"Breksit liderlari kemani tashlab qochayaptilar"

Image copyright Reuters

Ovro‘po Komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker Britaniyada Ovro‘po Ittifoqidan chiqish kampaniyasiga yetakchilik qilgan siyosatchilarning o‘zlarini tutishlarini tanqid qildi.

London shahrining sobiq hokimi Boris Jonson hamda Britaniya Mustaqil Partiyasi UKIP rahbari Nayjel Farajning iste‘folarini cho‘kayotgan kemani tashlab qochishga qiyoslagan Ovro‘po Komissiyasi raisi.

Britaniyada 23 iyun kuni Ovro‘po Ittifoqi tarkibida qolish yoki chiqish masalasida referendum o‘tkazildi.

Bosh vazir Devid Kemeron, muxolifatdagi Leyboristlar partiyasining lideri Jeremi Korbin va mamlakatning qator ko‘zga ko‘ringan siyosatchilari, biznesmenlari va yirik shirkatlari OI tarkibida qolishga chaqirdilar va shu maqsadda targ‘ibot yuritdilar.

Qudratdagi Konservativ partiya namoyandalari Boris Jonson, Adliya vaziri vaziri Maykl Gov, UKIP yetakchisi Nayjel Faraj va boshqalar Britaniyaning Ovro‘po Ittifoqidan chiqishi - Breksit afzalligi haqida gapirdilar, ittifoq tarkibida bo‘lgani uchun Britaniyaga butun Ovro‘podan muhojirlar kelib, ishlamasa ham nafaqa talab qilayotganlari, Ovro‘po Ittifoqi byudjetiga Britaniya qo‘shib turgan mablag‘ mamlakatning o‘zida qolsa, har haftada bir shifoxona qurish mumkin, deb aytdilar.

Yetakchi iqtisodchilar, davlat statistika idoralari Breksit kampaniyasi liderlarining bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdilar, ittifoq tarkibidan chiqish Britaniya iqtisodiyotiga zarar keltirishidan ogohlantirdilar.

23 iyun kungi referendumda 52 foiz ishtirokchi Breksit uchun, 48 foiz esa Britaniyaning OI tarkibida qolishi uchun ovoz berganlari e‘lon qilindi.

Referendum natijasi e‘lon qilinishi bilan Bosh vazir Devid Kemeron uch oy ichida o‘z lavozimini tark etishini ma‘lum qildi, Britaniyaning OIdan chiqishi bilan bog‘liq jarayonni o‘zidan keyingi bosh vazir boshlashi lozimligini aytdi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Breksit liderlaridan biri bo‘lgan Boris Jonson o‘z nomzodini bosh vazirlikka ilgari surmasligi haqida bayonot bilan chiqdi.

4 iyul kuni esa UKIP yetakchisi Nayjel Faraj partiya rahbarligidan iste‘fo berdi, o‘zining maqsadiga yetganini aytdi.

Britaniyaning OIdan chiqish qarori Ovro‘po Parlamentining aksar a‘zolarini g‘azablantirdi.

Ovro‘po Parlamentida so‘zlar ekan, Ovro‘po Komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker, "kechagi Breksit qahramonlari bugun ahvoli voy qahramonlarga aylandilar", degan.

"Vatanparvarlar ahvol og‘irlashganda iste‘foga chiqmaydilar, ular turib beradilar", deb aytgan u.

Breksit kampaniyasidagilar Britaniyani olib chiqishning rasmiy jarayonini boshlash o‘rniga nega kutib turishna afzal ko‘rishayotgani sababini tushunmayapman, degan Jan-Klod Yunker.

"Rejani ishlab chiqishning o‘rniga ular kemani tark etayaptilar", deb aytgan Ovro‘po Komissiyasi raisi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring