Ozoda Rahmon boylarga ehson qilishni topshirdi

Image copyright mfa.tj

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning qizi va uning ma‘muriyati rahbari Ozoda Rahmon amaldorlar, tadbirkorlar va musulmon ulamolarni mamlakatdagi kam ta‘minlangan va kambag‘al-muhtoj kishilarga "fitr sadaqasi" berish majburiyatini topshirdi.

Ozoda Rahmon tomonidan imzolangan maxsus qarorda ta‘kidlanishicha, davlat mulozimlari, diniy idora vakillari va tadbirkorlar nafaqat Tojikistondagi kam ta‘minlangan oilalarga yordam ko‘rsatishlari lozimgina bo‘lib qolmasdan, bu topshiriqni qanday bajarganlari bo‘yicha davlat idoralari oldida hisobot ham berishlari kerak.

Farmonning bajarilishini nazorat qilish din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga yuklatilgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, Tojikistonda 18 ming davlat xizmatchisi va to‘rt ming imom xatiblar bor.

Kam ta‘minlangan fuqarolarga yordam ko‘rsatish g‘oyasi Tojikistonda birinchi bor amalga oshirilmoqda. Oldinroq Prezident Rahmon bir necha bor mamlakatdagi o‘ziga to‘q insonlarni ehson qilish va kambag‘al fuqarolarga yordam berishga chaqirgan, biroq bu chaqiriqlar ko‘proq taklif-maslahat mazmuni kasb etgan edi.

Endilikda tojik amaldorlari, biznesmen va diniy ulamolar muqaddas Ramazon oyi tugashi munosabati bilan rasman bayram xayriyasi amalga oshirishlari va bu haqda tegishli idoralarga hisob berishlari talab etiladi.

Tojikistonda Iyd al Fitr 6 iyulda nishonlanishi e‘lon qilindi. Musulmonlar bu kuni Hayit namoziga chiqadilar. Hamda muhtojlarga fitr sadaqasi ulashadilar.

Avvalroq Tojikiston Islom markazi ulamolar kengashi har bir kishi berishi lozim bo‘lgan fitr sadaqa miqdorini 5 somoni(bir dollardan kamroq) qilib belgilagandi.

Iyd al Fitr Islom diniga binoan musulmonlarning asosiy ikki bayramidan biri bo‘lib, ikki oydan so‘ng Qurbon bayrami o‘tkaziladi. Hayit uch kun davom etadi. Hayit kunlari mehmonlar chaqiriladi, mehmonga boriladi, marhumlarning qabri ziyorat qilinadi, sovg‘alar, sadaqalar ulashiladi va ginalar unutiladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq