Istanbuldagi hujumda yana bir o‘zbekistonlik halok bo‘lgan

Image copyright GETTY

Turkiyaning Haberturk sayti xabar qilishicha, 28 iyunda Otaturk aeroportida sodir etilgan hujumda Namangan viloyatilik Abrorjon Ustaboev ham halok bo‘lgan.

Aytilishicha, 22 yoshli Abrorjon aeroportga kelib, taksidan tushgan paytda portlash yuz bergan va u olgan jarohati orqasidan hayotdan ko‘z yumgan.

Otaturk xalqaro aeroportidagi portlash va otishma chog‘ida halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash ishlari davom etmoqda. Bundan oldin Turkiya Adliya vazirligi qurbon bo‘lganlar orqasida 39 insonning shaxsi aniqlanganini bildirgandi.

29 iyunda e’lon qilingan qurbonlar ro‘yxatida Samat Muhitdinov ismli o‘zbekistonlik borligi aytilgandi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, hodisada jabrlangan Rifat Salimov(20 yashar) O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib chiqqan. Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yaralanganlar ichida to‘rt o‘zbekistonlik bor.

Image copyright

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xodimi kecha BBC O‘zbek Xizmatiga qurbonlar va jarohatlanganlar orasida o‘zbekistonliklar borligi tekshirilayotgani, vaziyat oydinlashgach, rasmiy ma’lumot O‘zbekiston Bosh konsulligi rasmiy web sahifasida chop etilishini aytgandi. Biroq bugun Istanbuldagi O‘zbekiston konsulligi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi, telefon qo‘ng‘irog‘iga hech kim javob bermadi.

Turkiyaning Istanbul shahridagi Otaturk xalqaro aeroportidagi portlashlar 29 iyunga o‘tar kechasi sodir etilgan.

Image copyright AFP

Hodisada qirq uch inson qurbon bo‘lgan. 239 inson yaralangan. Qurbonlarning aksariyati turkiyaliklar, 13 tasi xorijlik, jumladan, Saudiya, Iroq, Eron, Iordaniya, Falastin, Tunis, Ukraina va xitoylik fuqarolar bo‘lgan.

Portlashga mas’uliyatni hozirgacha biror bir guruh zimmasiga olmagan.

Oldinroq Turkiya hukumati terroristik hujumga "Islomiy davlat" jangari guruhi, shuningdek rurd isyonchilari turgan bo‘lishi haqidagi taxminlarni aytgandi.

Dunyodagi qator davlat rahbarlari doxil O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ham Turkiya xalqiga va Prezident Erdo‘g‘onga ta’ziya bildirdi.

Turkiyada 29 iyun, chorshanba - milliy motam kuni, deb e’lon qilindi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq