"O‘zbekistonda korruptsiyaga qarshi kampaniya tanlovli"

Image copyright Thinkstock

Xalqaro Transparensi tashkiloti O‘zbekistonni eng korruptsiyaga botgan va korruptsiyani yo‘q qilish uchun hech qanday chora ko‘rmayotgan mamlakat deb ta‘riflab keladi.

“Ochiq jamiyat" jamg‘armasi "O‘zbekistondagi korruptsiya” darajasi borasida xisobot chiqargan.

O‘zbekistonda kuzatilayotgan ayrim hodisalar hukumatning korruptsiyaga qarshi kurashi sifatida taqdim etilmoqda.

Biroq, xisobot mualiflarining fikricha, mamlakatdagi qudratli guruhlar shu yo‘l bilan o‘ziga raqib guruhdan qutulish, o‘zining yo‘lidan chetga surib qo‘yish, kuchsizlantirishga intiladilar

O‘zbekistondagi korruptsiya miqyosi borasida aniq tassavurga ega bo‘lish mumkinmi?

Xisobot mualiflaridan biri, Ekzeter universiteti tadqiqotchisi Devid Lyuis.

Devid Lyuis: O‘zbekistondagi korruptsiya borasida aniq bir tasavvurga ega bo‘lish juda qiyin. Chunki korruptsiya haqida gapirganimizda, uni turli qismlarga ajratishimiz kerak bo‘ladi. Ya‘ni ofshor bank xisoblarini o‘z ichiga olgan yuqori lavozimlilar ichida korruptsiya mavjud, millionlab dollarli korruptsiya hollari va GAI xodimiga pora berish kabi mayda holatlar -bularning bari korruptsiyaning rang-barang jihatlari deb atash mumkin. Boshqa tomondan, ushbu holatlarni yoritmoqchi bo‘lgan qator jurnalistlar va faollar qattiq bosimga duch kelganlari bois biz O‘zbekistondan mukammal ma‘lumotlarni ololganimiz yo‘q. Hukumat ham yetarlicha shaffoflik bilan yondashmayapti. Albatta, biz o‘z xisobotimizda har tomonlama tahlil berishga uringanmiz, biroq, hukumat bu sohada biz bilan hamkorlik qilmagan.

BBC: Korruptsiya dunyo bo‘ylab ma‘lum darajada tarqalgan, O‘zbekistondagi korruptsiyaning o‘ziga xosligi nimadan iborat?

Devid Lyuis: Ha, to‘g‘ri, biz ham faqat xisobotimizda korruptsiya O‘zbekistonga taaluqli deb aytmaganmiz, biz O‘zbekiston rol o‘ynayotgan global miqyosdagi korruptsiyani tahlil qilganmiz. Ovro‘poning ofshor tizimlaridan boshlab Shimoliy Amerikagacha barcha o‘yinchilar dunyo bo‘ylab korruptsion tizimga aralashganlar. Biroq O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni joriy etish bo‘yicha eng orqada qolib ketgan mamlakatlardan biri bo‘lib, bu mamlakatda korruptsiya gullab-yashnashiga yo‘l qo‘yuvchi ma‘lum bir sistema shakllanib bo‘lgan. Buning ustiga, mavhum qonunlar tadbirkorlikning rivojlanishiga hamda chegara osha savdoga oid cheklovlarning joriy etilishi mamlakat ichida korruptsion siyosiy-iqtisodiy tizimning yaratilishiga xissa qo‘shgan.

BBC: Biroq, O‘zbekiston hukumati o‘tmishda va bugungi kunda korruptsiyaga qarshi urush e‘lon qilgan va qilmoqda, misol uchun telekom sohasidagi korruptsiya uchun javobgar bo‘lgan shaxslarni jazolagan. Bunga nima deysiz?

Devid Lyuis: To‘g‘ri, xozirda hukumat ishlab chiqqan anti-korruptsion reja amalga oshirilmoqda va bu ijobiy natija berishiga biz faqat umid qilishimiz mumkin. Texnik nuqtai nazardan kichik natijalarga erishilgan. Biroq, mazkur kampaniya ko‘proq siyosiy tus olgan. Korruptsiya bilan kurash shiori ostida hukumat nomaqbul shaxslarni jazolashga harakat qilmoqda. Natijada butun sistema o‘zgarmasdan qolayotir. Ya‘ni, kelajakda boshqa shaxslarning ishtirokida xuddi shunga o‘xshash muammolar paydo bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston muntazam va muttasil islohotlarga muhtoj.

BBC: Ya‘ni, siz O‘zbekistonda mazkur kampaniya selektsion ya‘ni tanlovli yondashuvni amalga oshirmoqda demoqchimisiz?

Devid Lyuis: Xuddi shunday, tanlab yoda ayricha yondashuvda qonunga rioya qilinmasdan, ba‘zi shaxslarni nishonga olishadi. Bular orasida, siyosiy xayrixohlikdan mahrum bo‘lgan yoda raqib biznes guruhlari tomonidan nishonga olinganlardir. Ya‘ni korruptsiyaga qarshi kampaniyani O‘zbekiston ichidagi turli siyosiy elitalar o‘rtasida o‘zaro ichki kurash deb ta‘riflash mumkin. Bu harakatlarni - korruptsiyani o‘zbek jamiyatida tag-tugi bilan yo‘qotishga qaratilgan harakatlar deb aytib bo‘lmaydi. Eng tepadan boshlab butun tizimni o‘zgartiradigan islohotlar amalga oshirilishi kerak. Biz esa faqat ayrim mahkama jaaryonlariga guvoh bo‘layapmiz, xolos.

BBC: Siz boshida militsiya xodimiga pora berilayotgani haqida aytib o‘tdingiz. Ba‘zi qarashlarga ko‘ra, kambag‘al mamlakatlarda poraxo‘rlik davlat muassasalariga singib ketgan voqe‘likdir. Bu kabi qarash O‘zbekistonga qanchalik taaluqli?

Devid Lyuis: Darhaqiqat, politsiya yoki militsiya xodimlari kam maosh olayotganlari sabab zo‘rg‘a hayot kechirayotganlari mumkin. Ko‘p hollarda qiyin vaziyatdan chiqish uchun inson ifodalab bo‘lmaydigan chora ko‘rishga ya‘ni pora berishga majbur bo‘ladi. Aksar odamlar uchun poraxurlik ularni ezadigan va zulm qiladigan davlatni chetlab o‘tishning yagona yo‘li bo‘lib qoldi. O‘z ishlarini bitirish uchun, misol uchun, hujjatlarini o‘z vaqtida olish yoki biror narsaga erishish maqsadida odamlar pora berishga o‘rganib qolganlar va buni tushunsa bo‘ladi. Bu darajadagi poraxo‘rlik yuqori darajada sodir etilayotgan korruptsiyadan farq qiladi. O‘zbekistonda siyosiy qudratga ega bo‘lgan biznes elitalarda biz misli ko‘rilmagan korruptsiyaga guvoh bo‘layapmiz. Albatta poraxo‘rlikni barcha pog‘onalarda yo‘q qilish kerak. Toki iqtisod tiklanmaguncha, davlat organlari maoshlari yetarli bo‘lmaganga qadar past darajadagi korruptsiyani ham yengib bo‘lmaydi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring