Sherali Jo‘rayev "Ahmadboyni tanimagan"

Image copyright youtube
Image caption Sherali Jo‘rayev "Ahmadboy piramidasining abonentlaridan" bo‘lgani iddao qilingan

O‘zbekiston Xalq Artisti Sherali Jo‘rayevning vakili uning "Ahmadboy piramidasi"ga asos solgan chinozlik Ahmad Tursunboyevning mijozlari orasida bo‘lgani haqidagi da‘volarni rad etdi.

Taniqli hofizning hozirda O‘zbekiston tashqarisida, dam olishda ekanini aytgan vakilning so‘zlariga ko‘ra, ular payshanba kuni O‘zbekiston davlat telekanallari orqali namoyish etilgan "Ahmad vasvasasi" nomli hujjatli filmda yangragan iddaolardan taajjubga tushganlar.

BBC suhbatlashgan hofizning yaqinlari ham uning Ahmad Tursunboyevni tanimagani va u bilan hech qanday muomalasi bo‘lmaganini urg‘ulashmoqda.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, "Sherali Jo‘rayevni yaqindan bilgan insonlar uning hech qachon bu kabi ishga aralashmasligini yaxshi bilishadi".

"Yosh bola"

Ayni paytda hofizning yaqinlari uning Ahmad Tursunboyevning tadbirida ishtirok etganini tasdiqlashdi.

"O‘rtoqlari aytgandi, borib, birpasda qaytib keldilar. "Tushunmadim, detdomgami, allakimga yordam berib yurgan bir yosh bola ekan", deb aytdilar deydi Sherali Jo‘rayevning yaqinlaridan biri.

Sherali Jo‘rayevning vakili O‘zTV da namoyish etilgan hujjatli film yuzasidan o‘z yuristlari bilan maslaxat qilishgani va qanday javob berish masalasini muhokama etayotganlarini bildirdi.

Payshanba kuni kechki payt davlat telekanallari orqali namoyish etilgan ko‘rsatuvda "Chinoz Avto Hamkor" shirkatining yuristi deb tanishtirilgan O.I. ismli guvoh Ahmad Tursunboyev boshqargan moliyaviy piramida mijozlari orasida katta -katta lavozimdagi shaxslar va "katta-katta artistlar" ham bo‘lganini aytib, O‘zbekiston Xalq Artisti Sherali Jo‘rayev hamda qiziqchi Mirzabek Holmedovlar nomini tilga olgan.

Filmda Sherali Jo‘rayev Ahmad Tursunboyev uyushtirgani anglashilgan tadbirda qo‘shiq aytayotgan, shuningdek, boshqa bir san‘atkor, qiziqchi Obid Asomov qadah ko‘tarib turgan sahnalar namoyish etilgan.

15 iyun kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari chinozlik 38 yoshli tadbirkor Ahmad Tursunboyevni hibsga olgan.

U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste‘mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

"Meni kechiringlar"

30 iyun kuni efirga uzatilgan ko‘rsatuv, xali tergov jarayoni davom etayotganiga qaramay, fosh etuvchi ohangda tayyorlangan.

Boshlovchining ovozi aybnomadek yangragan filmda o‘nlab guvohlar bilan bir qatorda, Ahmad Tursunboyevning o‘zi ham paydo bo‘ladi va o‘zini bankrot deb e‘lon qiladi.

"Unikini bunga, bunikini unga, shunaqa qilib, kirib ketganman. To‘g‘risi, endi bankrotga uchradim. Pul yetkazib berolmadim. Sekin-sekin, mashanaqa qilib, ko‘payib ketdi. Hozir, danniy moment qancha odamligini bilmayman", - deydi ayblanuvchi sifatida tanishtirilgan Ahmad Tursunboyev.

Image copyright screenshot
Image caption "Bankrot bo‘ldim. Pushaymonman..."

Ahmad Tursunboyevni hibsga olish chog‘ida uning uyidan 13 milliard 139 million so‘m va 12 million AQSh dollari musodara qilingani aytilgan.

Filmda Ahmadboyning "bir necha oy ichida qad ko‘targan villasi", unga tegishli ekani aytilgan qimmatbaho mashinalar namoyish etilgan.

Boshlovchi Ahmadboyning bir necha 100 million turadigan Cadillac rusumli mashinada shahar kezishni yoqtirganini ham aytadi.

Filmning kulminatsiyasida Ahmad Tursunboyev mijozlaridan uzr so‘raydi.

"Men aholidan uzrimni so‘rayman. Qilgan ishimdan pushaymonman", deydi u.

Ammo na uning o‘zi va na film mualliflari hibsga olish chog‘ida musodara qilingan millionlab mablag‘larning taqdiri nima bo‘lishi, aholining omonatlari qaytarilib-qaytarilmasligi haqida hech narsa deyishmaydi.

Film boshlovchisi agar firibgarlik "o‘z vaqtida fosh etilmaganida, yana minglab odamlar jabr ko‘rishi mumkin edi", deydi.

Ammo...

Xalq orasida Ahmadboy nomini olgan Ahmad Tursunboyevning moliyaviy piramidasi fosh etilgunicha 4-5 yil faoliyat olib borgan va o‘n minglab mijozlarga xizmat ko‘rsatgan.

Filmda "Chinoz Avto Hamkor" mas‘uliyati cheklangan jamiyatning hisobchi va qorovullari deb tanishtirilgan shaxslarning guvohlik berishicha, Ahmad Tursunboyevning oldiga kuniga 500-600 nafargacha odamlar kelishgan.

"Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, odamlar pul topshirish uchun Ahmadning eshigida ikki kunlab navbat kutadigan bo‘lishdi", deyiladi filmda.

Image copyright screenshot
Image caption Musodara qilingan pullarning egalariga qaytarilishi haqida gap-so‘z yo‘q

"Shunday muhit yaratilganki, bu yerga kelgan mijoz o‘zini bankka omonat qo‘ygani kelganday his qiladi. Eshik oldida 4-5 nafar qorovul, har tomonda kuzatuv kameralari, hujjat orqali ichkariga kiritilgan. Ichkarida esa banklarda bo‘lgani kabi sahnalar mijozda hech qanday shubha qoldirmaydi".

Film mualliflarining aytishicha, Ahmad Tursunboyev avval hamma ishni bir o‘zi boshqargan, keyin esa mijozlar soni ko‘payib borgani barobarida yaqin qarindoshlari va mahalliy aholi vakillarini yollagan.

Jumladan, uning yonida avval katta-katta davlat idoralarida ishlagan sobiq mulozimlar, xususan, soliq va militsiyadan chiqqan odamlar paydo bo‘lishadi.

Filmda ulardan ikki nafari- Chinoz tuman hokimining sobiq yordamchisi va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi sobiq yuqori martabali zobiti guvohlik berishgan.

Ularning ikkalasi ham Ahmad Tursunboyevning "jinoiy sheriklari" sifatida ayblanayotganlari aytilgan.

Vijdonsiz rahbarlar

Filmda mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot idoralari sha‘niga hozirga qadar eshitilmagan tanqidiy fikrlar yangragan.

Jumladan, kasbi o‘qituvchi bo‘lgan ayol "Hokim, ichki ishlar hozirgacha Ahmadboyni nega tekshirmadi? Oddiy xalq perashka sotsa, soliqchi yugurib keladi, nega Ahmadboyni hech kim ushlamadi hozirgacha?" degan savollarni beradi.

"Men vijdonsiz mansabdor shaxslarni ayblayman", deydi V.V. ismli ayol.

Ammo filmda "vijdonsiz mansabdor shaxslar" ko‘rsatilmaydi.

Boshlovchi bu savollarni rasmiylarga havola qilish o‘rniga ularni ritorik bir shaklda qaytarish bilan kifoyalanadi, xolos.

Filmda bu va boshqa, xususan, aholining pullariga nima bo‘ladi, degan asosiy savolga javob yo‘q.

Ammo film mahalliy mansabdorlar, huquq-tartibot idoralari vakillarini firibgarlik va jinoiy amallarga nafaqat ko‘z yumib kelganlik, balki sheriklikda ham ayblaydi.

"Achchiq saboq"

Ahmad Tursunboyevning jiyani deb tanishtirilgan shaxsning aytishicha, odamlar juda katta risk qilishayotgani va bir kun kelib "hammasi shunday tugashini bilishardi".

"Odamlar xali ishinglar yaxshimi, yana pul topshirsak bo‘ladimi, deb so‘rashardi. Shunday bo‘lishini hamma aholi bilardi", deydi "Chinoz Avto Hamkor"ning sobiq xodimi.

Image caption Ahmadboyning piramidasidan banklar ham jabr ko‘rgani aytilmoqda

Filmda Ahmadboyga shogird tushib "biri ikki bo‘lgan Yunusali"ning hikoyasi berilgan.

Aytilishicha, "molbozorda dallollik qilgan Yunusali" Ahmadboyga shogird tushgach, misli ko‘rilmagan darajada boyib ketgan.

"O‘rtamiyona hayot kechirgan Yunusali 1-2 yil ichida dang‘illama hovli qurib, yangi avtomashinalar olib, to‘kin hayot kechirgani osmondan tushgan baxt emasligi kunday ravshan", deydi boshlovchi.

Filmda jinoiy surishtiruv va tergov ishlari davom etayotgani, Ahmad Tursunboyev va jinoiy sheriklari qilmishi uchun jazo olishi urg‘ulanadi.

"Ammo aldanganlar, jabrlanganlar-chi?" deb so‘raydi boshlovchi va ular uchun bu "achchiq bir saboq" bo‘lishini aytadi.

Filmda O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining o‘rinbosari, Shayx Abdulaziz Mansur Ahmad Tursunboyevning faoliyatini sudxo‘rlik deya baholagan.

Ulamoning so‘zlariga ko‘ra, Islom dinida bu "Olloh va uning Payg‘ambariga urush e‘lon qilish"ga tenglashtiriladi.

Taftish

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekiston tarixida eng yirik moliyaviy piramidani boshqargani aytilayotgan Ahmad Tursunboyevdan jabr chekkanlar orasida faqat jismoniy shaxslar emas, balki mahalliy banklar ham bor.

Toshkentdagi Hamkorbank boshqaruviga yaqin manba‘ning so‘zlariga ko‘ra, shu kunlarda Ahmadboy piramidasidan zarar ko‘rgan bankning Chinozdagi sho‘‘basini taftishchilar bosgan.

Ular bankdan kredit olib, foiz ishlash uchun Ahmadboyga bergan mijozlarning hisoblarini o‘rganishmoqda.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, "Hamkorbank" ko‘rgan zararning aniq miqdori hozircha ma‘lum emas, ammo bu zararni qanday qoplash borasida bank rahbariyatiga allaqachon ko‘rsatma berilgan.

"Endi bank xodimlari kechasi bilan uyma-uy yurib, kredit olgan odamlardan pulni qaytarishga yoki yetkazilgan zararni mulk bilan qoplashga majburlashayapti", dedi BBCning Toshkentdagi manba‘si.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xatto bank xodimlari orasida ham kredit olib, Ahmadboyga bergan yoki shaxsiy mablag‘larini piramidaga tikkan hollar aniqlangan.

Moliyaviy piramidalar 1990-yillar boshida, Sovet Ittifoqining qulashi barobarida aholining ommaviy qashshoqlashuvi va bank-moliya tizimining falajlanishi manzarasida paydo bo‘lgan fenomen sifatida bilinadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Ahmadboy moliyaviy piramidasining paydo bo‘lishi va rivojlanishida aholining O‘zbekistondagi bank tizimi va umumiyat-la, moliyaviy va iqtisodiy institutlarga ishonchsizligi katta rol o‘ynagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq