Kuydirgi bois chegarada veterinar nazorat kuchaytirilgan

O‘zbekiston rasmiylari Qozog‘istonda kuydirgi holatlari aniqlangani munosabati bilan O‘zbek-Qozoq chegarasida veterinariya nazoratini kuchaytirganlarini aytmoqdalar.

Qozog‘iston rasmiylari iyun oyi o‘rtalarida Qarag‘anda viloyatida 8 inson kuydirgini yuqtirgani, ularning ikki nafari hayotdan ko‘z yumganini tasdiqlaganlar.

19-20 iyun kunlari Qarag‘anda viloyatining "Erkindik" qishlog‘ining 9 yashovchisi kuydirgi xastaligini yuqtirgan degan gumon bilan shifoxonaga yotqizilganlar.

Ular orasida 10 yoshli bola ham bo‘lgan.

Iyun oyi boshida Olma-Ota viloyatining Qirbuloq tumanida ham uch kuydirgi holati aniqlangani haqida Olma-Ota viloyati Sog‘likni saqlash boshqarmasi 5 iyul kuni xabar tarqatgan.

O‘zbekiston tibbiyot rasmiylari Qozog‘istonning O‘zbekistonga qo‘shni Janubiy Qozog‘iston viloyatida ham insonlarning halokatli kasallikni yuqtirgani haqidagi xabarlar tarqalgani ortidan ikki mamlakat chegarasida nazoratni kuchaytirishga qaror qilganlarini aytganlar.

O‘zbekistonning o‘zida ham kuydirgi holatlari aniqlangani haqidagi xabarlar tarqalgan.

Shunday xabarlardan biri Toshkent shahrining Uchtepa tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi bilan bog‘liq bo‘lgan.

BBC bilan suhbatda shifoxona navbatchi vrachi yotqizilgan ayol kuydirgini yuqtirgan deb gumon qilingani, biroq bu gumon tasdiqlanmaganini aytgan.

"Tekshirishlar shuni ko‘rsatdiki, bemor ayoldagi kasallik kuydirgi emas, saramas kasalligi ekanligi aniqlandi. Bemorning kuydirgi kasalligi bilan og‘rigani haqida taxminlar butunlay tarqaldi", deb aytdi shifokor BBCga.

(Saramas -teri, shilliq pardalar va teri limfa tomirlarining yallig‘lanishi, o‘tkir yuqumli kasallik)

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda turli vahimali suratlar tarqalgan.

BBCga yuborilgan bir xabarda aytilishicha, 1 iyul kuni Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev shaxsan vazirlikda majlis o‘tkazgan va kuydirgi oldini olish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Ayni paytda Toshkentda mol go‘shti bilan savdo qiladigan do‘konlar, oziq-ovqat shoxobchalari tekshirilayotgani aytilmoqda.

Kuydirgi

Kuydirgi – o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar guruhiga kiruvchi, odamlar uchun ham, hayvonlar uchun ham birdek xatarli bo‘lgan xastalik hisoblanadi.

Kasallikni kuydirgi tayoqchasi qo‘zg‘atadi.

U tashqi muhitda spora holida uchraydi, suv va tuproqda 10 yilgacha yashash qobiliyatiga ega.

Kasallikning manbai asosan kasallangan uy hayvonlari – qoramol, ot, qo‘y, tuya, echki va cho‘chqa hisoblanadi.

Kasal hayvonlarda kuydirgi tayoqchasi hayvonning hamma organlariga kirib boradi va peshobi, najasi bilan tashqi muhitga chiqib, tuproq, yem-xashak, suv havzasini iflos qilib, kasallik tarqalishiga sabab bo‘ladi.

Odamga esa, veterinariya xizmati xodimlari ko‘rigidan o‘tmagan hayvonlarni so‘yib, terisini shilganda, go‘shtini nimtalaganda va yaxshi pishirmay, iste‘mol qilgan paytda yuqishi mumkin.

Kasallik asosan yoz-kuz fasllarida uchraydi va odamga yuqqandan keyin bir necha soatdan to 14 kungacha yashirin davri bo‘lib, bunda bemorlar shikoyat qilmaydilar.

Kasallikning qaysi yo‘l bilan yuqishiga qarab, teri, o‘pka, ichak va septik (qonda) turlari mavjud bo‘lib, asosan, 95-98 foiz teri shakli uchraydi.

Kuydirgining, ayniqsa, o‘pka turi odamlarda nihoyatda og‘ir kechadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq