Qamoqdagi huquq faolining muddati uzaytirildi

O‘zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyatining xabar berishicha, Navoiy viloyatidagi Qiziltepa tuman mahkamasi huquq faoli G‘anixon Mamatxonovning jazo muddatini yana 3 yilga uzaytirgan.

2009 yilda firibgarlikda ayblanib, 5,2 yilga ozodlikdan mahrum etilgan G‘anixon Mamatxonovning kelasi oy boshida ozodlikka chiqishi kutilayotgandi.

Inson haqlari tashkilotlari Mamatxonovning qamoqqa tashlanishiga uning huquq himoyachisi sifatidagi faoliyati sabab bo‘lganini aytishadi.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 64/29-sonli muassasada jazo muddatini o‘tayotgan huquq faoli ustidan navbatdagi mahkama 30 may kuni bo‘lib o‘tgan.

Farg‘onalik inson haqlari faolining hozirda Kattaqo‘rg‘ondagi 7-sonli tergov izolyatorida saqlanayotgani aytiladi.

Mamatxonovga qo‘yilgan yangi ayblov tafsilatlari ma‘lum emas, ammo O‘zbekistonda muxolifat va huquq faollarini ozodlikka chiqish arafasida qamoqxona tartibini buzganlik aybi bilan yangidan jazoga mahkum etish hollari keng tarqalgan.

G‘anixon Mamatxonovning jazo muddati bundan avval ham bir marta uzaytirilgan, 2014 yil martida yaqinlari uning qamoqxona tartibini buzdi, degan ayblov bilan tergov izolyatoriga tashlanganini aytishgandi.

63 yoshli mahkumning rafiqasi Arofatxon Mamatxonova erining ahvoli og‘irligi, uning qon bosimi tez-tez oshib ketayotgani haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh prokuror va Oliy sud raisiga to‘xtovsiz murojaatlar qilib kelayotgandi.

"Ezgulik"ning xabar berishicha, huquq faolining jazo muddati uzaytirilgani haqidagi xabar ortidan Arofatxon Mamatxonova Respublika Shoshilinch Tez Tibbiy Yordam Markazining Andijon shahar bo‘limiga keltirilgani va ahvoli og‘irligini aytmoqda.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari O‘zbekiston hukumatini G‘anixon Mamatxonov va o‘zbek qamoqxonasidagi boshqa faollarni ozod etishga chaqirib keladilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring