Karimov Erdo'g'onga ta'ziya bildirdi

Image copyright Reuters

Bu haqda O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati bildirgan.

Istanbuldagi Otaturk xalqaro aeroportida amalga oshirilgan seshanba kungi terakt qurbonlari orasida bir O'zbekiston fuqarosi ham bor.

Ayrim xabarlarda hujumlarda yaralangan o'zbekistonliklar ham borligi aytilsa-da, hozircha, ularni rasman tasdiqlashning imkoni bo'lgani yo'q.

"Mamlakatimiz rahbari prezidenti va qardosh turk xalqiga chuqur ta'zilarini izhor qiladi, qurbon bo'lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga samimiy hamdarlik bildiradi", - deyiladi bu xususdagi bildirishnomada.

Bundan avval qo'shni Qozog'iston rahbariyati Istanbuldagi hujumlarni keskin qoralab chiqqan, ularga o'z hamdardliklarini izhor etgandi.

Ammo qurbon bo'lgan va yoki yaralangan fuqarolari bor-yo'qligi xususida bir so'z demagandi.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligining rasman bildirishicha esa, hodisada biror bir fuqarolari qurbon bo'lmagan.

Faqat bir nafar qirg'izistonlik engil yaralangan.

Rasmiy Dushanbega ko'ra, Otaturk xalqaro aeroportidagi terakt o'z fuqarolari uchun hech bir ziyon-zahmatsiz kechgan.

Qancha o'zbekistonlik?

Image copyright AFP

O'zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasidan Bi-bi-si O'zbek Xizmatiga bildirishlaricha, mas'ullar hozir ushbu savolga oydinlik kiritish harakatida.

Ayon bo'lishicha, bu ish bilan shaxsan O'zbekiston Bosh konsuli va konsuli shug'ullanmoqda.

O'zbekiston Bosh konsulxonasi vakiliga ko'ra, bu xususdagi ma'lumotning o'zlariga qachon imkonli bo'lishi ma'lum emas.

Ammo, uning aytishicha, vaziyat oydinlashishi bilan eng so'nggi rasmiy ma'lumot O'zbekiston Bosh konsulligi rasmiy veb sahifasida chop etiladi.

Turkiyalik rasmiylarning hozirga kelib bildirishlaricha, qurbonlar orasida bir O'zbekiston fuqarosi ham bor.

Ammo hozircha bu o'zbekistonlikning kim ekani tafsilotlari ma'lum emas.

Turkiyaning Istanbul shahridagi Otaturk xalqaro aeroportidagi portlashlar 29 iyunga o'tar kechasi sodir etilgan.

Eng so'nggi xabarlarga ko'ra, hodisada qirq bir inson qurbon bo'lgan. 239 inson yaralangan.

Image copyright Getty

Turkiyalik mas'ullar avvalboshdanoq hujumlarda talafot ko'rganlar orasida chet ellliklar ham borligini aytishgan.

Rasmiylar e'lon qilgan eng so'nggi ma'lumotlardan ayon bo'lishicha, ulardan besh nafari Saudiya Arabistoni va yana ikkitasi iroqlik bo'lishgan.

Xitoy, Iordaniya, Tunis, O'zbekiston va Ukraina esa, Istanbuldagi so'nggi hujumda bittadan fuqarolarini boy berishgan.

“O'zbekiston Havo yo'llari” shirkati o'z parvozlarini xuddi ana shu xalqaro aeroport orqali amalga oshirib kelgan.

Ayon bo'lishicha, hujum yuz bergan soatlarda Otaturk xalqaro aeroportidan Istanbuldan Toshkentga NY 274 reysi (22:45) ham parvoz qilishi kerak bo'lgan.

Shirkatning bugun chorshanba 29 iyun kuni rasman bildirishicha, turkiyalik mas'ullarning Otaturk xalqaro aeroportini vaqtinchalik yopish qarori ortidan, Istanbul-Toshkent reysining sanasi va vaqti o'zgartirilgan.

Kecha seshanba kuniga rejalangan yo'lovchi uchog'ining parvozi bugun mahalliy vaqt bilan kechki soat 20:00 da amalga oshirilishi ma'lum qilingan.

Ammo

Image copyright AP

Ayrim mahalliy internet nashrlarining xabar berishlaricha, Otaturk xalqaro aeroportida amalga oshirilgan muvofiqlashtirilgan hujumlarda jabr ko'rganlar orasida bir O'zbekiston fuqarosi ham bor.

Jumladan, kun.uz saytining yozishicha, bu haqda Istanbuldagi shifoxonaga yotqizilgan o'zbekistonlik ayolning o'zi ma'lum qilgan.

Ammo, “O'zbekiston Havo yo'llari” shirkatining Istanbuldagi vakolatxonasidan Bi-bi-si O'zbek Xizmatiga bildirishlaricha, kecha seshanba kuniga rejalangan reys yo'lovchilari orasida jabr ko'rganlar umuman bo'lmagan.

Vakolatxona vakili, o'z o'rnida, boshqa yo'nalishlar bo'yicha amalga oshirilayotgan parvozlardagi O'zbekiston fuqarolari borasida hech narsa deya olmasligini bildirgan.

Shu soatlarda Otaturk xalqaro aeroportidagi so'nggi hujumlarda ukrainalik 56 yoshli ayolning qurbon bo'lgani, yana birining yaralangani rasman tasdiqlangan.

Imkonli bo'lgan boshqa bir ma'lumotga ko'ra, hodisada bir rossiyalik ham tan jarohati olgan.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligining rasman bildirishicha, hodisada jabrlangan Rifat Salimov(20 yashar) O'zbekiston fuqarosi bo'lib chiqqan.

Konsullika ko'ra, hozir ularning qay bir davlat fuqarolari ekanliklarini aniqlash ustida ish olib borishmoqda.

Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi esa, Istanbuldagi so'nggi hujumni keskin qoralab chiqqan.

AQSh ham bu xususda rasmiy Ostonaga qo'shilishgan, Olmoniya Tashqi ishlar vazirligi esa, Turkiyaga o'z hamdardligini izhor qilgan.

Bu kabi qonli hodisaning musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyida uyushtirilganiga alohida diqqat qaratib, o'zbekistonlik ko'plab internet foydalanuvchilari ham bu kabi tanqidlarga qo'shilishgan.

Turkiya xavfsizlik kuchlarini bu kabi hujumlarning oldini ololmaslikda ham ayblashgan.

Misol tariqasida Toshkent xalqaro aeroportidagi xavfsizlik choralarini tilga olishni ham unutishmagan.

Bu ikki davlat o'rtasida amalda bo'lgan vizasiz rejim shartlariga muvofiq, o'zbekistonliklar vizasiz borishdan tashqari, Turkiya hududida bir oygacha qolishlari ham mumkin bo'ladi.

Turkiya, yillarki, aksariyat mintaqa aholisi uchun tijorat va sayyohlik markazi bo'lib kelgan.

Ulardan ko'pchiligining tirikchiligi Turkiyadan keltirilayotgan turli xil tovarlar savdosi orqasidan o'tadi.

Ustiga ustak, Turkiya ular uchun til va madaniyati o'zlariga juda yaqin bo'lgan dunyodagi sanoqli davlatlardan biri sanaladi.

Eng so'nggida eslatib o'tish joiz, Otaturk xalqaro aeroportidagi so'nggi hodisaga biror bir guruh rasman mas'uliyatni o'z zimmasiga olib chiqmagan. Xudkush hujumchilarning maqsadi ham noayonligicha qolmoqda.

Turkiyalik rasmiylarning o'zlari esa, bu ishni Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi barobarida kurd jangarilariga ham nisbat berishmoqda.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq