"Balxashdagi hodisa Oqto‘bega bog‘liq emas"

Image copyright RIAN

Chorshanba kuni Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi 26 iyunda Balxash shahri va Gulshat qishlog‘ida "qo‘lbola portlovchi vositalar yordamida terroristik amallar"ni rejalashtirgan olti nafar radikal islomiylar ushlanganini bildirgan.

Gumonlanuvchilardan biri qo‘lga olish chog‘ida o‘zini portlatib yuborgani aytiladi.

Qozog‘iston xavfsizlik xizmatlari ma’lum qilishicha, Balxashda yuz bergan xudkushlik hujumining Oqto‘be hodisalariga bog‘liq joyi yo‘q. Qarag‘andada zararsizlantirilgan islomiy guruh a’zolari ham Oqto‘bedagi hujum tashkilotchilariga aloqador emaslar.

QXX rahbari Vladimir Jumakanovga ko‘ra, hibsga olinganlarning hammasi mahalliy fuqarolardir. Uning so‘zlariga qaraganda, gumonlanuvchilar taqiqlangan salafizm oqimi a’zolari bo‘lishgan.

Image copyright Youtube

Jumakanov shuningdek, Qarag‘anda viloyati hududida hujum uyushtirmoqchi bo‘lganlar "Oqto‘bedagi hujum ishtirokchilariga aloqador bo‘lmagan"larini alohida qayd etgan.

5 iyunda Qozog‘iston g‘arbidagi Oqto‘be viloyati markazida ikki qurol-yarog‘ do‘koni va harbiy bo‘linmaga qurolli hujum sodir etilgan. Hujumchilar olti insonni o‘ldirgan va o‘nlabini yarador etgandi. Maxsus amaliyot natijasida jinoyatda gumon qilingan 18 kishi o‘ldirilgan, sakkiztasi hibsga olingani xabar qilingan.

Prezident Nursulton Nazarboev Oqto‘bedagi hujumni radikal diniy oqim tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan terroristik amal deb atagan. Nazarboevning aytishicha, "jinoyatchilar rejani xorijdan olganlar".

Salafiylar

"Salaf" so‘zi "o‘tmish" yo "avvalgi" ma’nosini berib, salafiylar Islom dinini Muhammad Payg‘ambar(S.A.V) va uning safdoshlari tushungan tarzda tushunishni istaydilar, hamda Qur’onni simvolik talqin qilish usullari va musulmon dunyosiga G‘arb bilan yuz bergan aloqalar asosida kirib kelgan yangiliklarni rad etadilar.

Bundan oldinroq Oqto‘be xavfsizlik idorasi rahbari Nurlan Kidirbaev viloyatdagi "Salafiy" oqimi tarafdorlarining soni 1565 kishini tashkil etishi, shulardan 90 ga yaqini potentsial "jihodchi" hisoblanishini ma’lum qilgandi.

"Terakt tashkilotchilari sheriklarini aniqlash ishlari davom ettirilmoqda. "Salafiylar"ni nazorat qilishga ko‘p kuch ketadi. O‘tgan yildan buyon 32 "Salafiy"ning fikrini o‘zgartirishga muvffaq bo‘ldi. Biroq bu ishlar uchun savodli teologlar va obro‘li imomlar etishmayapti. Yangi mahalliy kadrlarni tayyorlash lozim", deb aytgan Oqto‘be xavfsizlik idorasi rahbari.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq