Rossiya Turkiyaga nisbatan sayyohlik sanktsiyalarini bekor qildi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiyaga nisbatan sayyohlikka aloqador jazo choralarini bekor qilish bo‘yicha farmonni imzolagan. Cheklovlar 2016 yil 1 yanvarda kiritilgan edi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi va fuqarolarini milliy xavfsizligini jinoiy va boshqa noqonuniy harakatlardan himoya qilish hamda Turkiya Respublikasiga nisbatan maxsus iqtisodiy choralar qo‘llash haqidagi 2015 yil 28 noyabrdagi farmonga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qarorni imzoladi, deyiladi Kreml saytida.

O‘zgartirishlar xususan farmonning 4 bandiga taaluqli bo‘lib, Rossiya fuqarolarining Turkiyaga sayyohlik tashriflarini amalga oshirishga cheklovlar olib tashlanadi.

Xabarda aytilishicha, farmon e‘lon qilingan vaqtdan boshlab kuchga kirgan hisoblanadi.

Shu tariqa Rossiya Turkiya bilan turizm sohasida hamkorlikni tiklab, bu mamlakatga sayohat qilish uchun chiptalarni sotish yo‘lga qo‘yiladi.

Bu yil yozda Turkiya turizm sanoati salmoqli moliyaviy yo‘qotishlarga duch keldi.

Jazo choralari Rossiyaning Su24 harbiy uchog‘i Suriya bilan chegarada Turkiyaning qiruvchi uchog‘i tomonidan urib tushirilgandan so‘ng kiritilgan edi.

29 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on telefon orqali so‘zlashganlar. Bu Rossiya harbiy uchog‘i urib tushirilishi va ikki mamlakat munosabatlari yomonlashishidan buyon rahbarlarning ilk yakkama-yakka muloqoti bo‘lgan.

Bundan oldin Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Prezident Putin Prezident Erdo‘g‘on bilan telefon muloqotida Istanbulning Otaturk xalqaro aeroportiga qilingan va 40 dan ortiq inson umriga zomin bo‘lgan hujumni qoralagani haqida xabar qilgan edi.

So‘zlashuv payti Prezident Putin, Rossiya hukumati Turkiya hukumati bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini qayta tiklash maqsadida muzokaralarini boshlaydi, deb va‘da bergan.

Rossiya o‘z sayyohlari tomonidan Turkiyaga safar qilishi yo‘lida kiritilgan cheklovlarni olib tashlashni rejalashtirayotgani ham xabar qilingan.

"Turkiya hukumatining Turkiya hududida Rossiya fuqarolarining xavfsizligini ta‘minlash yo‘lida qo‘shimcha qadamlarni qo‘yishi" maqsadga muvofiq bo‘lishi ta‘kidlangan Kreml e‘lon qilgan bayonotda.

Rossiya va Turkiya munosabatlari 2015 yil noyabrida yomonlashdi.

Bunga Turkiyaning Suriyadagi harbiy havo hujumlarida qatnashayotgan RossiyaningSu-24 harbiy uchog‘ini urib tushirgani sabab bo‘ldi.

Turkiya tarafiga ko‘ra, Rossiya uchog‘i Turkiyaning havo hududini buzib kirgan va Rossiya uchuvchisi ogohlantirishlarga hech qanday eavob bermagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa o‘zining qiruvchi uchog‘i Suriya hududidan chetga chiqmaganini aytgan.

Ushbu hodisani Prezident Putin "orqaga urilgan pichoq" deb ta‘rifladi.

Turkiya meva-sabzavotining Rossiyaga olib kiritilishiga taqiq kiritildi.

Shuningdek, Rossiya sayyohlarining Turkiya sohillarida dam olishlari ham taqiqlandi.

Rossiyadagi qurilishlarda band bo‘lgan Turkiya qurilish shirkatlarining faoliyati ham cheklandi.

Rossiya Prezident Erdo‘g‘onning urib tushirilgan uchoq uchun rasman kechirim so‘rashini talab qildi.

27 iyun kuni Prezident Erdo‘g‘onning Prezident Putinga maktub yo‘llagani ma‘lum bo‘ldi.

Bu maktubda Turkiya prezidentining rossiyalik uchuvchi o‘limidan afsusda ekani yozilgani xabar qilindi.

Prezident Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov so‘zlariga ko‘ra, Prezident Erdo‘g‘on rossiyalik uchuvchi o‘limi uchun Prezident Putindan kechirim so‘ragan.

Rossiya tarafi uchuvchi o‘limida ayblanayotgan Turkiya fuqarosiga nisbatan tergov "ob‘ektiv" olib borilishiga umid bildirgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring