Toshkent xalqaro aeroporti nima qilmoqchi?

O‘zbekistondan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, o‘tgan tungi teraktga qaramay, Istanbulga reyslar bekor qilinmagan va Toshkent xalqaro aeroporti odatiy tartibda o‘z faoliyatini davom etdiradi.

Rossiya “Sputnik” internet nashrining mahalliy mas’ullarga tanyaib xabar berishicha, Istanbuldagi Otaturk xalqaro aeroportida amalga oshirilgan portlashlar sabab, O‘zbekistonning bosh aeroportida biror bir qo‘shimcha xavfsizlik choralari ham ko‘rilmaydi.

Xabar tafsilotlaridan ma’lum bo‘lishicha, “O‘zbekiston Havo yo‘llari” milliy aviashirkatining Toshkent-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha bugun ertalabki reysi ham bekor qilinmagan.

Biroz kechikish bilan bo‘lsa-da, yo‘lovchi uchog‘i Toshkent xalqaro aeroportidan Istanbulga uchib ketgan.

Ammo

Belgiya poytaxti Bryusselda shu yil 22 mart kuni yuz bergan portlashlardan so‘ng O‘zbekiston huquq-tartibot organlari Toshkent aeroportida xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirgani xabar qilingandi.

Bryusseldagi hodisada ikki nafar xudkush hujumchi o‘zlarini “Zaventem” aeroportining uchib ketish zalida portlatib yuborishgandi.

Aeroport xodimlaridan biri o‘shanda Sputnik nashri muxbiriga O‘zbek aeroportlari xavfsizlik darajasi bo‘yicha dunyoda birinchilaridan sanalishini aytish barobarida terrorchi va jinoyatchilarni aniqlashga qaratilgan bir necha bosqichdan iborat xavfsizlik tizimining yanada mukammallashtirilganini bildirgandi.

Uning so‘zlaridan uchib kelayotgan yoki jo‘nab ketayotgan yo‘lovchilar o‘zlari va yuklarining sinchkovlik bilan bir necha joyda tekshirilayotgani, aeroport hududiga yaqinlashayotgan avtomobillar esa, birma-bir ko‘zdan kechirilayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Ta’kidlash joiz, bunday xavfsizlikni kuchaytirish choralari O‘zbekiston aeroportlaridan foydalanuvchi yo‘lovchilar uchun odatiy tus olib qolgan.

Jumladan, o‘tgan yili IShID guruhi tahdidlariga qarshi O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati tomonidan mamlakatning barcha havo qo‘nalg‘alarida “IShID-kontrol”, deb nomlangan tekshiruv tadbiq qilingani haqida ham xabarlar tarqalgandi.

Otaturk xalqaro aeroporti

Image copyright AFP

“O‘zbekiston Havo yo‘llari” milliy aviashirkati esa, o‘z parvozlarini aynan Istanbuldagi Otaturk xalqaro aeroporti orqali amalga oshirib keladi.

Bu aeroport kecha tunda qator portlashlar va otishmalarga sahna bo‘lgan.

Turkiyalik mas’ullarga ko‘ra, bu – xudkush hujumchilarning ishi bo‘lgan.

Hujumchilar avvaliga avtomatlaridan o‘t ochib, so‘ngra o‘zlarini portlatib yuborishgan.

Istanbuldagi muxbirimizga ko‘ra, bu hujumlar avvaldan puxta rejalangan bo‘lgan.

Qonli hodisalar ortidanoq, Otaturk xalqaro aeroportidan barcha parvozlar bekor qilingan, yo‘lovchilar esa, mahalliy mehmonxonalarga joylashtirilgandi.

Istanbuldan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, parvozlar bugun kun avvalida qayta yo‘lga qo‘yilgan, ammo qariyb uchdan biri bekor qilingan va yoki kechikishlar bilan amalga oshirilmoqda.

Rossiyalik mas’ullarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, ular ham Istanbuldagi hujumlar ortidan o‘z havo shirkatlariga Turkiyaga odatiy reyslarini bekor qilishni tavsiya qilishmagan.

Ammo, shunga qaramay, “Aeroflot” doxil aksariyat shirkatlari Istanbulga parvozlarini to‘xtatib turishgan.

Eng gavjum, ammo...

Image copyright AP

Otaturk o‘tgan yili Londonning “Hitrou” va Parijning Sharl de Golli qatorida dunyoning eng gavjum uchta xalqaro aeroportidan bittasi, deb topilgandi.

Agar, rasmiy raqamlarga tayanilsa, xuddi o‘sha yili bu xalqaro aeroportning xizmatidan 61 milliondan ortiq kishi foydalangan.

Ammo, Turkiyadagi muxbirimizga ko‘ra, Otaturk xalqaro aeroporti uzoq yillardan beri bu kabi hujumlar qarshisida ojiz, deb ko‘rib kelingan.

Ya’ni, terminalga kirishda yo‘lovchilar metall detektorlar orqali tekshirilishsa-da, mashinalar uchun bu qadar xavfsizlik choralari ko‘zda tutilmagan.

O‘z uchog‘ining urib tushirilishiga javoban Rossiya tomonidan o‘tgan yili e’lon qilingan boykot esa, shundoq ham Turkiyaning sayyohlik sohasiga jiddiy zarba bergan.

Istanbuldagi so‘nggi hujum ortidan AQSh Davlat departamenti ham Turkiyaga safar qilayotgan fuqarolariga qayta ogohlik bilan chiqqan.

Ularni jamoatchilik joylari, ayniqsa, sayyohlar bilan gavjum sathlarda ularni o‘ta hushyor bo‘lishga da’vat qilgan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.

Bu mavzuda batafsilroq