"Bosh vazir o‘rinbosari hibsga olinmagan"

Image copyright heydaraliyevfoundation.org
Image caption Ulug‘bek Ro‘ziqulov (chapda) O‘zbekiston avtosanoatining amaldagi rahbaridir

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakat Bosh vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulovning jinoiy javobgarlikka tortilgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Podrobno.uz nashrining Bosh prokuratura rasmiy xabaridan iqtibos keltirishicha, "O‘zavtosanoat" hissadorlik shirkati boshqaruv raisining jinoiy javobgarlikka tortilgani va unga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangani haqidagi xabarlar haqiqiy voqe‘likka to‘g‘ri kelmaydi".

"Hozirda Bosh prokuraturada Ro‘ziqulovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mavjud emas", deyiladi xabarda.

Ayni paytda Bosh prokuraturaning rasmiy web sahifasida bu borada biron xabar chop etilmagan.

BBCning rasmiy raddiya yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati qilgan murojaati natija bermadi.

Ulug‘bek Ro‘ziqulov nomi "O‘zavtosanoat"ning rasmiy web sahifasida hanuz boshqaruv raisi sifatida qayd etilgan.

O‘tgan hafta 'GM-Uzbekistan' rahbariyatdagi hibsga olishlar bilan bog‘liq xabarlarni rad etib chiqqandi.

Shirkat shuningdek, O‘zbekistonda GM avtomobillarini realizatsiya qilishning noqonuniy sxemalari amal qilishi haqidagi da‘volarni ham inkor etgan.

Tekshiruvlar

Ro‘ziqulovga nisbatan jinoyat ishi ochilgani haqidagi ma‘lumot O‘zbekiston avtosanoatida korruptsiyaga doir yirik tekshiruvlar boshlangani haqidagi xabarlar ortidan paydo bo‘lgan.

O‘tgan oy boshida 'GM-Uzbekistan' qo‘shma korxonasi bosh direktori Toxirjon Jalilov lavozimidan chetlatilgan.

Image copyright none
Image caption "GM-Uzbekistan" tizimida korruptsiyaga doir yirik tekshiruvlar borayotgani aytiladi

Jalilov shirkatga tegishli 200 million AQSh dollarini o‘zlashtirishda gumon qilinayotgani aytilgan.

"O‘zavtosanoat" BBCga Tohirjon Jalilovning ishdan olingani haqidagi xabarlarni tasdiqlamagan, ammo rad ham etmagan.

O‘zbekistonning ichki bozorida sotiladigan atomobillarning 90 foizdan ko‘prog‘i "GM -Uzbekistan" hissasiga to‘g‘ri keladi.

"General Motors" dunyoning boshqa bironta bozorida bu kabi yirik hissaga ega emas.

"GM-Uzbekistan" hissalarining 75 foizi O‘zbekiston hukumatiga tegishli.

O‘zbekiston hukumati xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillarga yirik boj solish orqali 'GM-Uzbekistan'ning ichki bozordagi mutlaq monopoliyasini muhofaza qilib keladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring