozi bo‘lgan.

Biroq MTS Amerika tarafi hibsga olishni so‘ragan Ovro‘podagi aktivlar o‘ziga tegishli emasligini aytgan.

MTS bayonotida aytilishicha, "Ovro‘poning qator mamlakatlarida AQSh davlat organlari hibsga olishda ko‘maklashish so‘rovini yuborgan aktivlarning sohibi emas".

Xabar qilinishicha, UMSning kelajagi borasida ikkita yo‘l ko‘rib chiqilayapti.

Birida hamma narsa hozirgidek qoladi, ikkinchisida MTS O‘zbekistondagi mobil aloqa bozorini tashlab chiqib ketadi.

Hozircha bu borada bir qarorga kelinmagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq