Obid Asomov: "Aybimiz to‘yda xizmat qilganimizmi?"

Image caption Obid Asomov ko‘plab san‘atkorlar qolib, “chertib-chertib” o‘zini tilga olishganidan hayronligini aytgan.

O‘zbekiston televideniyesida 30 iyun kuni namoyish etilgan "Ahmadboy vasvasasi" filmida Ahmad Tursunboyevning mijozlari orasida ko‘plab taniqli shaxslar ham sanab o‘tilgan.

Qiziqchi Obid Asomov filmda o‘zining surati alohida ko‘rsatilganidan taajjubda ekanini aytgan.

"Ahmadboy vasvasasi" filmining 20-daqiqalarida qiziqchi Obid Asomovning to‘ydagi chiqishi aks etgan suratni ko‘rish mumkin.

Obid Asomov Instagram tarmog‘idagi sahifasida shunday yozadi:

“Kecha kechqurun xuddi yoz kunida qor yog‘gandek bo‘ldi! Bugun butun mamlakatimizda salomdan keyin bir savol" ko‘rdingmi?" Ha, yana Ahmadboy mashmashasi! Aslida bu ko‘rsatuvga munosabat bildirmasdim, lekin telefonim tutab ketdi! Butun dunyodan qo‘ng‘iroqlar! Men ham ko‘rdim shu ko‘rsatuvni, faqat ba‘zi joylariga tushunmadim! Firibgar ushlanibdi, jinoyati fosh bo‘libdi, jazo olishi muqarrar lekin... Biz sanьatkorlar nima qilib yuribmiz? Tushunmagan tomoshabin bizni ham hamtovoqqa chiqarib qo‘yyapti! Aybimiz to‘yda xizmat qilganimizmi?

Avvalo, to‘y o‘tgan yili, yanglishmasam, noyabr oyida bo‘lgan edi! Menga “shunaqa bir boy yigit o‘zini farzandiga qo‘shib, “detdom”dan yetim bolalarni ham sunnat qilib beryapti”, deyishdi. Juda katta to‘yxona, kamida ikki ming kishi bo‘ldiyov! San‘atkorlar juda ko‘p, “tv”ga tanlab-tanlab qo‘yishibdi! Tushunaman... Ahmadboyni o‘sha kuni tanidim!!

To‘yxonada har soha vakillari, kazo-kazolardan tortib, televideniye xodimlarigacha bor edi! Odam ko‘pligidan militsiya xodimlari tartibga sololmadi! Biz sanьatkormiz, aytilgan joyga boramiz! "Biznesmen"mi, olimmi, hammolmi tanlanmaydi, hurmat qilib aytildi, uyog‘i tirikchilik!

Endi boshqa savol, xo‘p bu yigit qallob ekan, nega besh yil qo‘yib berishdi? Ko‘proq pul yig‘ilishini poylashdimi? Eng asosiysi pul bergan boylar yo‘lini topib ketar, oxirgi sigirini sotib topshirganlar nima qilarkin! Puli qaytib berilarmikan? Haqiqat qaror topishiga ishonaman! Shaxsan men hech narsani u yigitga topshirganim yo‘q!! Lekin o‘sha to‘ydan unutilmas voqea, to‘y oxirida o‘sha kuni kiygan yangi tufligimni kimdir ilib ketdi! Ahmadboy uyidan o‘zining tufligini olib chiqib berdi! Tufli uyda, mabodo kerak bo‘lsa!

Men yo‘qotgan tufligimga roziman! Alloh hammamizga insof bersin! Va nihoyat TV xodimlariga alohida rahmat, besh yil TVdan chiqmaganimni hissasini chiqarishdi, to‘rtta kanalda ketma ket ko‘rindim. Ramazon muborak!!"-deb yozadi taniqli qiziqchi Obid Asomov Instagramda.

Obid Asomovning fikrlariga yuzdan ortiq izohlar qoldirilgan.

"Obid aka tuflini bir yilda ikkita qilib berish sharti bilan olmagandingizmi? Ular shuni registratsiyasini izlamoqda", deya kulguni belgisini qoldiradi birovi. Izohlarning aksariyati shunday hazilomuz mazmunda bo‘lib, qiziqchini quvvatlashgan.

Bundan tashqari Kun.uz saytiga ko‘ra, Obid Asomov ular bilan bog‘lanib, "ushbu ko‘rsatuvda nega san‘atkorlarning aralashtirganligiga tushunmaganligi, Ahmadboyning yaxshi kunlarida xizmat qilgan ko‘plab san‘atkorlar qolib, “chertib-chertib” Obid Asomovni tilga olishganiga hayron qolganligi”ni aytgan.

"Axir kasbimiz shu, bizni xizmatga aytib kelishsa, bormayman, deb turib olmaymiz-ku? Yaxshi kunlariga taklif qilib kelgan muxlislarni ko‘ksidan itarmaymiz-ku?!” - degan Obid Asomov shuningdek.

Image copyright youtube
Image caption Sherali Jo'raevning yaqinlari u Ahmad Tursunboyevni tanimaganini aytishgan.

"Ahmadboy vasvasasi" filmidagi qahramonning aytishicha, Ahmadboyning mijozlari orasida Mirzo Xolmedov, Sherali Jo‘rayev kabi taniqli kishilar, boshqa yana bir qancha san‘atkorlar ham bo‘lgan.

Biroq kecha O‘zbekiston Xalq Artisti Sherali Jo‘rayevning vakili uning "Ahmadboy piramidasi"ga asos solgan chinozlik Ahmad Tursunboyevning mijozlari orasida bo‘lgani haqidagi da‘volarni rad etdi Bi-bi-siga.

Taniqli hofizning hozirda O‘zbekiston tashqarisida, dam olishda ekanini aytgan vakilning so‘zlariga ko‘ra, ular payshanba kuni O‘zbekiston davlat telekanallari orqali namoyish etilgan "Ahmad vasvasasi" nomli hujjatli filmda yangragan iddaolardan taajjubga tushganlar.

Bi-bi-si suhbatlashgan hofizning yaqinlari ham uning Ahmad Tursunboyevni tanimagani va u bilan hech qanday muomalasi bo‘lmaganini urg‘ulashgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, "Sherali Jo‘rayevni yaqindan bilgan insonlar uning hech qachon bu kabi ishga aralashmasligini yaxshi bilishadi".

Image copyright screenshot
Image caption Ahmad Tursunboev "moliyaviy piramida" tuzishda ayblanmoqda.

15 iyun kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari "moliyaviy piramida" tuzgan chinozlik 38 yoshli tadbirkor Ahmad Tursunboyevni hibsga olgan.

Ahmadboy Tursunboyev O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste‘mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq