"Ahmadboydan banklar ham jabr ko‘rdi"

Image copyright screenshot
Image caption Ahmad Tursunboevning Toshkentdagi vaqtinchalik tergov hibsxonasida saqlanayotgani aytiladi

BBCga ma’lum bo‘lishicha, noqonuniy moliyaviy piramidani boshqarganlikda ayblanayotgan Ahmad Tursunboevdan jabr chekkanlar orasida faqat jismoniy shaxslar emas, balki mahalliy banklar ham bor.

Toshkentdagi Hamkorbank boshqaruviga yaqin manba’ning so‘zlariga ko‘ra, shu kunlarda Ahmadboy piramidasidan zarar ko‘rgan bankning Chinozdagi sho‘’basini taftishchilar bosgan.

Ular bankdan kredit olib, foiz ishlash uchun Ahmadboyga bergan mijozlarning hisoblarini o‘rganishmoqda.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, "Hamkorbank" ko‘rgan zararning aniq miqdori hozircha ma’lum emas, ammo bu zararni qanday qoplash borasida bank rahbariyatiga allaqachon ko‘rsatma berilgan.

"Endi bank xodimlari kechasi bilan uyma-uy yurib, kredit olgan odamlardan pulni qaytarishga yoki etkazilgan zararni mulk bilan qoplashga majburlashayapti", dedi BBCning Toshkentdagi manba’si.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xatto bank xodimlari orasida ham kredit olib, Ahmadboyga bergan yoki shaxsiy mablag‘larini piramidaga tikkan hollar aniqlangan.

15 iyun kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Ahmadboy nomi bilan tanilgan chinozlik Ahmad Tursunboevni hibsga olgan.

U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar etkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

"Ahmadboy vasvasasi"

Chorshanba kuni O‘zbekiston davlat telekanallari 30 iyun kuni Ahmad Tursunboevning noqonuniy faoliyatiga doir yangi ko‘rsatuv namoyish etilishi haqidagi e’lonni bergan.

"Ahmad vasvasasi" deb nomlangan ko‘rsatuvda uning o‘zining iqrorliklari ham yangrashi aytilgan.

Bundan avval, 16 iyun kuni efirga uzatilgan ilk ko‘rsatuvda Ahmadboydan kuyib qolgani aytilgan mijozlarning ko‘rsatmalari yangragandi.

Image caption Hamkorbank ning Chinozdagi idorasini taftishchilar bosgan

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Ahmad Tursunboevga tegishli “Chinoz Avto Hamkor” shirkati bir yil muddat ichida ikki barobar qilib qaytarish va’dasi bilan minglab omonatchilarning mablag‘larini aylantirib kelgan.

Mijozlar orasida hovli-joylari va mashinalarini sotib berganlar ham borligi aytiladi.

Davlat televideniesi namoyish etgan 6 daqiqalik ko‘rsatuvda 12 million dollardan ortiq pullarning ashyoviy dalil sifatida olingani aytilgan.

Ahmadboyning hibsga olinishi haqidagi xabar ortidan yuzlab mijozlar uning Chinozdagi uyini qurshab olganlari va mablag‘larini qaytarishni talab qilganlari aytilgan.

Ahmadboyga nisbatan qanday ehtiyot chorasi qo‘llangani ma’lum emas, ayrim xabarlarga ko‘ra, u Toshkentdagi vaqtinchalik tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

Hozirda kreditorlarning mol-mulki va naqd pullari ularga qaytarilishi yo qaytarilmasligi borasida biron rasmiy ma’lumot yo‘q.

Rasmiylar Ahmadboy piramidasidan jabr ko‘rgan mijozlar tegishli tartibda murojaat qilganlari taqdirda, ularning arizalari ko‘rib chiqilishini aytishgan.

Chinozlik suhbatdoshlarning BBCga aytishlaricha, Ahmad Tursunboevining uyi va mol-mulki mahalliy militsiyaning nazorati ostida qolmoqda.

"Odamlar pullarini, mashinalarini talab qilib borishyapti, lekin hatto ko‘chasiga kiritilmayapti ekan", - deydi chinozliklardan biri.

"Xalq banki"

Ahmadboy piramidasining qulashi internetning o‘zbek segmentida eng ko‘p muhokama qilingan mavzuga aylangan.

Image copyright screenshot
Image caption Ahmadboydan jabr ko‘rgan mijozlarning pullari qayratilish-qaytarilmasligi noma’lum

Ahmad Tursunboevning shaxsi va faoliyatiga turlicha baho bergan o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning aksari nega rasmiylar bir necha yil davomida mahalliy tadbirkorning noqonuniy faoliyatiga ko‘z yumib kelgani haqidagi savollarni ham berishgan.

Ahmadboyning faoliyatidan xabardor bo‘lganlarning aytishlaricha, u o‘z mijozlaridan pul-mablag‘larni qabul qilib olish chog‘ida fors-major holatida mablag‘larga da’vo qilmaslik haqida tilxat yozdirib olgan.

Oddiy xalq orasida Ahmadboy odamlarni rozi qilib kelgani, etim-esir va kambag‘allarga yordamini ayamagani haqidagi fikrlar ham keng tarqalgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Ahmadboy moliyaviy piramidasining rivojlanishida aholining O‘zbekistondagi bank tizimiga ishonchsizligi katta rol o‘ynagan.

Iqtisodchi Anvar Husainovning aytishicha, fuqarolar o‘z jamg‘armalaridan foyda olishi mumkin bo‘lgan muqobil qonuniy yo‘llar ishlamayapti.

"Odamlarning bolalari yuborgan pullari bor, xurmachada turgan pullarini qaergadir qo‘yib, 5-10 foiz undan foyda olish, agar to‘g‘ri yo‘lda qilinsa, halol-ku. Shunga xalq intiladi. Xalqning qondirilmagan ehtiyojini o‘sha xalqning orasidan chiqqan inson - Ahmadboy qondirgan", - deydi u.

Anvar Husainovga ko‘ra, Ahmadboyga pul bergan mijozlarning pullarini to‘liq egalariga qaytarish imkonsiz.

Uning fikricha, bu pullarning katta qismi chetga olib chiqib ketilgani ehtimoli katta.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq